Videooʻyinlar ruhiy barqarorlikni oshirib, yolgʻizlik hissini kamaytirishi maʼlum boʻldi

Zamonaviy jamiyatda videooʻyinlar koʻpincha vaqtni behuda sarflash yoki reallikdan qochish vositasi sifatida talqin qilinadi. Biroq yangi oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlar ushbu qarashlarning aksini isbotlamoqda. Maʼlum boʻlishicha, maʼlum turdagi oʻyinlar insonning ruhiy chidamliligini oshirib, ijtimoiy yakkalanish tuygʻusini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ixbt.com nashrining xabar berishicha, tadqiqotchilar 21 yoshdan oshgan 2252 nafar kattalar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazishgan. Ishtirokchilar oʻzlarining oʻyin odatlari va emotsional holatlari haqidagi savollarga javob berishdi. Natijalar shuni koʻrsatdiki, videooʻyinlarga qiziquvchi insonlar oʻyin oʻynamaydiganlarga qaraganda oʻzlarini kamroq yolgʻiz his qilishadi va qiyin vaziyatlarda yuqori darajadagi xotirjamlikni namoyon etishadi.
Ochiq dunyo va xotirjam oʻyinlarning foydasi
Tadqiqot mualliflaridan biri Andreas Eisingerichning taʼkidlashicha, ijobiy taʼsir barcha oʻyinlarda ham birdek kuzatilmaydi. Ayniqsa, The Legend of Zelda: Breath of the Wild kabi ochiq dunyoga ega strategik loyihalar hamda Yoshi's Crafted World kabi sodda va doʻstona muhitdagi oʻyinlar inson ruhiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bunday oʻyinlarni afzal koʻradiganlar bosim ostida oʻzini yoʻqotib qoʻymaslik va muvaffaqiyatsizliklardan soʻng tezroq tiklanish qobiliyatiga ega boʻlishadi.Olimlarning fikricha, gap oʻyin oldida oʻtkazilgan vaqt miqdorida emas, balki oʻyin tajribasining xarakteridadir. Tadqiqotda ishtirok etgan va turli janrlarni uygʻunlashtirgan foydalanuvchilar oʻzlarida oʻziga xos "emotsional parhez"ni shakllantirganlari maʼlum boʻldi. Yaʼni, murakkab tadqiqot oʻyinlari va tinchlantiruvchi loyihalar kombinatsiyasi stressga qarshi eng yaxshi himoya boʻlib xizmat qiladi.
Yolgʻizlikka qarshi kurashda yangi vosita
Bugungi kunda yolgʻizlik muammosi jamoat salomatligi uchun jiddiy xavf sifatida koʻrilmoqda. Ijtimoiy izolyatsiya nafaqat ruhiy, balki jismoniy salomatlikka ham salbiy taʼsir koʻrsatishi isbotlangan. Shu sababli, mutaxassislar ijtimoiy yakkalanishni kamaytirishning arzon va qulay usullarini izlashmoqda. Videooʻyinlar esa bu borada kutilmagan, ammo samarali yechim boʻlishi mumkin.Shuni taʼkidlash joizki, ushbu tadqiqot natijalari avvalgi ilmiy xulosalar bilan ham hamohangdir. Oldinroq oʻtkazilgan izlanishlar ayrim kazuall oʻyinlar xavotir va depressiya belgilarini kamaytirishga yordam berishini koʻrsatgan edi. Yangi maʼlumotlar videooʻyinlarning odamlarni jamiyatdan ajratib qoʻyishi haqidagi stereotiplarga zarba berib, ularning stressga qarshi kurashishdagi ahamiyatini tasdiqlamoqda.
Biroq olimlar muhim bir jihatni alohida uqtirib oʻtishgan: videooʻyinlar jiddiy ruhiy kasalliklar yoki professional psixologik yordam oʻrnini bosa olmaydi. Ular faqatgina kundalik stressni boshqarish va emotsional barqarorlikni saqlashda qoʻshimcha vosita sifatida koʻrilishi lozim. Shunday boʻlsa-da, oʻyin sanoatining inson salomatligiga ijobiy taʼsiri haqidagi dalillar koʻpayib bormoqda.






























Izohlar 0
…