To‘rtinchi farzandidan so‘ng ona eshitish qobiliyatidan ayrildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AQSHda yashovchi 29 yoshli dasturiy ta’minot muhandisi Medison Rey to‘rtinchi farzandini dunyoga keltirganidan so‘ng og‘ir eshitish muammosiga duch keldi.
- Otoskleroz tashxisi qo‘yilgan Medisonning eshitish qobiliyati 2026 yil yanvar oyida birinchi qulog‘ida, iyun oyida esa ikkinchi qulog‘ida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotlaridan so‘ng me’yoriy darajaga qaytdi.
AQSHda to‘rt nafar farzandning onasi tug‘ruqdan keyin og‘ir eshitish muammosiga duch keldi. U hatto chaqalog‘i yig‘layotganini ham eshita olmay qolib, farzandlarining ovozini boshqa hech qachon eshita olmasligidan qo‘rqdi.
29 yoshli dasturiy ta’minot muhandisi Medison Rey to‘rtinchi farzandini dunyoga keltirganidan keyin eshitish qobiliyati keskin pasayganini aytdi. Uning taxminicha, bu holat tug‘ruqdan keyingi gormonal o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lgan.
Medison dastlab buni tug‘ruqdan keyin kuzatiladigan oddiy va vaqtinchalik holat deb o‘ylagan. Ammo quloqlarida paydo bo‘lgan kuchli jaranglash yo‘qolmagan va eshitish qobiliyati tobora yomonlashgan.
«Qizim yig‘laganda uni eshita olmasdim. Turmush o‘rtog‘im uyda bo‘lmagan paytlarda doimo u bilan bir xonada bo‘lib, uni kuzatib turishimga to‘g‘ri kelardi», — dedi u “Need To Know” nashriga.
U farzandlarining gaplarini tushunish uchun ularga yaqin turib, lab harakatlarini kuzatishga majbur bo‘lgan. Katta farzandlari esa onasi bilan gaplashishdan oldin uning yoniga borish, yelkasiga tegish va yuziga qarash kerakligini tezda tushunib olgan.
Medisonning to‘rt nafar farzandi hozir 9, 8, 6 yosh va 18 oylik. Uning ta’kidlashicha, 2025 yil fevral oyidagi homiladorligi odatdagidek, xavfi past bo‘lgan va muammosiz kechgan.
Eshitish muammosi uning ishi va ijtimoiy hayotiga ham jiddiy ta’sir qilgan. Medison ish uchrashuvlarida transkriptlardan foydalangan, odamlarning gaplarini tushunish qiyinlashgani sababli ijtimoiy tadbirlardan qocha boshlagan.
«Men ertalab sport zalida hech kim bo‘lmagan paytda mashq qilardim. Odamlar men bilan gaplashganda ularni ataylab e’tiborsiz qoldiryapti, deb o‘ylashlarini istamasdim», — dedi u.
Medison turli fitnes mashg‘ulotlariga ham bormagan, chunki instruktorni eshita olmasligidan xavotirlangan. Odamlardan gaplarini qayta-qayta takrorlashni so‘rash esa unga noqulay bo‘la boshlagan.

Uning oilasi bu davrda unga katta yordam bergan. Medisonning bo‘lajak turmush o‘rtog‘i va kenja farzandining otasi Tim Houp ham uni doimo qo‘llab-quvvatlagan.
Keyinchalik o‘tkazilgan eshitish tekshiruvi Medisonning eshitish qobiliyati me’yordan ancha past ekanini ko‘rsatgan. U quloq, burun va tomoq mutaxassisiga yo‘naltirilgan, ammo qabul uchun navbat olti oydan ham ko‘proq vaqtni tashkil qilgan.
Shundan so‘ng u Proliance Surgeons Puget Sound Ear Nose and Throat klinikasida ishlaydigan doktor Deniel Liga murojaat qilgan. Mutaxassis unda otoskleroz bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
Otoskleroz — o‘rta quloqdagi juda kichik suyaklardan biri, ya’ni uzangi suyakchasining harakati buzilishi bilan bog‘liq holat bo‘lib, eshitish qobiliyatiga ta’sir qiladi.
Dastlab Medisonga eshitish apparatlaridan foydalanish tavsiya qilingan. Ammo keyingi tekshiruvda eshitish qobiliyati yanada yomonlashgani aniqlanib, jarrohlik amaliyoti zarur deb topilgan.
2026 yil yanvar oyida, tug‘ruqdan deyarli bir yil o‘tgach, Medisonning eshitishi juda pasaygan va qulog‘ini operatsiya qildirgan. Jarrohlik vaqtida doktor Li otoskleroz tashxisini tasdiqlagan.
To‘rt oydan keyingi tekshiruvda operatsiya qilingan quloqda eshitish qobiliyati yana me’yoriy darajaga qaytgani ma’lum bo‘lgan.

Medison 2026 yil iyun oyida ikkinchi qulog‘ida ham operatsiya qildirgan. Uning aytishicha, jarrohlikdan keyin dastlabki bir necha haftada umuman eshita olmagan, keyin esa eshitish qobiliyati juda tez tiklana boshlagan.
«Birdan hamma narsa menga juda baland eshitila boshladi. O‘sha paytda quloqlarimdagi jaranglash ham to‘xtadi. Bu men uchun katta yengillik bo‘ldi», — dedi u.
Medison bu og‘ir davr uni qattiq qo‘rqitganini, ammo hozir hayotidagi barcha narsalar, ayniqsa, sezgi a’zolari uchun minnatdor ekanini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, bu voqea onalar qanchalik kuchli ekani va ular ko‘plab qiyinchiliklarni boshdan kechirishini yanada chuqurroq anglashiga sabab bo‘lgan.
«Men onalar duch keladigan qiyinchiliklar haqida ko‘proq xabardorlik bildirishni istayman. Hamma narsa bir zumda o‘zgarib qolishi mumkinligini angladim», — dedi Medison.






























Izohlar 0
…