Foto: «Dunyo» AA
O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasida elchi Dilshod Ahadov Germaniyaning Saksoniya-Anxalt federal yeri Landtagi (parlamenti) prezidenti Gunnar Shellenberger bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
Ushbu federal yerdagi demografik vaziyatni inobatga olgan holda, o‘zbekistonlik yoshlarni bu mintaqadagi korxonalarga ishlashga jalb etish imkoniyatlari nemis tomonida alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Bu borada GP Günter Papenburg AG va GfM Gruppe kompaniyalari tomonidan o‘zbekistonliklarni Germaniyada ishga joylashtirish jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. Suhbat chog‘ida ushbu yo‘nalishni yanada faollashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Nemis tomoni Germaniyada o‘rta maxsus malakadagi kadrlarning keskin tanqisligi kuzatilayotgan bir paytda Saksoniya-Anxalt va O‘zbekiston o‘rtasida respublika fuqarolarini federal yerdagi korxonalarda ishga joylashtirish borasida hamkorlikni yanada jadallashtirish maqsadga muvofiqligini qayd etdi. Bu borada O‘zbekiston yoshlarini dual kasbiy ta’lim asosida o‘qitish, kasb-hunar o‘rgatish va keyinchalik ishga joylashtirish borasida yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston va Saksoniya-Anxalt hududlarida ko‘plab tarixiy obidalar mavjudligini hisobga olgan holda, tomonlar turizm va madaniyat, tarixiy obidalarni muhofaza qilish sohalarida hamkorlik imkoniyatlarini ham muhokama qildi. Ikki tomonning tegishli muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring