Volga brendi mahalliylashtirish uchun 60 milliard rubl investitsiya kiritadi

Volga brendini qayta tiklash loyihasi yangi bosqichga chiqmoqda. «Yengil avtomobillar ishlab chiqarish» (PLA) kompaniyasi Rossiya Sanoat va savdo vazirligi bilan tuzilgan 10 yillik maxsus investitsiya shartnomasi doirasida model qatorini mahalliylashtirish uchun kamida 60 milliard rubl yoʻnaltirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hozirgi vaqtda brend liniyasi K40 va K50 krossoverlari hamda C50 sedanini oʻz ichiga oladi. Ushbu modellarning barchasi Geely Atlas, Geely Monjaro va Geely Preface platformalari asosida yaratilgan. Ishlab chiqarish Nijniy Novgorodda, avval Volkswagen va Skoda avtomobillari yigʻilgan zavodda tashkil etilgan boʻlib, uning quvvati yiliga 110 mingta avtomobilga moʻljallangan.
Loyiha doirasida faqat yirik uzelli yigʻish bilan cheklanib qolmasdan, ichki yonuv dvigatellari va avtomatik uzatmalar qutisini (AKPP) ishlab chiqarishni oʻzlashtirish koʻzda tutilgan. Kompaniya oʻz muhandislik yechimlarini rivojlantirish va mahalliy butlovchi qismlar bazasini shakllantirishni maqsad qilgan.
Ekspertlarning fikricha, loyihaning koʻlami va mahalliylashtirish darajasini hisobga olgan holda, real investitsiyalar miqdori eʼlon qilingan 60 milliard rubldan sezilarli darajada koʻp boʻlishi mumkin. Hozirda dilerlik markazlarida yuzlab tayyor avtomobillar sotuvlar boshlanishini kutmoqda.





























Izohlar 0
…