10:38 / 13.01.2023
574

Tehronda Fransiyaga qarshi namoyishlar: yana «Sharli Ebdo» suvni loyqalatyapti

Tehronda Fransiyaga qarshi namoyishlar: yana «Sharli Ebdo» suvni loyqalatyapti
Fransiyaning Tehrondagi elchixonasi yonida «Fransiyaga o‘lim! Isroilga o‘lim! AQSHga o‘lim!» degan shiorlar ko‘targan namoyishchilar yig‘ilgan. Ular Fransiyaning “Sharli Ebdo” satirik jurnalida Eron Islom Respublikasi yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiyning karikaturalari chop etilgani yuzasidan norozilik bildirmoqda.

Eron Islom Respublikasi rasmiylari jurnalning nashr etilishiga keskin munosabat bildirib, mas’uliyatni Fransiya hukumati zimmasiga yukladi. Eron Tashqi ishlar vazirligi «o‘zining islomiy, diniy, milliy qadriyatlari buzilishini qabul qilmasligini» va Fransiyaning «so‘z erkinligi bahonasida ularni haqorat qilishga haqqi yo‘qligini» bildirdi. Inqilob gvardiyasi bosh qo‘mondoni esa “Sharli Ebdo” xodimlariga 2022 yil avgust oyida AQSHning Nyu-York shtatida yozuvchi Salmon Rushdiga qilingan suiqasdni eslatdi.

«Fransuz nashrining diniy va siyosiy kuchga oid karikaturalarni chop etishdagi haqoratli va behayo harakati samarali va qat’iy javobsiz qolmaydi... Biz Fransiya hukumatining haddidan oshishiga yo‘l qo‘ymaymiz», — dedi Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon.

Fransiyaning Tehrondagi elchisi Nikolya Rosh Eron Tashqi ishlar vazirligiga izoh uchun chaqirildi. «Fransiya so‘z erkinligi bahonasida musulmon davlatlari uchun muqaddas bo‘lgan narsalarni haqorat qilishga haqqi yo‘q», - deya TIV matbuot kotibi Nosir Kan’oniy so‘zlaridan iqtibos keltirgan Le Figaro nashri. Eron hukumati 1983 yilda Fransiya Tashqi ishlar vazirligi qoshida tashkil etilgan Fransiya tadqiqot instituti yopilganini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, Sharli "Ebdo” satirik jurnali 2015 yilda Muhammad payg‘ambarning karikaturalarini chop etganidan so‘ng butun musulmon olamini junbushga keltirgandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo