Oyda begona sivilizatsiya izlari yashiringan bo‘lishi mumkin

Oyda begona sivilizatsiya izlari yashiringan bo‘lishi mumkin
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Olimlar Oy yuzasida qadim zamonlarda mavjud bo'lgan begona sivilizatsiyalarga tegishli texnologik qoldiqlar saqlanib qolgan bo'lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
  • Tadqiqotchilarning fikricha, bunday texnologiyalarning nihoyatda kichik bo'laklari hatto yulduzlararo fazoni bosib o'tib, Oyga yetib kelgan bo'lishi mumkin.

Olimlar Oy yuzasida qadim zamonlarda mavjud bo‘lgan ehtimoliy begona sivilizatsiyalarga tegishli texnologik qoldiqlar saqlanib qolgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Tadqiqotchilarning fikricha, bunday texnologiyalarning nihoyatda kichik bo‘laklari hatto yulduzlararo fazoni bosib o‘tib, Oyga yetib kelgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Tadqiqot natijalari arxiv preprintlar serverida e’lon qilingan. Bu haqda “Live Science” ma’lumotiga tayanib, “Ohu.Az” xabar berdi.

Olimlar uzoq yillardan buyon koinotda Yerdan tashqari sivilizatsiyalarning texnologik faoliyatiga oid turli belgilarni izlab kelmoqda. Biroq hozirgacha bunday sivilizatsiyalar mavjud bo‘lganini tasdiqlovchi ishonchli dalillar topilmagan. Tadqiqot mualliflari buning ehtimoliy sabablaridan biri sifatida begona sivilizatsiyalarning allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lishi mumkinligini ilgari surmoqda.

Shunga qaramay, ular yaratgan texnologik qoldiqlar hali ham saqlanib qolgan bo‘lishi ehtimoli mavjud. Olimlar esa ana shunday izlarni izlash uchun Oyni eng istiqbolli hududlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda.

Bunga, avvalo, Oyning o‘ziga xos tabiiy sharoiti sabab bo‘ladi. Unda atmosfera va magnit maydoni mavjud emas. Shu bois Oy yuzasi doimiy ravishda meteoritlar, shuningdek, Quyosh tizimi va uning tashqarisidan keladigan mikroskopik zarrachalar oqimi ta’sirida qoladi.

Bundan tashqari, Oyda tektonik faollik va suyuq suv ham mavjud emas. Shu sababli uning yuzasiga tushgan zarrachalar vaqt o‘tishi bilan Yerdagidek yemirilib yoki boshqa jarayonlar ta’sirida yo‘qolib ketmay, Oy changi tarkibida uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin.

Tadqiqotchilar ana shu chang orasida juda qadimda yo‘q bo‘lib ketgan begona sivilizatsiyalarning texnologik faoliyatidan qolgan nihoyatda mayda parchalar bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Masalan, ulkan sun’iy kosmik inshootlar, jumladan, Dyson sferalari, yoki begona sivilizatsiyalarga tegishli kosmik apparatlar vayron bo‘lganidan so‘ng, ularning qoldiqlari yulduzlararo fazoga tarqalgan bo‘lishi mumkin.

Metall yoki boshqa sun’iy materiallardan tashkil topgan mikroskopik zarrachalar aqlli sivilizatsiyalar yashagan yulduz tizimlaridan kuchli yulduz shamollari ta’sirida chiqarib yuborilgan bo‘lishi ehtimol qilinmoqda. Ular juda uzoq vaqt davomida galaktika bo‘ylab harakatlanib, oxir-oqibat Quyosh tizimiga kirgan va Oy yuzasiga tushgan bo‘lishi mumkin.

Olimlarning fikricha, agar bunday texnologik qoldiqlar haqiqatan ham mavjud bo‘lsa, ularni Oy yuzasidan aniqlash va topish boshqa sayyoralarga qaraganda nisbatan osonroq kechishi mumkin.

Biroq hozircha bu faqat ilmiy gipoteza hisoblanadi. Oyda begona sivilizatsiyalarga tegishli texnologiyalar yoki ularning qoldiqlari topilganini tasdiqlovchi hech qanday dalil mavjud emas.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar