Navoiyda Instagram uchun drift qilgan yigitlar jazolandi: 8 nafari 5 sutka qamaldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Navoiy shahrida ijtimoiy tarmoqlar uchun davlat raqamisiz va oynalari qoraytirilgan avtomobillarda xavfli drift qilgan 9 nafar shaxs sud tomonidan ma'muriy javobgarlikka tortildi.
- JIB Navoiy shahar sudi qaroriga ko'ra, huquqbuzarlarning 8 nafariga 5 sutkalik ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi, guruh tarkibidagi maktab o'quvchisiga esa 1 million 320 ming so'm jarima solindi.
Navoiyda ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish uchun yo‘llarda xavfli drift qilgan yigitlarning qimmatiga tushgan videolari ularni sudga olib keldi. Avtomobillarining davlat raqamlarini yechib, oynalarini qoraytirgan holda qoidabuzarlik sodir etgan guruh a’zolari orasida hatto maktab o‘quvchisi ham bo‘lgan.
Navoiy viloyati IIB axborot xizmati ma’lum qilishicha, sud qarori bilan 9 nafar huquqbuzarga ma’muriy jazo tayinlangan.
Davlat raqamisiz drift, qo‘lda esa «qurol»
Ma’lum bo‘lishicha, 26 va 22 yoshli ikki yigit Instagram ijtimoiy tarmog‘ida sahifa ochib, avtomobillar poygasi va o‘qotar qurol bilan tasvirga olingan videolavhalarni e’lon qilib kelgan.
Ularga Karmana tumani va Navoiy shahrida yashovchi boshqa poyga ishqibozlari ham qo‘shilgan. Guruh a’zolari avtomobillarining oynalarini qoraytirib, davlat raqam belgilarini yechib tashlagan holda yo‘llarda drift qilgan.
Videolarning ayrimlarida yigitlarning qo‘lida o‘qotar qurol ham ko‘ringan. Biroq tezkor surishtiruvlar davomida ushbu qurol haqiqiy emas, balki o‘yinchoq ekani aniqlangan.
Huquqbuzarliklarda foydalanilgan avtomobillar jarima maydoniga joylashtirilgan.

«Mashinam 13 kundan beri jarima maydonida»
Sudda yigitlardan biri qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, videolarning oqibatlari haqida gapirgan.
«Mana shu video bizga, ayniqsa menga qimmatga tushdi. Ishimdan ayrildim. Mashinam 13 kundan beri jarima maydonida. Hammadan kechirim so‘rayman. Qilgan ishimdan pushaymonman», — degan u.
Uning so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy tarmoqda e’tibor qozonish maqsadida olingan videolar yigit uchun jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lgan.
8 nafar yigit 5 sutkaga qamaldi
JIB Navoiy shahar sudining qarori bilan jami 9 nafar huquqbuzar mayda bezorilikda aybli deb topildi.
Sud ularga nisbatan quyidagi jazolarni tayinladi:
8 nafar huquqbuzarga 5 sutkadan ma’muriy qamoq;
maktab o‘quvchisiga 1 million 320 ming so‘m jarima.

Shunday qilib, Instagram uchun tayyorlangan xavfli videolar guruh a’zolariga qimmatga tushdi. Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda ko‘proq ko‘rinish va e’tibor qozonish istagi yo‘l harakati xavfsizligi hamda qonun talablaridan ustun bo‘lmasligi kerakligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar































Izohlar0
…