Hukmdarlar va ularning avtomobillari: Dunyo yetakchilari rulga oʻtirgan davrlar

Davlat rahbarlari uchun maxsus transport vositalarini yaratish anʼanasi uzoq tarixga ega boʻlib, ularning koʻpchiligi haqiqiy avtomobil ishqibozlari boʻlishgan. Masalan, AQSH prezidentlarining ilk rasmiy avtomobili bugʻ dvigateli yordamida harakatlangan. 1907-yilda urush vaziri William Taft hukumat uchun ikkita White Pullman tourer modelini sotib olish tashabbusi bilan chiqqan. Theodore Roosevelt otda yurishni afzal koʻrgan boʻlsa-da, Taft 1909-yilda prezidentlikka kelgach, ushbu mashinalardan faol foydalanishda davom etgan. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Qizigʻi shundaki, avtomobil Germaniyada ixtiro qilingan boʻlsa-da, Kayzer Wilhelm II uni "vaqtinchalik hodisa" deb hisoblab, 1900-yillarga qadar oʻz mashinasiga ega boʻlmagan. Dunyodagi birinchi avtomobilchi hukmdorlardan biri Turkiya sultoni Abdulhamid II boʻlib, u kutilmaganda Britaniyada ishlab chiqarilgan elektromobilni tanlagan. Londonning Acme & Immisch Electric Works kompaniyasi tomonidan yaratilgan ushbu transport vositasi soatiga 5-6 mil tezlikda harakatlana olgan.
Hindiston maharojalari ham avtomobilsozlikning ilk ixlosmandlari qatorida boʻlishgan. Morvi maharojasi Waghji Rawaji II 1897-yilda Britaniya boʻylab sayohati davomida soatiga 40 mil tezlikda yurishni istagan, biroq amalda soatiga 20-22 mil tezlikka yetganidayoq tormoz bosishni soʻrab, tezlikdan hayratda qolganini bildirgan. Tikari maharojasi esa ancha jasur boʻlib, 1906-yilda oʻzining Renault avtomobilida poygalarda ishtirok etgan.
Osiyoning yana bir taniqli avtomobilchisi Afgʻoniston amiri Habibullah Khan boʻlgan. U 1907-yilda Hindistonga safari chogʻida Wolseley-Siddeley avtomobiliga maftun boʻlib qolgan. Oradan bir necha yil oʻtgach, u Britaniya firmasidan bugungi qiymatda 3,1 million funt sterlingga teng boʻlgan texnikalarni buyurtma qilgan. Amir oʻz xalqining ushbu yangi ixtironi oʻrganishini istab, bir guruh afgʻonlarni Mumbayga avtomobillarga xizmat koʻrsatishni oʻrganish uchun yuborgan.





























Izohlar 0
…