18:51 / 01.01.2025
61

Ilon Mask saylov kunidan buyon Trampning mulkida yashayotgani ma'lum boʻldi

Ilon Mask saylov kunidan buyon Trampning mulkida yashayotgani ma'lum boʻldi
Joe Raedle / Getty Images / AFP / Scanpix
Milliarder Ilon Mask AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohi hududiga koʻchib kelgan. The New York Times gazetasi oʻz manbasiga tayanib 30 dekabr kuni bergan xabarga koʻra, u 2024 yil noyabrida bu erdagi kottejlardan birini ijaraga olgan.

Nashr ma'lumotiga koʻra, Mask Tramp yashaydigan asosiy uydan «bir necha yuz fut» (1 fut 0,3048 metrga teng) masofadagi uyga joylashgan. U «Banyan» nom deb nomlangan kottejda yashamoqda, bungacha bu erda Trampning koʻplab doʻstlari va safdoshlari istiqomat qilgan. Tadbirkor bu erga AQShdagi prezidentlik saylovi kunida koʻchib oʻtgan va Trampning yonida oʻtirib, ovoz berish natijalarini kuzatib borgan. Mask rojdestvo munosabati bilan uyni tark etgan, ammo tez orada ortga qaytishi kutilmoqda.

Ilon Mask — Trampning eng muhim homiysiga aylandi, u respublikachilar nomzodining saylov kampaniyasiga 250 million dollar xayriya qilgan, deb yozadi NYT. Shuningdek, Mask saylangan prezidentning siyosat masalalari boʻyicha muhim maslahatchisi hisoblanadi, shuningdek, Tramp ma'muriyati uchun nomzodlarni tanlashga ham ta'sir koʻrsatadi.

Nashr Mask shunday qoʻshnichilik evaziga Trampning yoniga oson kirish imkoniyatiga egaligiga e'tibor qaratgan. U AQShning saylangan prezidenti bilan birga tushlik qiladi, uning xorijiy davlatlar rahbarlari (masalan, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy) bilan telefon muloqotlarida qatnashadi hamda oʻnlab soat vaqtini Tramp bilan oʻtkazadi. Yaqinda Mask va Tramp Amazon asoschisi Jeff Bezos bilan kechki ovqatni birga qilishgandi. NYT yozishicha, Maskning odamlari ham Trampning boʻlgʻusi ma'muriyatidagi rahbarlik lavozimlari uchun nomzodlar muhokamasida ishtirok etgan.

Donald Tramp 27 dekabr kuni Truth Social ijtimoiy tarmogʻida katta ehtimol bilan Ilon Mask manziliga qaratilgan shunday xabar qoldirdi: «Qayerdasan? „Olam markazi“ga, Mar-a-Lagoga qachon kelasan? Bill Geyts bugun kechqurun kelishga ruxsat soʻradi. Biz seni va X’ni sogʻindik! Yangi yil kechasi ajoyib boʻladi!!!»

The New York Times nashri qayd etishicha, Donald Tramp 1990-yillarda Mar-a-Lagodagi qarorgohini elita klubiga aylantirgan. Mask ushbu mulk hududidagi kottej ijarasi uchun qancha toʻlagani noma'lum, ammo avval bu uy bir kun uchun ikki ming dollarga ijaraga berilgan. Odatda Mar-a-Lago ma'muriyati mehmonlarga hisobni ular joʻnab ketishidan oldin beradi. Shunday qilib, Tramp Maskning yakuniy hisobini qisqartirishi yoki umuman toʻlov olmasligi ham mumkin, deb yozadi nashr. Yakunda tadbirkor yashagani uchun qancha toʻlashi noma'lum.

Donald Trampning Palm-Bichdagi Mar-a-Lago qarorgohi, Florida shtati. 2024 yil 24 dekabr
Anna Moneymaker / Getty Images


Donald Trampning Palm-Bichda harakatlanayotgan korteji. 2024 yil 23 dekabr
Anna Moneymaker / Getty Images

Saylangan prezidentning atrofidagilar Ilon Mask doimiy ravishda Trampning qarorgohida ekanidan norozi, deb xabar bergandi noyabr oyida NBC News manbasi. The New York Times gazetasi ayrim maslahatchilar Mask Trampga bu qadar katta ta'sir qilayotganidan norozi boʻlishgani haqida yozgan.

Nashr 20 yanvarga belgilangan inauguratsiya marosimidan keyin Tramp Oq uyga koʻchib oʻtishi va Maskda prezident bilan tez-tez toʻgʻridan toʻgʻri muloqot qilish imkoni boʻlmasligi, chunki prezident ma'muriyatiga kirish Mar-a-Lagodagidan «ancha murakkabroq» boʻlishini qayd etgan.

Tramp jamoasi vakili NYT’ning soʻroviga javob qaytarmagan. Ilon Mask ham nashr soʻrovlarini e'tiborsiz qoldirgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo