Ikkinchi qoʻldagi Volkswagen ID 3 elektromobilini 9000 funtdan boshlab xarid qilish mumkin

Volkswagen ID 3 elektromobilining 2021-yilda ishlab chiqarilgan va 50 000 mil yurgan Pro versiyasini Buyuk Britaniya ikkilamchi bozorida 9000 funt sterlingdan boshlab xarid qilish mumkin. Restayling qilingan, yurish masofasi yaxshilangan va interyeri yangilangan modellar 15 000 funt sterlingdan kamroq turadi.
Ixbt.com nashrining yozishicha, Volkswagen brendining elektromobillar olamidagi yangi davriga asos solgan Volkswagen ID 3 modeli hozirda ikkilamchi bozorda oʻta jozibador narxlarda taklif etilmoqda. Afsonaviy Beetle va Golf modellaridan keyingi uchinchi muhim bosqich sifatida 2019-yilda taqdim etilgan ushbu elektromobil bugungi kunda oʻz egalari uchun tejamkor va qulay transport vositasiga aylanmoqda. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Maʼlumki, Volkswagen ID 3 bozordagi ilk qadamlarini COVID-19 pandemiyasi davrida boshlagan edi. Shuningdek, dastlabki versiyalar baʼzi dasturiy taʼminot muammolariga duch kelgani sababli kutilganidek darhol katta muvaffaqiyat qozona olmadi. Shunga qaramay, mazkur avtomobil oʻzining keng salon xonasi, samaradorligi va boshqarishdagi qulayligi bilan har doim yaxshi baholangan.
Narxlar va texnik imkoniyatlar
Hozirgi kunda Buyuk Britaniya ikkilamchi bozorida 2021-yilda ishlab chiqarilgan va 50 000 mil masofani bosib oʻtgan Volkswagen ID 3 Pro (oʻrta quvvatli akkumulyator versiyasi) avtomobillarini atigi 9000 funt sterlingdan boshlab sotib olish imkoniyati mavjud. Yangi yurish masofasiga ega boʻlgan va interyeri sezilarli darajada yangilangan restayling versiyalarining boshlangʻich narxi esa 15 000 funt sterlingdan kamroqni tashkil qiladi.Nemis avtoishlab chiqaruvchisining taʼkidlashicha, ushbu elektromobil oʻz sinfidan bir pogʻona yuqori turuvchi avtomobillar bilan solishtirganda ham yetarlicha keng ichki makonga ega. Xususan, uning orqa oʻrindiq qismidagi boʻsh joy BMW 3 Series Touring modelidan ham kattaroqdir. Biroq yukxonaning hajmi oʻrtacha boʻlib, 385 litrni tashkil qiladi.
Boshqaruv va qulayliklar
Avtomobilning boshqaruv qismi ham eʼtiborga loyiq. Orqa gʻildirakdan tortish tizimi evaziga Volkswagen ID 3 burilishlarda oldi uzatmali boshqa raqiblariga nisbatan ancha barqaror harakatlanadi. Uning tebranishlarni yutish tizimi sokin va shahar tashqarisidagi safarlarda ham yoʻlovchilar uchun yetarlicha tinch muhitni taʼminlaydi. Shovqin izolyatsiyasi ham yuqori darajada ishlangani bois, salon ichida shamol va yoʻl shovqini deyarli eshitilmaydi.Shu bilan birga, dastlabki modellarining boshqaruv panelidagi ayrim jixatlar xaridorlarda eʼtiroz uygʻotgan edi. 10 dyuymli (2024-yildan boshlab 12.9 dyuymli) asosiy ekran orqali radio, ventilyatsiya va oʻrindiqlarni isitish tizimlarini boshqarish baʼzida noqulaylik tugʻdirardi. Xususan, haroratni boshqarishga moʻljallangan yoritilmaydigan sensorli chiziqlar tanqidga uchragan boʻlsa-da, 2024-yilgi yangilanishda bu kamchiliklar bartaraf etilib, interyer sifati sezilarli yaxshilandi.































Izohlar 0
…