21:26 / 25.09.2022
2 110

Rossiyadagi safarbarlik frontdagi vaziyatni o‘zgartira oladimi?

Rossiyadagi safarbarlik frontdagi vaziyatni o‘zgartira oladimi?
Alexander Ermochenko / Reuters / Scanpix / LETA
Nazariy jihatdan — ha. Ammo buning uchun safarbarlik samarali olib borilishi kerak, Rossiya armiyasida esa bu borada ulkan muammolar bor.

Rossiya armiyasining Xarkiv oblastidagi yirik mag‘lubiyati Kreml strategiyasida tub o‘zgarishlarga olib keldi. RF qurolli kuchlarining Ukrainadagi guruhlariga mingdan ortiq kilometrga cho‘zilgan front chizig‘i bo‘ylab faol harakatlanish uchun anchadan buyon resurslar yetishmovchiligi kuzatilayotgandi, ammo Moskva muammoni eng aniq yo‘l — safarbarlik bilan hal etishdan bosh tortib kelayotgandi. Ukrainlarning muvaffaqiyatli qarshi hujumidan keyin RF qurolli kuchlari endi hatto passiv himoyalanishga ham qodir emasligi ko‘rinib qoldi. 21 sentyabr kuni, yarim yilga kechikkan holda, Kreml «qisman safarbarlik» e’lon qildi. Putinning farmoni matnida noaniqliklar ko‘p, uning bandlaridan biri ochiqlanmagan (katta ehtimol bilan unda safarbar qilinuvchilar soni qayd etilgan). Bu esa safarbarlik Kreml uchun ayni vaqtda noqulay bo‘lib turgan urushdagi vaziyatni qanchalik o‘zgartirishi bo‘yicha aniq baho berishni qiyinlashtiradi. Ammo hozirdan bu vazifani uddalash qiyin bo‘lishini aytish mumkin.

Hozirda frontda nimalar bo‘lmoqda?

Rossiyaning Izyum-Kupyansk yo‘nalishidagi guruhi qurshovga tushib qolmaslik uchun tezlik bilan chekinishi Xarkivdan sharqdagi frontda 150 kilometr uzunlikda bo‘shliq yuzaga kelishiga olib keldi. Guruh chekinish vaqtida yuzlab zirhli texnika va artilleriya qurollarini (ma’lum qismi yakson etilgan va shikastlangan, katta qismi ukrainlarga o‘lja bo‘lgan) qoldirib ketdi. Natijada Izyumdan olib chiqilgan qo‘shin o‘zining jangovar qobiliyatini qisman yo‘qotdi. Aftidan, Rossiya qo‘mondonligi bu bo‘shliqni yopish uchun zaxira kuchlar topa olmadi.

Yakunda qarshi hujumga o‘tgan ukrainlarni Oskol va Shimoliy Don daryosi bo‘ylab yangi mudofaa chizig‘ida tutib turish rejasi ham barbod bo‘ldi. Ukraina qurolli kuchlari ikki daryoni ham bir necha nuqtadan kechib o‘tdi va Luhansk oblastiga yangi hujumni rivojlantirmoqda.

Rossiya qo‘mondonligi ukrain harbiylari Shimoliy Donni kechib o‘tishini qiyinlashtirish maqsadida Pechenejskiy suv omboridagi to‘g‘onni portlatib yuborishdi. Hozircha bu Ukraina qurolli kuchlari yurishini sekinlashtira olishi aniq emas.

Rossiyada nima uchun ukrainlar qarshi hujumini to‘xtatish uchun zaxira kuchlar topilmadi?

So‘nggi vaqtlarda Rossiya qo‘mondonligi tomonidan tayyorlangan zaxira kuchlari ukrainlarning janubdagi qarshi hujumlariga qarshi turish uchun Xerson oblastiga tashlangandi. Ukrainlar avgust oyi oxirida janubda manyovrlar amalga oshirgan, ammo hozircha sezilarli darajada ilgarilash kuzatilgani yo‘q.

Rossiyaning Izyum hududidagi yirik guruhi ko‘p oylar mobaynida Slovyansk va Kramatorskni egallash uchun shimoldan besamar hujumlar uyushtirdi, lekin bu hujumlar qo‘shimcha kuchlar bilan qo‘llab-quvvatlanmadi va g‘arbiy qanot deyarli ochiq qoldirildi. Ukraina qurolli kuchlari ushbu qanotga hujum qilishga tayyorlanayotgani ma’lum bo‘lganida esa Rossiya qo‘mondonligi shunchaki ushbu uchastkani mudofaa qilish uchun tezlik bilan jo‘natish mumkin bo‘lgan kuchlarni topa olmadi.

Shunday qilib, Ukraina qo‘mondonligi zaxiradagi kuchlar safarbar qilinmagan tinchlik davridagi armiyaga qarshi safarbar qilingan armiya (o‘nlab yangi tuzilmalar shakllantirilgan) bilan jang qilishdagi ustunlikni namoyish etib berdi. Ukrainlar son jihatdan qariyb ikki barobar ustunlikka erishgandi.

Rossiya qo‘mondonligi shu vaqtgacha o‘zining artilleriya borasidagi ustunligini hisobga olgan holda, Ukraina qurolli kuchlari son borasidagi ustunlikdan foydalana olmaydi deb hisoblardi, endi esa birgina artilleriya frontning yuzlab kilometrlarini nazorat qila olmasligi ayon bo‘ldi — raqib o‘z kuchlarini qanday jamlashni bilgan va buni qila olgan hamda RF qurolli kuchlari (ayniqsa aviatsiya) bunga xalal berishga qodir bo‘lmagan sharoitda. Agar frontda shu vaziyat saqlanib qolganida, bu Kremlning muqarrar mag‘lubiyatiga yetaklagan bo‘lardi.

Safarbarlik RF qurolli kuchlari uchun vaziyatni tubdan o‘zgartira oladimi?

Agar Kreml urushni davom ettirmoqchi ekan, safarbarlik — zaruriy qadam (ammo, katta ehtimol bilan, bu yetarli darajada emas va kechikkan):
  • Prezident farmonida qancha odamni safarbar qilish rejalashtirilayotgani maxfiylashtirilgan, ammo RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu 300 ming kishi (birdaniga emas) safarbar qilinishi rejalashtirilayotganini aytdi. Nazariy jihatdan bu raqam Ukrainadagi Rossiya qo‘shini sonini ikki barobarga oshirish imkonini beradi. Shuningdek rotatsiyalar amalga oshirish va tuzilmalarni to‘ldirish mumkin. Shu bilan birga, Shoyguning tushuntirishi butkul yolg‘on bo‘lishi va farmonda maxfiylashtirilgan banddagi raqamlar butunlay boshqacha bo‘lishi mumkin. «Meduza» manbasi zaxiradagilardan bir millionga yaqin odam safarbar qilinishi mumkinligi haqida ma’lumot bergan.
  • Farmondagi ayrim qoidalar nazariy jihatdan armiyani to‘ldirish bilan bog‘liq vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashi kerak: gap amaldagi harbiy xizmatchilarning shartnomalarini noma’lum muddatgacha uzaytirish (jumladan, Ukrainaga bitta «xizmat safari» uchun qisqa muddatli shartnoma tuzganlarning ham), shuningdek, shartnomalarni bekor qilishga taqiq qo‘yilishi haqida bormoqda. Jinoyat kodeksiga zudlik bilan «xizmatdan bosh tortuvchilar» uchun jinoyat ishi ochilishi to‘g‘risida tuzatish kiritilgan.
  • Nazariy jihatdan bular Rossiya qo‘shinlaridagi shaxsiy tarkib bilan bog‘liq vaziyatni barqarorlashtirishi hamda kadrlar qo‘nimsizligiga barham berishi kerak.
  • Ammo bu yechimning salbiy tomoni ham bor: qisqa muddatli shartnomalar zo‘rlik bilan uzaytirilishi qo‘shinlarning ruhiy holatiga aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin, qo‘shinlar safida esa bunday shartnoma tuzganlar soni ko‘pchilikni tashkil etadi: «ko‘ngillilar» Rossiya o‘lchovlarida qisqa komandirovkalar uchun katta pul hisoblanadigan mablag‘larni deb yollangan, endi esa urush oxirigacha frontda qolib, o‘z hayotini xavf ostida qoldirishi talab etiladi.
  • Yangi safarbar qilinganlarning aksari tez orada frontda paydo bo‘la olmaydi: ulardan yangi tuzilmalar tuzish jarayoni olib borilishi kerak, chunki mavjud brigada va diviziyalar safiga o‘n yoki yuz minglab kishini qo‘shib, moslashtirib bo‘lmaydi. Safarbar qilinganlardan tuzilgan guruhlar darhol frontga yuborilsa, ular yuqori jangovar holatda bo‘lishi dargumon. Xususan, so‘nggi vaqtlarda Donbassdagi «respublikalar» aholisidan tuzilgan bo‘linmalar allaqachon juda past samaradorlik ko‘rsatishdi (Ukraina armiyasidagi ko‘ngillilar va RF qurolli kuchlariga urushgacha va uning ilk davrida Donbass va Rossiya hududidan jalb etilgan ko‘ngillilardan farqli o‘laroq) - ukrainlarning Xarkiv oblastidagi qarshi hujumi vaqtida bunday bo‘linmalar tarqoqlikka uchrab, birinchi bo‘lib chekingandi. Jangga tayyor tuzilmalarni shakllantirish, o‘qitish va ularning harakatini muvofiqlashtirish uchun bir necha oy ketadi — buni Ukraina qurolli kuchlari tajribasi ham ko‘rsatmoqda.
  • Kremlning muammosi shundaki, unga qo‘shimcha kuchlar hozirning o‘zida kerak, chunki Izyum va Kupyanskdagi mag‘lubiyatdan keyin RF qurolli kuchlari inqirozni bartaraf eta olmadi. Ukrainlarning davom etayotgan qarshi hujumlari Rossiya armiyasi yana ko‘p hududlarni, jumladan, to‘liq egallanishi bosqinning bosh maqsadi sifatida e’lon qilingan Luhansk va Donetsk oblastlaridagi keng hududlar ustidan nazoratni yo‘qotishiga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, Ukraina armiyasi ham bahor oxiri va yoz davomida shunga o‘xshash sharoitda qolganida rossiyaliklar hujumiga dosh bera olgan va boy berilgan hududlar Donbassdagi bir necha shahar bilan cheklangandi — ammo bu o‘rinda yodda tutish kerakki, ular o‘z hududida jang qilishmoqda.
  • Va nihoyat, RF mudofaa vazirligi bir necha oy ichida armiya yangi jangovar shay bo‘linmalar bilan to‘ldirilishi uchun zarur bo‘lgan «safarbarlik tadbirlari»ni muvaffaqiyatli amalga oshirishiga ham ishonch yo‘q.

Rossiyada tashkilotchilikda qanday muammolar bo‘lishi mumkin?

Nazariy jihatdan zamonaviy texnikalar va taktikalar bilan tanish bo‘lgan (ammo Ukrainada jang qilish tajribasi yo‘q) o‘n minglab va hatto yuz minglab yangi askarlar ortiqcha qiyinchiliklarsiz safarbar etilishi mumkin: so‘nggi uch chaqiriqda (so‘nggisi 2021 yil kuzida) harbiy xizmatdan bo‘shaganlarning o‘zi 300 ming kishidan oshadi. Aynan ular safarbar qilinuvchilar uchun mezonlarga to‘g‘ri keladi: armiyada xizmat qilgan va harbiy mutaxassislikka ega (to‘g‘ri, ularning barchasi ham quruqlik qo‘shinlari, havo-desant kuchlari yoki dengiz piyodalari safida xizmat qilmagan, bu shuni anglatadiki, ko‘plar darhol frontda foydalanish uchun «yaroqli emas»). Shuningdek, so‘nggi 15 yil ichida shartnoma asosida xizmat qilib (jumladan, Suriyada «jangovar tajribaga ega bo‘lganlar»), armiyadan bo‘shagan yana yuz minglab zaxiradagi harbiy xizmatchilar ham bor.

Ammo, Ukrainadagi urush uchun «ko‘ngillilar»ni yollash bo‘yicha kampaniya u qadar muvaffaqiyatli kechmagani jangga borishni istaydiganlar soni ko‘p emasligini ko‘rsatdi, bu esa safarbarlik o‘n minglab kishilar xohish-irodasiga qarshi majburan olib ketilishini anglatadi. Ammo safarbarlikning bu bosqichi oson kechgan taqdirda ham yangi qiyinchiliklar chiqishi tayin.

So‘nggi o‘n yilliklarda Rossiyada sovetlarning safarbar qilinganlardan yangi tuzilmalar yaratish tizimidan voz kechib yuborildi. Sobiq mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukovning 2009-2012 yillardagi islohotigacha, RF qurolli kuchlarida ko‘plab kadr bo‘linmalar mavjud bo‘lib, zaxiradagilarning muntazam yig‘inlari o‘tkazib turilardi. Ularning shaxsiy tarkibi to‘liq bo‘lmasa-da, moddiy baza va ofitserlarga ega edi, safarbarlik e’lon qilingan taqdirda, ular to‘laqonli birlashmaga aylanardi. Armiyani qisqartirish va uni mintaqaviy to‘qnashuvlar hamda aksilterror amaliyotlarga moslashtirishga qaratilgan islohotlar natijasida bunday qismlarga barham berildi.

So‘nggi yillarda armiyada o‘nlab yangi tuzilmalar paydo bo‘ldi, ammo harbiy xizmatchilar soni deyarli o‘smadi. Yangi tuzilmalar yaxlit bo‘lib shakllanmagan, ya’ni safarbar qilinganlarni qabul qilishga tayyor edi: brigada va diviziyalarning ko‘pchiligi shunchaki ochilgan va shaxsiy tarkib yetishmovchiligi tufayli juda zaif edi. Ular aynan shunday holatda urushga yuborildi. Nazariy jihatdan ularni safarbar qilinganlar bilan to‘ldirish mumkin, ammo yuqorida aytilganidek, ular o‘n yoki yuz minglab yangi harbiylarni qabul qilish holatida emas. Shunday qilib, yangi chaqirilayotganlarni qabul qilish uchun shunchaki tashkillashgan tuzilmalar yo‘q:
  • Asosiy muammo — zamonaviy urushlardan xabardor bo‘lgan ofitserlar yetishmovchiligi. Safarbarlik bo‘yicha chaqirilayotgan ofitserlar esa o‘zi ham qayta o‘qitishga muhtoj va safarbar qilingan oddiy askarlar bilan darhol mashg‘ulotlarni boshlay olmaydi. Tajribali ofitserlar — frontda va ular yoppasiga safarbar qilinganlarni tayyorlash va ularga jangovar ko‘nikmalarini yetkazishi uchun ortga qaytarilishi dargumon.
  • Qurollantirish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmoqda. Rossiya armiyasi urushning yetti oyi davomida minglab texnikalarini yo‘qotdi (hatto eskirgan texnikalar omborlardan olib chiqilib, safdan chiqqanlari o‘rniga yuborildi). Zaxirada yuz minglab harbiylarni o‘z ichiga oladigan o‘nlab birlashmalarni qurollantirish uchun zarur bo‘ladigan yaroqli texnikalarning ulkan bazasi bor-yo‘qligi noma’lum.
  • Rossiya qo‘mondonligi Ukrainada jang qilayotgan u qadar katta bo‘lmagan guruhlarni samarali boshqara olmadi. Tuzilmalar soni ortishi bilan boshqaruvdagi muammolar faqat ortadi.
  • Bu (hatto ko‘proq darajada) ta’minotga ham taalluqli: qo‘mondonlik shusiz ham Ukrainada jang qilayotgan kichik guruhlar ta’minotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmadi (ayniqsa, temiryo‘llardan foydalanib bo‘lmaydigan hududlarda, chunki armiyada yuk mashinalari va yo‘l ochuvchi boshqa maxsus texnikalarning o‘tkir yetishmovchiligi kuzatilmoqda). Ukraina qurolli kuchlari front chizig‘idan o‘nlab kilometr ichkaridagi infratuzilmalar va omborxonalarga zarba berish imkoniyatiga ega bo‘lgan sharoitda katta sondagi guruhlar qanday ta’minlanishi savol ostida. Ta’minot bo‘yicha vaziyat o‘zgarishi uchun nafaqat askar va ofitserlar, balki transport vositalarini ham safarbar qilish talab etiladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo