Light Phone va Noble Mobile: raqamli qaramlikdan qutulish uchun yangi hamkorlik

Minimalistik Light Phone qurilmasi tadbirkor va siyosatchi Andrew Yang tomonidan asos solingan Noble Mobile mobil operatori bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Ushbu tashabbus foydalanuvchilarni internetdan kamroq foydalanishga va «doomscrolling» (cheksiz yangiliklar lentasini varaqlash) odatidan voz kechishga undaydi. Endilikda 500 dona Light Phone III modeli Noble Mobile orqali xaridorlarga yetkazib beriladi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Hamkorlik doirasida xaridorlar ikki yillik shartnoma imzolashlari kerak. Oyiga 50 dollar to‘lov evaziga foydalanuvchilar Light Phone III qurilmasini oldindan to‘lovsiz qo‘lga kiritishlari mumkin. Bu Light Phone III modelini kutmasdan, darhol xarid qilish imkonini beradigan ilk holatdir. Odatda, qurilmani alohida sotib olgan mijozlar uni sentyabr oyigacha kutishlariga to‘g‘ri keladi.
Noble Mobile operatorining asosiy o‘ziga xosligi shundaki, u foydalanuvchilarga internet trafikni tejash evaziga pul qaytarib beradi. Agar mijoz oyiga 20 GB dan kam internet sarflasa, foydalanilmagan har bir gigabayt uchun 1 dollar miqdorida mablag‘ qaytariladi. Bu Light Phone falsafasiga juda mos keladi, chunki qurilma foydalanuvchini smartfonga qaramlikdan xalos etishga mo‘ljallangan.
Light Phone III modeli iPhone kabi murakkab qurilmalar va oddiy tugmali telefonlar o‘rtasidagi oltin o‘rtalikni ifodalaydi. Unda qo‘ng‘iroqlar, xabarlar, xaritalar va zaruriy ma’lumotnomalar kabi bazaviy funksiyalar mavjud. Shunga qaramay, kompaniya qaysi funksiyalar foydalanuvchi uchun zarur, qaysilari esa ortiqcha ekanligini aniqlash bo‘yicha doimiy izlanishda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!