
O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarga javobgarlikni shaffoflashtirish maqsadida yana bir muhim qadam tashlanmoqda. Qonunchilik palatasida muhokama qilingan yangi qonun loyihasiga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga “ma’muriy ogohlantirish” deb nomlangan yangi jazo turi kiritilmoqda.
Ushbu o‘zgarishlar orqali birinchi marta yo‘l qoidalarini buzgan fuqarolar jarimadan ko‘ra og‘zaki yoki yozma ogohlantirish bilan cheklanishi mumkin bo‘ladi. Bu yangilik ayniqsa ijtimoiy xavfliligi past bo‘lgan holatlarga tegishli. Masalan, xavfsizlik kamarini taqmaslik, telefondan foydalanish, majburiy sug‘urtani amalga oshirmaslik kabi holatlarda birinchi marta qoida buzilsa — faqat ogohlantirish beriladi.
Qonun loyihasida, shuningdek, avtomatlashtirilgan foto va videokuzatuv vositalari orqali aniqlanadigan 13 turdagi qoidabuzarlik ro‘yxati ham aniq belgilandi. Ular quyidagilar:
– xavfsizlik kamarini taqmaslik,
– raqamni yechish yoki boshqa raqam taqish,
– trotuarda yurish,
– telefondan foydalanish,
– tezlikni oshirish,
– svetofor qoidasini buzish,
– avariya holati keltirib chiqarish,
– avtobus uchun ajratilgan tasmada
– quvib o‘tish qoidalarini buzish,
– yo‘l bezoriligi,
– guruh bo‘lib harakatlanishda qatnashish,
– temiryo‘ldan o‘tish qoidalarini buzish,
– transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs boshqarishi.
Eng muhimi, shunday huquqbuzarliklar uchun kamera orqali qayd etilgan holatlarda, agar qaror bir oy ichida chiqarilmasa, unga nisbatan jarima qo‘llanmaydi. Bu esa adolatlilik va aniqlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov ta’kidlaganidek, “ma’muriy ogohlantirish” tizimi orqali fuqarolarga yanada faol va mas’uliyatli munosabat shakllantiriladi. Hozircha bu chora quyidagi oltita turdagi huquqbuzarlikka nisbatan qo‘llanadi va kelgusida bu ro‘yxat kengayishi mumkin:
– transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzganlik, jumladan, kamar taqmaganlik, texnik ko‘rikdan o‘tkazmaganlik, tegishli jihozlar bilan jihozlamaganlik holatlari;
– boshqarish vaqtida telefondan foydalanganlik;
– boshqarish vaqtida monitordan foydalanganlik;
– to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik;
– majburiy sug‘urta qilish talablarini buzganlik;
– piyodalar va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun.
Yangi qonun yo‘ldagi madaniyatni oshirish, jazo emas — ogohlantirish asosida tarbiyalashni maqsad qilganini ko‘rsatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar