Koinotda simsiz quvvatlash: Star Catcher fazoda noyob sinov oʻtkazadi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Star Catcher Industries 2026-yil oktabr oyida Protostar nomli eksperimental sunʼiy yoʻldoshni fazoga uchirib, orbitada mustaqil harakatlanuvchi ikkita kosmik apparat oʻrtasida simsiz energiya uzatish texnologiyasini ilk bor sinovdan oʻtkazadi.
- Ushbu sinov muvaffaqiyatli boʻlsa, koinotda oʻziga xos energiya tarmoqlarini yaratish yoʻlidagi muhim qadam tashlanadi.
AQShning Star Catcher Industries kompaniyasi orbitada mustaqil harakatlanuvchi ikkita kosmik apparat oʻrtasida simsiz energiya uzatish texnologiyasini ilk bor sinovdan oʻtkazishga hozirlik koʻrmoqda. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, Protostar deb nomlangan eksperimental sunʼiy yoʻldoshni 2026-yil oktabr oyida Vandenberg bazasidan SpaceX Transporter-18 missiyasi doirasida fazoga uchratish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshsa, koinotda oʻziga xos energiya tarmoqlarini yaratish yoʻlidagi muhim qadam tashlanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Rejaga koʻra, orbitaga chiqqandan soʻng Protostar oʻzidan odatiy quyosh panellari bilan jihozlangan kichik kubsatni ajratib oladi. Shundan soʻng asosiy qurilma mustaqil ravishda mazkur yoʻldoshni topib, uning harakatini kuzatib borishi va quyosh elementlari tomon optik energiya nurini yoʻnaltirishi lozim. Muhandislar kubsat qancha energiya qabul qilib olganini hamda uzatish qanchalik samarali boʻlganini oʻlchab koʻradilar.
Mazkur yagona tajriba davomida kompaniya bir vaqtning oʻzida bir nechta muhim texnologiyalarni tekshirib koʻrishni maqsad qilgan. Bularga boshqa kosmik apparatni aniqlash, uni kuzatib borish va masofadan turib energiya uzatish kiradi. Star Catcher ushbu tizimning ayrim qismlarini avvalroq ham sinovdan oʻtkazgan edi.
Fazoviy texnologiyalar evolyutsiyasi
Xususan, optik energiya uzatish texnologiyasi Yerda — NASAning Kennedi nomidagi kosmik markazida namoyish etilgan edi. Shuningdek, 2025-yil oxirida Sextant Alpha missiyasi doirasida kosmik apparatlarni aniqlash va kuzatish dasturiy taʼminoti orbitada muvaffaqiyatli tekshirildi. Protostar sunʼiy yoʻldoshi aynan ana shu ishlanmalarni yagona tizimga birlashtirishi kerak.Agar sinovlar ijobiy natija bersa, Star Catcher jismonan oʻzaro bogʻlanmagan ikki qurilma oʻrtasida real orbital sharoitlarda oʻlchanadigan miqdordagi energiyani uzatish mumkinligini isbotlaydi. Istiqbolda kompaniya orbitada yaxlit energiya tarmogʻini barpo etishni niyat qilgan. Buning natijasida sunʼiy yoʻldoshlar oʻz quyosh panellarining imkoniyatlari bilan cheklanib qolmasdan, tashqi manbalardan qoʻshimcha quvvat olish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Star Catcher taqdim etayotgan imkoniyatlardan Yerni kuzatuvchi sunʼiy yoʻldoshlar, harbiy apparatlar hamda energiya talab yuqori boʻlgan orbital hisoblash markazlari foydalanuvchi sifatida manfaatdor boʻlishi mumkin. Hozirning oʻzida sanoat vakillari ushbu texnologiyaga katta qiziqish bildirmoqda.
Moliyalashtirish va kelajakdagi rejalar
Kompaniya energiya sotib olish boʻyicha allaqachon oʻnta shartnoma imzolagan boʻlib, ular orasida Starcloud, Loft Orbital, Astro Digital va Aethero kabi firmalar bor. Shuningdek, potentsial mijozlardan 40 tadan ortiq niyat xatlari olingan. Moliyaviy tomonlama ham ishlar koʻngildagidek ketmoqda: startap 88 million dollar miqdorida venchur sarmoyasini jalb qildi va AQSh Kosmik kuchlaridan 60 million dollarlik STRATFI kontraktini qoʻlga kiritdi.Parallel ravishda Star Catcher faqat texnologiyani namoyish etish bilan cheklanib qolmay, balki mijozlarni amaliy energiya bilan taʼminlashga moʻljallangan keyingi avloddagi yirikroq apparatni ham ishlab chiqmoqda. Yaqinlashib kelayotgan Protostar parvozi sunʼiy yoʻldoshlar oʻrtasida simsiz quvvat uzatish gʻoyasi naqadar hayotiy ekanini va bevosita orbitada toʻlaqonli energiya infratuzilmasini yaratish mumkinligini yaqqol koʻrsatib beradi.






























Izohlar 0
…