Xitoy Yer uchun xavfli boʻlgan asteroidlardan himoya tizimini yaratmoqda

Xitoy Milliy kosmik boshqarmasi (CNSA) Yer yaqinidagi asteroidlarni birgalikda monitoring qilish va ulardan himoyalanishning yangi tizimi ustida ish boshlaganini eʼlon qildi. Xalqaro asteroid kuni munosabati bilan taqdim etilgan ushbu loyiha koinot va yer usti vositalaridan foydalangan holda, sayyoramizga tahdid solishi mumkin boʻlgan osmon jismlarini erta aniqlash va ularning zarbasidan himoyalanishga xizmat qiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu tizim nafaqat kuzatish, balki potentsial xavfli obʼyektlarni zararsizlantirish choralarini ham oʻz ichiga oladi. Mutaxassislarning fikricha, koinotdan keladigan xavflarni oldindan bilish va ularga qarshi texnologik yechimlar tayyorlash insoniyat xavfsizligi uchun strategik ahamiyatga ega. Xitoy bu borada oʻzining eng ilgʻor texnologiyalarini ishga solishni rejalashtirmoqda.
Asteroidlarni yoʻq qilish usullari
Agar kelajakda Yer bilan toʻqnashishi mumkin boʻlgan xavfli asteroid aniqlansa, uni bartaraf etish uchun ikki xil asosiy uslubdan foydalaniladi. Birinchisi — kinetik taʼsir usuli boʻlib, u yuqori tezlikda harakatlanuvchi apparat yordamida asteroidga zarba berish va uning orbitasini oʻzgartirishni koʻzda tutadi. Bu usul hozirda eng samarali va amaliyotda sinab koʻrishga yaqin texnologiya hisoblanadi.Ikkinchi usul esa uzoq muddatli va doimiy itarish kuchiga asoslangan. Bunda gravitatsion tortishish yoki lazerli ablyatsiya (lazer yordamida sirtni bugʻlatish) orqali osmon jismining trayektoriyasi asta-sekin chetga suriladi. Bu usul asteroid Yerga yetib kelishiga hali koʻp vaqt boʻlgan holatlarda qoʻllanilishi rejalashtirilgan.
ixbt.com maʼlumotiga koʻra, 2024-yilning iyun holatiga koʻra, dunyo boʻylab 40 000 dan ortiq Yer yaqinidagi asteroidlar aniqlangan va raqamlangan. Hozirgi vaqtda olimlar Yer bilan toʻqnashishi aniq boʻlgan yirik obʼyektni topishmagan, biroq kuzatuv doirasidan tashqarida qolayotgan kichik hajmdagi jismlar soni hali ham juda koʻp.
Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda yangi yirik asteroidlarni kashf etish jarayoni deyarli toʻxtagan, chunki asosiy xavfli obʼyektlar allaqachon roʻyxatga olingan. Biroq, Xitoy tomonidan ishlab chiqilayotgan yangi tizim aynan kichik va oʻrta hajmdagi, kutilmagan yoʻnalishdan kelishi mumkin boʻlgan toshlarni nazorat qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bu kabi loyihalar global kosmik xavfsizlik borasida xalqaro hamkorlik uchun yangi eshiklarni ochishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…