Quyoshda olimlar kutmagan sirli hodisa ilk bor tasvirlandi

Olimlar Gavayidagi dunyoning eng kuchli Inouye Solar Telescope teleskopi yordamida Quyosh yuzasini tarixda ilk bor misli ko'rilmagan aniqlikda tasvirlab, avval kuzatilmagan aylanma girdoblarni qayd etdi. Olimlar Kelvin–Helmholtz instability deb atagan bu hodisa turli tezlikda harakatlanuvchi gaz qatlamlarining siljishi natijasida kichik tebranishlar spiralsimon girdoblarga aylanishi bilan bog'liq.
Olimlar dunyodagi eng qudratli Quyosh teleskopi yordamida Quyosh yuzasini tarixda birinchi marta misli ko‘rilmagan aniqlikda tasvirga oldi. Yangi fotosurat va videolarda ilgari kuzatilmagan sirli “girdoblar” hamda magnit maydonining harakati aks etgan. Mutaxassislar fikricha, bu kashfiyot Quyosh faoliyatini chuqurroq tushunish va Yerga ta’sir qiluvchi kosmik ob-havoni aniqroq bashorat qilishga yordam beradi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ushbu girdoblar Quyosh yuzasidagi issiq gazlar harakati natijasida magnit maydonining buralishi orqali hosil bo‘ladi. Aynan shu jarayonlar Quyosh chaqnashlari va boshqa kuchli energiya chiqishlarining asosiy manbai hisoblanadi. Bunday kosmik ob-havo Yerdagi elektr tarmoqlari, sun’iy yo‘ldoshlar va hatto astronavtlarga ham xavf tug‘dirishi mumkin.
AQSH Milliy Quyosh observatoriyasi (NSO) olimi doktor Devid Bobolsning aytishicha, Quyosh fizikasini eng mayda jarayonlarigacha o‘rganish kosmik ob-havoni kelajakda aniqroq prognoz qilish imkonini beradi.
Tadqiqot natijalari Nature jurnalida chop etildi. Kashfiyot Gavayida joylashgan dunyodagi eng kuchli Inouye Solar Telescope yordamida amalga oshirildi. Quyosh yuzasiga yaqindan olingan tasvirlarda avval hech qachon bunday aniqlikda qayd etilmagan aylanma girdoblar ko‘ringan.

Olimlar ushbu hodisani Kelvin–Helmholtz instability deb atadi. Bu ikki xil tezlikda harakatlanuvchi gaz yoki suyuqlik qatlamlari bir-biriga nisbatan siljiganda yuzaga keladigan fizik jarayon bo‘lib, kichik tebranishlarni ulkan spiralsimon girdoblarga aylantiradi. NSO tadqiqotchisi doktor Fridrix Voyegerning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kashfiyot kosmik ob-havo qanday shakllanishi va Quyosh yuzasi nega bunchalik yuqori haroratga ega ekanini yaxshiroq tushunishga xizmat qiladi. Yetarlicha energiya to‘plangach, u Quyosh chaqnashi yoki koronal massa chiqarilishi ko‘rinishida ajralib chiqadi.
Doktor Devid Bobols Quyoshni «noyob tabiiy laboratoriya» deb atab, u fizikaning asosiy qonunlarini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning eslatishicha, Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasi ham ilk bor Quyosh tutilishi kuzatuvlari orqali tajribaviy tasdiqlangan.
Mutaxassislar fikricha, bunday yuqori aniqlikdagi kuzatuvlar kelajakda kosmik ob-havo xavflarini barvaqt aniqlash, sun’iy yo‘ldoshlar va energetika tizimlarini himoya qilish hamda koinot fizikasi bo‘yicha yangi ilmiy kashfiyotlarga yo‘l ochadi.






























Izohlar 0
…