Pitssani o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan yigit kutilmagan holatga tushdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AQSHning Tennessi shtati, Nashvill shahridagi restoranda bir erkak issiq pitssani qo‘li bilan olmoqchi bo‘lib, qo‘li kuyganidan keyin uni peshtaxtaga qo‘yib yuborgan.
- Shunga qaramay, u pitssani buklab, salfetkalarga o‘rab olib, restorandan chiqib ketgan.
- Hodisa aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ko‘plab hazilomuz izohlarga sabab bo‘lgan.
AQSHda restoranga kirgan erkakning pitssani to‘g‘ridan to‘g‘ri pechdan olib qochmoqchi bo‘lgani kuzatuv kamerasiga muhrlandi. U issiq taomni qo‘li bilan olishga uringan, biroq pitssa solingan qizib turgan idish qo‘liga og‘riq bergach, uni bir zumga peshtaxtaga tushirib yuborgan.
Kadrlarda erkak peshtaxta orqasidan egilib, yangi pishgan pitssani qo‘llari bilan olayotgani ko‘rinadi. Biroq uning rejasi kutilganidek oson kechmagan. Qizib turgan idishni ushlagan paytda qo‘li kuyib ketgani sababli u ortga chekingan va pitssani qisqa vaqtga yana peshtaxta ustiga qo‘ygan.
Shunga qaramay, erkak taomdan voz kechmagan. U pitssani buklab, salfetkalarga o‘rab olgan va restorandan chiqib ketgan.
G‘ayrioddiy voqea AQSHning Tennessi shtati, Nashvill shahridagi Slim & Husky's Pizza Beeria restoranida sodir bo‘lgan. Bu haqda “Need To Know” xabar berdi.
Restoran ma’muriyati keyinchalik hodisa aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib, voqeaga hazilomuz munosabat bildirgan. Xodimlar rolikka Snoop Dogg‘ning “Drop It Like It's Hot” qo‘shig‘ini qo‘shib, kuzatuvchilardan: “Bu kim o‘zi?” deb so‘rashgan.
4 sentyabr kuni tarqatilgan video qisqa vaqt ichida internetda keng tarqalib, foydalanuvchilarning e’tiborini tortgan. Tomoshabinlar erkakning qaynoq pitssa bilan bog‘liq kutilmagan “sarguzashti”ni hazil bilan muhokama qilgan.
Ayrim foydalanuvchilar uning pitssani qo‘li bilan ushlaganiga ishonib, qo‘llari juda qattiq kuygan bo‘lishi mumkinligini hazil tariqasida yozishgan. Boshqalar esa uning pitssadan voz kechmaganiga e’tibor qaratgan.
Rolik ostidagi izohlarda erkakning “pitssani juda yangi va issiq holda” olishni istagani haqida ham hazilomuz fikrlar bildirilgan.






























Izohlar 0
…