1 672
Rossiya harbiylari Severodonetskni egalladi, ukrain harbiylari Lisichanskdan ham chiqishi mumkin
Ukrain harbiylariga shu kunlarda shahardan chekinish buyurilgandi. Foto: EPA
Severodonetsk harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Stryuk shahar rossiyalik harbiylar nazoratiga o‘tganini ma’lum qildi. Ukraina qo‘shini shaharni tark etgan. Severodonetsk boy berilgani haqidagi ma’lumotni Lugansk oblasti ma’muriyati rahbari Sergey Gayday ham tasdiqladi.
Stryuk ukrain televideniyesiga bergan izohida Rossiya kuchlari ishg‘ol etilgan shaharning yangi ma’muriyatini tayinlayotganini aytib o‘tgan.
«Shahar endi to‘liq Rossiya Federatsiyasi okkupatsiyasi ostida, ular u yerda o‘z tartibini o‘rnatishga harakat qilmoqda, menga ma’lum bo‘lishicha, qandaydir komendantni tayinlashgan. Ularning nazdida buni qilish muhim, boshqa tomondan shahar shunchalik yakson qilinganki, odamlar vaziyatni o‘nglashi juda qiyin», degan Stryuk.
«Hozirda Severodonetskdan faqat vaqtincha ishg‘ol qilingan hudud orqali chiqish mumkin. Rashistlar shaharda o‘z tartibini o‘rnatmoqda, «komendant» tayinlangan, «Azot» zavodidagi boshpanalardan chiqayotgan odamlar ishtirokida propaganda syujetlari tayyorlashmoqda», deya o‘z telegram kanalida yozadi Gayday. Lugansk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari aytishicha, rossiyaliklar Severodonetsk markazida va atrofdagi hududlarda - Sirotino, Voronovo va Borovskoyeda mustahkam o‘rnashishgan.
So‘nggi haftalar davomida Severodonetskdagi binolarning aksar qismi aviazarbalar va artilleriya zarbalari natijasida vayron qilingan. Urushga qadar yuz ming kishi yashagan shahar aholisining aksar qismi bu yerni tark etgan, so‘nggi kunlarda shaharda 7-8 ming kishi qolayotgandi. To‘rt oylik harbiy harakatlardan keyin Severodonetskdagi binolarning 90 foizi vayron qilingan yoki shikastlangan.
Rossiya tomoni bayonotiga ko‘ra, «Azot» zavodi ostidagi bunkerlarda yashiringan 800 nafar atrofidagi tinch aholi vakili evakuatsiya qilingan.
Severodonetskning boy berilishi shuni anglatadiki, endilikda Rossiya qariyb butun Lugansk oblasti va Donetsk oblastining katta qismini nazoratiga olgan.
Shu kunlarda rossiyalik harbiylar Severodonetskka qo‘shni bo‘lgan Lisichansk shahri janubdan qamal qilinganini xabar qilgandi. Keyinroq Gorskoye munitsipaliteti rahbari Aleksey Babchenko juma kuni Lisichansk janubidagi hududlar Rossiya tomonidan «to‘liq okkupatsiya qilingani»ni aytdi.
«Afsuski, bugun Gorskoye rayoni okkupatsiya qilindi. Shahar chetlarida lokal janglar bo‘lib o‘tmoqda, ammo dushman shaharga kirgan», degandi Aleksey Babchenko.
Sergey Gayday esa rossiyaliklar Lisichanskdan janubi-g‘arbda, Baxmut-Lisichansk trassasi bo‘yida joylashgan Nikolayevka posyolkasini egallaganini xabar qilgan.
Juma kuni Gayday ukrain harbiylari Severodonetskdan olib chiqilishi, chunki yakson etilgan pozitsiyalarda qolishdan ma’no yo‘qligi, bu holatda askarlarga yordam yetkazib berish imkonsizligi va qurbonlar soni ortishini aytgandi.
Keyinroq ukrain telekanaliga bergan intervyusida Gayday Lisichanskdan ham chekinish istisno etilmasligini aytdi. «Qurshovga tushib qolmaslik uchun bizning qo‘mondonlik qo‘shinlarga yangi pozitsiyalarga o‘tishga buyruq berishi mumkin. Butun Lisichansk hududi zarba ostida turibdi. Shaharda bo‘lish juda xavfli», deya uning so‘zlarini keltirgan Reuters.
New York Times Lisichanskdagi ukrain harbiylaridan biriga tayangan holda shahardan chekinish to‘g‘risidagi buyruq istalgan lahzada kelib qolishi mumkinligini aytgandi.
Juma kuni Pentagondagi anonim manba «Amerika ovozi»ga Severodonetskdan ketish ukrain harbiylari pozitsiyasini yaxshilashini aytgandi.
Ukrainlar zirhli transportyori (BTR) yo‘l bo‘ylab harakatlanmoqda, Lisichansk neftni qayta ishlash zavodi ustida tutun ko‘tarilgan. Seversk va Baxmut o‘rtasidagi yo‘lda AFP jurnalisti bir necha otishmalar guvohi bo‘lgan - ikki bor rossiyalik harbiylar yo‘lni o‘qqa tutayotganida jurnalistlar mashinadan sakrab, yerga yotishga majbur bo‘lishgan. Foto: ANATOLII STEPANOV/AFP
Vashingtondagi Urushlarni tadqiq qilish instituti ekspertlari fikricha, rossiyalik harbiylar Severodonetskni egallashi urushdagi hal qiluvchi palla bo‘lmaydi, ammo shahar mudofaasi katta ahamiyatga ega bo‘ldi: Ukraina qurolli kuchlari janglarda asosiy vazifani bajarishdi - dushmanning resurslari sarflandi.
«Severodonetsk uchun jang, katta ehtimol bilan Rossiya qo‘shinining umumiy imkoniyatlarini kuchsizlantirdi, ular e’tiborni boshqa yo‘nalishlarga qarata olishmadi. Masalan, shu tufayli to‘g‘ridan to‘g‘ri Slavyanskka hujum qilish uchun kuch yetishmadi», - deya qayd etadi ekspertlar. Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»