20:23 / 26.10.2022
2 161

Putinga urushdagi xatolar haqida ochiq aytgan shaxs kimligi ochiqlandi. Bu — Prigojin

Putinga urushdagi xatolar haqida ochiq aytgan shaxs kimligi ochiqlandi. Bu — Prigojin
Foto: MIKHAIL METZEL/TASS
Prigojin Putin bilan uchrashuvda harbiy boshliqlardan shikoyat qilgan. Bu haqda nimalar ma’lum?

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari, biznesmen Yevgeniy Prigojin prezident Vladimir Putin bilan o‘zaro suhbatda Rossiya harbiy rahbariyatini tanqid qilgan va qo‘mondonlikning frontdagi harbiy harakatlarni olib borishdagi xatolari va samarasiz boshqaruvi haqida ma’lum qilgan. Bu haqda Washington Post amerikalik mulozimlar orasidagi anonim manbasiga tayangan holda xabar berdi.

Oktabr oyi boshida gazeta Putinning atrofidagilardan biri rossiyaliklar prezidentiga to‘g‘ridan to‘g‘ri urushdagi xatolar va muvaffaqiyatsizliklarni ochiq ayta olgani haqida xabar bergandi. Endilikda Washington Post gap o‘shanda aynan Prigojin haqida ketganiga oydinlik kiritmoqda.

Washington Post iqtibos keltirgan Amerika razvedkasi hisobotida u Rossiya mudofaa vazirligi «Vagner» zimmasiga haddan tashqari ko‘p mas’uliyat yuklayotgani, ammo moliyaviy qo‘llab-quvvatlov va harbiy vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan resurslar taqdim etmayotganidan shikoyat qilgani aytilgan.

Yevgeniy Prigojin «Vagner»ning halok bo‘lgan jangchilari dafn marosimida. Volgograd, 2022 yil 24 sentyabr
Artyom Krasnov / Kommersant’ / Sipa USA / Vida Press

Prigojin avval ham Rossiya armiyasi rahbariyatini ochiq tanqid qilgandi. Ammo amerikalik mulozimlarning ta’kidlashicha, u shaxsan Putinga rossiyalik harbiy qo‘mondonlardan shikoyat qilishi o‘zini naqadar qulay his qilayotganidan darak beradi. Gazeta bu Rossiyaning harbiy mag‘lubiyati fonida Prigojinning ta’sir doirasi naqadar kengayganini ko‘rsatishini qayd etgan.

«Uning omma oldidagi siyosiy pozitsiyasi shunday: men - Yevgeniy Prigojinman. Men sizga haqiqatni aytish uchun bu yerdaman va men o‘z ishimni qilaman», degan amerikalik amaldor anonimlik sharti bilan.

Amerika razvedkasi safarbar qilingan askarlar sharoitlardan noliyotgani, oziq-ovqatlar va jihozlar yetishmayotganini aytayotgani aks etgan videolar tarqalishi ortida aynan Prigojin turibdi deb hisoblaydi. Razvedka vakillari taxmin qilishicha, bunday videolarni tarqatishdan maqsad Kremlga bosim o‘tkazib, xususiy harbiy kompaniyani moliyalashtirishni oshirishga erishish hisoblanadi.

Prigojinning Washington Post nashriga «Konkord» kompaniyasi matbuot xizmati orqali yetkazgan bayonotida aytilishicha, biznesmen so‘nggi vaqtlarda Putin bilan gaplashmagan va yaqin orada ham gaplashishni rejalashtirmagan.

«Men Ukrainadagi mojaro vaqtida RF qurolli kuchlari rahbariyatini tanqid qilmaganman. Shu tufayli men hech narsaga izoh bera olmayman», degan u va harbiy ekspert emasligi tufayli Rossiya qurolli kuchlarini tanqid qilish yoki maqtash huquqiga ega emasligini qo‘shimcha qilgan.

Prigojin shuningdek safarbar qilinganlar yashash sharoitlari va oziq-ovqat ta’minotidagi muammolardan shikoyat qilayotgani aks etgan videoga ko‘zi tushmaganini ta’kidlagan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov gazetaga Prigojin va Putin o‘rtasidagi muloqot haqidagi xabar yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.

WP Amerika razvedkasi hisobotining alohida bandida Prigojin va Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu o‘rtasida ziddiyat kuchaygani qayd etilgani haqida yozgan.

Rossiyalik mulozimlardan biri nashrga anonimlik asosida Prigojin va Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning harbiy harakatlar bo‘yicha chiqishlari ayrim rossiyalik siyosatchilarning jahlini chiqarayotganini aytgan. Ularga o‘z qoidalari bo‘yicha o‘yin qiluvchi firibgarlar sifatida qarashmoqda. «Bu Rossiya emas. Bu o‘rta asr tamoyillariga asoslangan jinoiy birodarlik», degan u.

Prigojin muqaddam «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga aloqadorligini rad etgan va uni ushbu yollanma jangchilar guruhi egasi deb atagan jurnalistlarni sudga bergan. Ammo 2022 yil sentyabr oyi oxirida u 2014 yilda xususiy harbiy kompaniyaga asos solganini tan oldi, Ukrainaga bosqin boshlangach, Rossiya rasmiy nashrlari ham ushbu guruhni tilga ola boshlagandi.

Prigojin xususan xususiy harbiy kompaniyalarning harakatlari tufayli «Luhansk aeroporti va boshqa ko‘plab hududlarni ozod etish imkoni bo‘lgani»ni, shuningdek, Luhansk va Donetsk «xalq respublikalari» «taqdiri tubdan o‘zgargani» haqida aytgan. Shuningdek, Prigojin «Vagner» jangchilari Suriyadagi urushda qatnashgani va boshqa arab mamlakatlarida topshiriqlarni bajarganini tan olgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo