Narendra Modi O‘zbekistonga tashrifiga tayyorgarlik boshlangani ma’lum bo‘ldi

Narendra Modi O‘zbekistonga tashrifiga tayyorgarlik boshlangani ma’lum bo‘ldi
Qisqacha

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O'zbekistonga rasmiy tashrifiga tayyorgarlik ishlari boshlangan. Bu masala O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning 2–5 avgust kunlari Hindistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida muhokama qilingan. 3 avgust kuni Nyu-Dehlida Subramanyam Jayshankar bilan o'tkazilgan muzokaralarda strategik sheriklik va amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko'rib chiqilgan.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi kutilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda ANI agentligi xabar tarqatdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning shu kunlarda Hindistonga amalga oshirgan to‘rt kunlik rasmiy tashrifi, avvalo, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga kutilayotgan tashrifiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga qaratilgan. Shu bilan birga, vazir ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.

Joriy yilning 3 avgust kuni Nyu-Dehli shahrida Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan delegatsiyalar ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida Saidov ikki mamlakat rahbariyati o‘rtasidagi muntazam muloqot izchil davom etayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvlar strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.

“Biz atigi 10 kun oldin telefon orqali juda ko‘p masalalarni muhokama qilgan edik. Ushbu uchrashuvlarning asosiy maqsadi ham Bosh vazir Narendra Modining O‘zbekistonga kutilayotgan tashrifiga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat”, — dedi Baxtiyor Saidov.

Vazir ushbu tashrifni mamlakatlar o‘rtasidagi doimiy siyosiy muloqotning mantiqiy va amaliy davomi deb atadi. Shuningdek, O‘zbekiston va Hindiston xalqaro maydonlar hamda turli tadbirlar doirasidagi uchrashuvlardan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash uchun samarali foydalanib kelayotganini ta’kidladi.

Saidovning qayd etishicha, unga va O‘zbekiston delegatsiyasiga berilgan asosiy vazifalardan biri ham aynan Hindiston Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifiga tayyorgarlik ishlarini muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Shu bilan birga, u mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlashi, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va siyosiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim imkoniyat yaratishini ta’kidladi.

Baxtiyor Saidov Hindistonni O‘zbekistonning Janubiy Osiyodagi eng muhim strategik va savdo hamkorlaridan biri deb atab, Nyu-Dehli bilan hamkorlik izchil ravishda mustahkamlanib borayotganini bildirdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri 2–5 avgust kunlari rasmiy tashrif bilan Hindistonda bo‘ldi. Tashrif doirasida u mamlakat Prezidenti Drupadi Murmu bilan uchrashdi, shuningdek, tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvlar davomida tomonlar strategik sheriklikning bugungi holatini atroflicha muhokama qildi. Xususan, energetika, infratuzilma, savdo, mudofaa, ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Jayshankar ham muzokaralar yakunlari bo‘yicha ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Baxtiyor Saidov bilan samarali uchrashuv o‘tkazilganini ma’lum qilib, ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga kelishib olinganini ta’kidladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar