11:19 / 08.06.2023
649

Simonyan urushni to‘xtatishni taklif qildi va jiddiy tanqidga uchradi

Simonyan urushni to‘xtatishni taklif qildi va jiddiy tanqidga uchradi
Foto: Videodan kadr
Kremlparast OAV va blogerlar RT bosh muharriri Margarita Simonyanning Belgorod oblasti o‘qqa tutilmasligi uchun urushni to‘xtatish va Ukrainaning «bahsli hududlarida referendumlar» o‘tkazish kerakligi haqidagi so‘zlarini muhokama qilmoqda.
 
Targ‘ibotchi bu haqda 4 iyun kuni «Rossiya 1» telekanalidagi «Vechera s Vladimirom Solovevim» ko‘rsatuvida gapirdi. Simonyan bir kun avval Indoneziya mudofaa vaziri Prabovo Subianto tomonidan taklif qilingan Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasida keltirilgan ta’riflardan foydalangan. U zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, qurollardan xoli hudud yaratish va unda xalqaro tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish, shuningdek, BMT vositachiligida «bahsli hududlar»da referendumlar o‘tkazish tarafdori edi.
[media=https://twitter.com/princdatskij/status/1666342666827894786?ref_src=twsrc%5Etfw%7Ctwcamp%5Etweetembed%7Ctwterm%5E1666342666827894786%7Ctwgr%5E49a807bc83e9ef7d4d890b5f86162af2dafce6a8%7Ctwcon%5Es1_&ref_url=https%3A%2F%2Fkun.uz%2Fnews%2F2023%2F06%2F08%2Fsimonyan-urushni-toxtatishni-taklif-qildi-va-jiddiy-tanqidga-uchradi]
Meduza nashri Simonyanning nutqidan ba’zi iqtiboslarni keltirdi.
 
Ukraina qurolli kuchlari uzoq masofaga uchuvchi raketalar va qiruvchi samolyotlarni oladi. Ular bizga, bizning hududlarimizga zarba beradi. Belgorod oblastiga, undan ham uzoqrog‘ga, Voronej oblastiga, Xudo ko‘rsatmasin, Rostov, qadrdon Krasnodarga. Qrim haqida gapirmayapman.
 
Shundan keyin biz uchun «qizil chiziq» nima bo‘ladi? Biz hali bu chiziqni kesib o‘tganimiz yo‘q — bizga qarshi urushayotganlarga zarba bermadik. Shunday payt keladiki, biz qiruvchi samolyotlar uchadigan aerodromlarga, bularning barchasi ishlab chiqariladigan zavodlarga, portlarga zarba berishimiz kerak bo‘ladi. Lekin oxir-oqibat ular ham xuddi shunday javob qaytaradi. Bu xuddi bayramda bolalar bir-biriga tort uloqtirganga o‘xshaydi. Shunday bo‘lmasligini xohlar edim.
 
Indoneziya ajoyib reja bilan chiqdi. Men ham bu haqda gapirganman. Yil davomida shuni aytdim. Hozir qon to‘kilishini to‘xtatish juda ajoyib bo‘lardi. Hamma turgan joyida qoladi, muzlatiladi va Indoneziya taklif qilganidek referendum o‘tkaziladi. Barcha bahsli hududlarda referendum. Odamlar qayerda, kim bilan qolishni istasa, bu hudud o‘sha mamlakatga o‘tadi. Bu adolatli-ku? Biz bilan yashashni istamaydigan hududlar bizga kerakmi? Men bunga ishonchim komil emas. Va negadir prezidentga ham ular kerak emasdek tuyulmoqda.
 
Bu juda yaxshi bo‘lardi, lekin bir narsa bor: ular hech qachon bunga rozi bo‘lmaydilar.
 
So‘ngra Simonyan Ukrainaning barcha hududlari, jumladan Qrim ham ozod qilingan taqdirdagina ukrainaliklar muzokara stoliga o‘tirishga tayyorligini eslatdi. Bunga javoban boshlovchi Vladimir Solovyov muzokaralar mavzusini butunlay yopish kerakligini aytdi, chunki Rossiyada muzokaralar olib boradigan hech kim yo‘q – «terrorchilar bilan muzokaralar olib borilmaydi, terrorchilar yo‘q qilinadi».
 
«Na Zzzzzapadnom fronte bez peremen» telegram-kanali sharhida aytilishicha, Simonyanning bayonoti urush tarafdori bo‘lgan bloglarda «qattiq g‘azab, xiyonatda ayblovlar va haqoratlar oqimi»ni keltirib chiqardi. Targ‘ibotchining so‘zlari go‘yo Rossiya prezidenti ma’muriyati tayyorlayotgan ehtimoliy «sharmandali kelishuv» va «milliy manfaatlarga xiyonat» sifatida qabul qilindi.
 
«Obiknovenniy sarizm» kanalida Simonyanning nutqiga «mag‘lubiyat propagandasi» deb baho berildi. «Xiyonat va qon ta’miga ega so‘zlar», deb yozdi mualliflar. «Jahannamda xoinlar uchun maxsus qozon bor. Ular sizni kutmoqda, aziz tinchlikparastlar».
 
Rossiyaning «Tretya sila» jamoat harakati rahbari Igor Skurlatov shunday deb yozdi: «Balki Margoni Qorabog‘ga referendum o‘tkazish uchun yuborish kerakdir? Margo, takabburona ohanging bizni juda g‘azablantirmoqda. Kimsan o‘zi? Mashhur siyosatchi? Sevimli jurnalist? Yo‘q. O‘z o‘rningni bil – hokimiyat propagandachisi. Keling, so‘rov o‘tkazamiz – Margarita Rossiyaning yetakchi media-menejerlaridan biri lavozimiga loyiqmi? U Malorossiyani ozod qilish uchun o‘z jonini fido qilgan minglab rus jangchilari xotirasini ochiqchasiga bulg‘adi».
 
Boshqa sharhlovchilarning ta’kidlashicha, «bahsli hududlar» haqidagi so‘zlar – Rossiya Konstitutsiyasi va hududiy yaxlitligiga hujum. «Sargrad» telekanali kursklik harbiy ko‘ngilli va bloger Roman Alexin fikrini keltirdi: «Simonyan xo‘jayinini almashtirdimi? Yoki pul to‘lovchinimi? U nafaqat bema’ni gaplarni aytdi, balki o‘zining yangi rahbarlarini ham oshkor qildi. Chunki u «bahsli» deb atagan Rossiya hududlarida o‘z taqdirini o‘zi belgilash bo‘yicha referendum o‘tkazish – G‘arb strateglari uchun orzu. Bu Rossiyaning tarqalib ketishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l. Axir, keyin Qrim ham «bahsli hudud» bo‘ladi, ehtimol Kavkazdagi respublikalar, Kaliningrad va hokazo. Qiziq, bunday gaplarni aytish yoki boshqa kafolatlarni berishning narxi qancha ekan?»
 
«Komissar ischezayet» telegram-kanali muallifi Simonyanning so‘zlarida nomenklaturaning «Vaziyatdan chiqib ketishga imkon bering!» degan hayqirig‘ini eshitdi. «Tushundim, lekin tushunolmayapman. Chunki bir narsani anglamayapman: televideniyedagi mana shunday chiqishlar va tepadagi mana shunday kayfiyat fonida odamlarni kurashga, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishga qanday qilib undash mumkin? Agar ular kurashayotgan yer istalgan lahzada Rossiyaniki emas, balki «bahsli» bo‘lib qolsa», dedi u.
 
O‘zini donetsklik kopirayter Yanis deb ataydigan «Moralniy kompas» kanali muallifi Simonyanning videosi tarqalishini Ukraina maxfiy xizmatlarining ishi, uning so‘zlarini esa kontekstdan yulib olingan dedi: «Kimdir tushunmagan bo‘lsa, Simonyan Rossiyaga qo‘shib olingan hududlar haqida emas, balki Ukraina nazorati ostida qolayotgan hududlar haqida gapirdi. Ba’zi nuqtalarda men uning fikriga qo‘shilaman, lekin bitta nozik jihat bor, deb yozdi u — Qachon Kiyev xuntasi (va ularning barcha cho‘chqabachalari) yanchib tashlansa, shunda referendum o‘tkazish va kim Rossiyaning bir qismi bo‘lishni xohlayotganini va kim neytral Ukraina hududi bo‘lib qolishni xohlashini aniqlash mantiqiy bo‘ladi».
Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Simonyan urushni to‘xtatishni taklif qildi va jiddiy tanqidga uchradi
ePN