01:19 / 07.06.2023
674

“Tolibon” Afg‘onistondagi ko‘knori maydonlarini qanday yo‘q qilmoqda?

Foto: BBC

Yaqin vaqtgacha afg‘on ko‘knorisi bilan jahon bozoridagi geroinning katta qismi ishlab chiqarilardi. Afg‘onistonga safar qilib, sun’iy yo‘ldosh tahlilini o‘rgangan BBC muxbirlari “Tolibon” harakatining hozirgi rahbarlari ko‘knori yetishtirishga qarshi kurashda o‘zlaridan oldingi rahbariyatdan ko‘ra ko‘proq muvaffaqiyat qozonganiga guvoh bo‘ldi.

Abdul ismli afg‘onistonlik erkak (“Tolibon” vakili) chap yelkasiga Kalashnikov avtomati, o‘ng qo‘lida esa katta tayoq bilan bor kuchini ishga solib, ko‘knorilarning yuqori qismiga uradi, shundan keyin ekin o‘ziga xos o‘tkir hidni atrofga yoyadi.

Bir necha daqiqada Abdul va uning o‘nlab hamrohlari shu tariqa kichik dalani qoplagan ko‘knori ekinini yo‘q qiladi. Ularning ishlash tezligi hayratlanarli.

Erkaklar shalvar va kamzul kiygan (an’anaviy afg‘on tunikalari va keng shim). Ularning barchasi qurollangan, chunki vaqti-vaqti bilan dala egalari ularga qarshilik ko‘rsatishi mumkin.

Foto: BBC

Bir dalani tugatgandan so‘ng, ular yuk mashinasining orqa tomoniga o‘tirib, keyingi dalaga yo‘l oladi.

Bu Afg‘oniston sharqida joylashgan Nangarhor viloyatidagi “Tolibon” harakatining giyohvandlikka qarshi otryadi. Ikki yildan kamroq vaqt oldin bu odamlar isyonchilar edi. Endi esa ular g‘alaba qozonib, o‘z rahbarining buyrug‘ini bajarib, hokimiyat tomonida faoliyat olib bormoqda.

2022-yil aprel oyida “Tolibon” oliy rahbari Haybatulloh Oxundzoda geroinning asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan opium yetishtirishni qat’iyan taqiqlovchi farmon chiqardi.

Taqiqni buzgan har bir kishi shariat qonunlariga muvofiq dalasi vayron qilinadi va jazolanadi.

“Tolibon” rasmiylarining BBC’ga aytishicha, qat’iy taqiq afyunning aholiga zararli ta’siri va tarqatilishi ularning diniy e’tiqodlariga zid bo‘lgani uchun joriy qilingan.

Ko‘knori o‘rniga bug‘doy

Afg‘oniston jahondagi opiumning 80 foizdan ortig‘ini ishlab chiqargan. Afg‘on opiumidan ishlab chiqarilgan geroin Yevropa bozorining 95 foizini tashkil qiladi.

Hozir yirik viloyatlarda ko‘knori yetishtirishning keskin kamaygani oddiy ko‘z bilan ham seziladi. Xuddi shu narsani kosmosdan olingan tasvirlar ko‘rsatadi.

“2023-yilda o‘tgan yilga nisbatan mamlakatda ko‘knorining yillik hosili 80 foizga kamayishi mumkin. Ehtimol, ekinlar 2022-yilga nisbatan 20 foiz kamroq bo‘ladi. Qisqartirish ko‘lami misli ko‘rilmagan bo‘lishi kutilmoqda”, — deydi Britaniyaning “Alkis” sun’iy yo‘ldosh tahlil kompaniyasining afg‘on narkotik savdosi bo‘yicha yetakchi eksperti Devid Mensfild.

Ko‘knori o‘rniga dehqonlar o‘z dalalarida bug‘doy ekadi, biroq bu ular uchun ancha kam foyda keltiradigan qishloq xo‘jaligi turi va ko‘pchilik moliyaviy tomondan qiynalayotganini aytmoqda. Ammo ba’zilari hali ham taqiqni buzmoqda.

“Tolibon” otryadi fermer Ali Muhammad Mianing ko‘knori dalasini yo‘q qilish uchun kelganida, u hayratda qolgan ifoda bilan dalasidagi pushti gullar, yashil urug‘ ko‘chatlari va singan poyalarning yerga tushishini kuzatgan.

Foto: Ali Muhammad Mia / BBC

Erkak taqiqqa qaramay, nega ko‘knor yetishtirganini quyidagicha izohlagan.

“Uyingizda ovqat bo‘lmasa, bolalaringiz och qolsa, yana nima qila olasiz? Agar bug‘doy yetishtirsak, afyun sotishdan oladigan daromadimizning atigi bir qismini olardik”, — deydi u.

“Tolibon” ochlikdan azob chekayotgan xalqining daromad manbasini yo‘q qilishga qanday qaraydi?

“Bu rahbarimizning buyrug‘i. Biz unga shunchalik sodiqmizki, agar u do‘stimga meni osib o‘ldirishni buyursa, men do‘stimga taslim bo‘laman”, — deydi Nangarhorda bo‘lgan patrul otryadi qo‘mondoni Turxon.

Janubi-g‘arbdagi Hilmand viloyati bir paytlar Afg‘onistonning ko‘knori markazi bo‘lgan. Mamlakatdagi afyunning yarmidan ko‘pi u yerda ishlab chiqarilgan. O‘tgan yili BBC muxbirlari u yerda bo‘lganida ko‘knori ekilgan dalalarni ko‘rgan, bu safar esa ekinlar yo‘q.

Graphic: Helmand poppy cultivation has collapsed - shows two satellite pics of the province (2022 and 2023) demonstrating the fall-off in poppy farming

“Alkis” tahlili shuni ko‘rsatadiki, Hilmandda ko‘knori yetishtirish 99 foizdan ko‘proqqa kamaydi.

“Hilmand viloyatining yuqori aniqlikdagi suratlari ko‘knori yetishtirish o‘tgan yilgi 129 ming gektardan 1000 gektarga kamayganini ko‘rsatadi”, — deydi Devid Mensfild.

Hilmand mahalliy aholisi ham zo‘rg‘a ro‘zg‘or tebratayotganini, hukumatdan yordam yo‘qligini aytadi.

Graph: How poppy cultivation in Helmand has fallen (shows drop from 51.9% of crops in 2022 to 0.4% in 2023)

“Tolibon” hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid Afg‘oniston muvaqqat hukumati xalqqa yordam berish uchun nima qilayotganiga quyidagicha izoh bergan.

“Odamlar juda kambag‘al va azob chekayotganini bilamiz. Lekin opiumning zarari uning foydasidan ko‘proq. Mamlakatimizda 37 million aholining to‘rt millioni giyohvandlikdan aziyat chekdi. Bu juda katta raqam. Muqobil hayot tarziga kelsak, biz xalqaro hamjamiyat jabr chekayotgan afg‘onlarga yordam berishini istaymiz”, — deydi u.

U BMT, AQSH va boshqa hukumatlarning “Tolibon” G‘arb koalitsiyasiga va avvalgi Afg‘oniston rejimiga qarshi kurashganida asosiy daromad manbai afyun bo‘lgani haqidagi da’volarini rad etadi.

“Xalqaro hamjamiyat insonparvarlik masalalarini siyosiy masalalarga bog‘lamasligi kerak. Opiumdan nafaqat Afg‘oniston, balki butun dunyo ham jabr ko‘rmoqda. Agar dunyo bu ulkan yovuzlikdan xalos bo‘lsa, afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatilishi adolatdan”, — ta’kidladi Mujohid.

Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirishning taqiqlanishi allaqachon afyunning jahon narxida katta sakrashga sabab bo‘lgan. Biroq bu geroinning ko‘cha narxiga ta’sir qilishidan oldin biroz vaqt o‘tishi mumkin.

“Opiy va geroin narxi so‘nggi 20 yil ichida eng yuqori darajada qolayotgan bo‘lsa-da, bu yil ko‘knori yetishtirish keskin kamayganiga qaramay, so‘nggi olti oy davomida arzonlashmoqda. Bu tizimda sezilarli zaxiralar mavjudligini va geroin ishlab chiqarish va savdosi davom etayotganidan dalolat beradi. Qo‘shni davlatlardagi musodaralar ham yaqin kelajakda geroin taqchilligi kutilmasligidan dalolat beradi”, — deydi Devid.

20 yil davomida ko‘knori bilan kurash

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi sobiq xodimi Mayk Treys 2000-yilda, AQSH Afg‘onistonga bostirib kirishidan bir yil avval birinchi “Tolibon” rejimi afyun yetishtirishni taqiqlaganida Buyuk Britaniya hukumatining narkotik siyosati bo‘yicha katta maslahatchisi bo‘lgan.

“Bu G‘arb narxlari va bozorlariga katta va darhol ta’sir ko‘rsatmadi, chunki bu giyohvand moddalar savdosi yo‘lida juda ko‘p zaxiralar mavjud. Bu bozorning tabiati va u so‘nggi 20 yil ichida tubdan o‘zgarmadi”, — deydi Treys.

AQSH Afg‘onistonda “Tolibon”ni moliyalashtirishni to‘xtatish umidida afyun ishlab chiqarish va uning savdosini yo‘q qilishga urinish uchun milliardlab dollar sarfladi.

Amerikaliklar “Tolibon” nazorati ostidagi hududlardagi ko‘knori maydonlariga havo hujumlari uyushtirdi, afyun zaxiralarini yoqib yubordi va giyohvand moddalar laboratoriyalariga reydlar uyushtirdi.

Ammo BBC 2021-yilda “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritgunga qadar ko‘rganidek, AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan afg‘on nazoratidagi hududlarda afyun bemalol yetishtirilgan.

Hozircha “Tolibon” Afg‘onistonda G‘arb qila olmagan ishni qilganga o‘xshaydi. Ammo ular ko‘knori taqiqini qancha vaqt ushlab turishi esa noma’lum.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Tolibon” Afg‘onistondagi ko‘knori maydonlarini qanday yo‘q qilmoqda?
ePN