Volkswagen elektromobillarining akkumulatorlarida nuqson aniqlandi

Germaniyaning Volkswagen avtomobil konserni akkumulatorlarida aniqlangan nuqson tufayli dunyo bo‘ylab qariyb 72,7 mingta elektromobilni servis markazlariga qaytarmoqda. Nosozlik ayrim holatlarda akkumulatorning qizib ketishi va yong‘in kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bu haqda Germaniyaning Bild nashri Germaniya Avtotransport federal idorasi (KBA) ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, muammo ayrim yuqori kuchlanishli akkumulator elementlaridagi ishlab chiqarish nuqsonlari bilan bog‘liq. Volkswagen'ning ichki sifat tekshiruvlari davomida ayrim akkumulator elementlari belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlangan. Nuqson ehtiyot qismlar yetkazib beruvchilardagi ishlab chiqarish xatolari bilan izohlanmoqda.
Qaytarib olish jarayoni 2022–2025 yillarda ishlab chiqarilgan Volkswagen ID.3, ID.4, ID.7 va ID. Buzz modellarini qamrab oladi. Shuningdek, 2022–2024 yillarda ishlab chiqarilgan Cupra Born elektromobillari ham ro‘yxatga kiritilgan.
Xavfsizlik chorasi sifatida avtomobil egalariga akkumulatorni hozircha 80 foizdan ortiq quvvatlamaslik tavsiya etilgan. Texnik jihatdan imkoni bo‘lgan ayrim avtomobillarda quvvatlash chegarasi avtomatik ravishda belgilanadi.
Avtomobil egalariga qaytarib olish tartibi va keyingi choralar haqida xat orqali xabar beriladi. Servis markazlarida akkumulatorlar tekshiriladi. Ayrim hollarda nosoz qismlarni almashtirish o‘rniga dasturiy ta’minotni yangilash kifoya qilishi mumkin.
Germaniya Avtotransport federal idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozircha ushbu nuqson tufayli tan jarohati olganlar yoki moddiy zarar ko‘rganlar haqida xabar berilmagan.






























Izohlar 0
…