Arxiv foto: Pekin 2022 yil, 24 noyabr / AP Photo
Xitoyda asosan bolalar orasida yangi virus — inson metapnevmovirusi (HMPV) tarqalmoqda, u koronavirusga oʻxshash simptomlarga ega. Bu haqda The Insider nashriga tayanib Daryo xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, virus tufayli shifoxonalar bemorlar bilan toʻlgan. Bir vaqtning oʻzida bir nechta virusning, jumladan Mycoplasma pneumoniae’ning tarqalishi ham kuzatilmoqda.
Xitoy kasalliklar nazorati va profilaktikasi boshqarmasi yangi epidemiya haqidagi mish-mishlar fonida bayonot berdi. Unga koʻra, tekshiruv uchun bemorlardan tahlillar toʻplangan va natijalar taqdim etilgan.
"Olingan nafas yoʻllari namunalarida asosan gripp virusi, inson metapnevmovirusi va rinovirus ijobiy qoʻzgʻatuvchilar sifatida aniqlanmoqda. Ogʻir oʻtkir nafas yoʻllari infektsiyasi bilan kasalxonaga yotqizilgan bemorlarning namunalarida esa asosan gripp, Mycoplasma pneumoniae va inson metapnevmovirusi ijobiy qoʻzgʻatuvchilar hisoblanadi", deyiladi boshqarma xabarida.
Inson metapnevmovirusi (HMPV) sifatida aniqlangan virus qishda Xitoyning shimoliy viloyatlarida, ayniqsa bolalar orasida avj oldi. Bu epidemiya Xitoyning Uxan shahrida yangi koronavirus paydo boʻlishi haqida dunyo ilk bor ogohlantirilganidan 5 yil oʻtib sodir boʻldi, keyinchalik u etti million oʻlim bilan global pandemiyaga aylangandi.
Xitoydagi shifoxonalarda niqob taqqan odamlarning surat va videolari ijtimoiy tarmoqlarda paydo boʻldi va mahalliy xabarlarga koʻra, HMPV’ning tarqalish sahnalari dastlabki COVID epidemiyasiga oʻxshaydi.
Sogʻliqni saqlash organlari tomonidan kasallik tarqalishini nazorat qilish va boshqarish boʻyicha favqulodda choralar koʻrilmoqda. Biroq, Pekin bu oʻzgarishlarni yillik qishki hodisa sifatida past baholadi.
Natijalar tahlili shuni koʻrsatadiki, hozirgi vaqtda oʻtkir respirator yuqumli kasalliklar doimiy oʻsish tendentsiyasiga ega boʻlib, buni mavsumiylik bilan izohlash mumkin. Boshqarmaning ta'kidlashicha, bir qator viloyatlarda Mycoplasma pneumoniae bilan kasallanish pasaymoqda, 14 yoshgacha boʻlgan bolalar orasida HMPV ortib va oʻzgarib bormoqda.
HMPV nima?
Inson metapnevmovirusi yoki HMPV nafas yoʻllari infektsiyasini keltirib chiqaruvchi virus boʻlib, u oddiy shamollash va grippga oʻxshash belgilarni yuzaga keltiradi. Kasallik koʻpincha engil kechsa-da, ayniqsa chaqaloqlar, keksalar va immun tizimi zaiflashgan kishilarda pnevmoniya kabi jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin.
Aslida virus yangi emas, lekin Xitoyning shimolida, ayniqsa 14 yoshdan kichik bolalar orasida kasallanish holatlari koʻpaygani tufayli e'tiborni tortdi.
Birinchi marta 2001 yilda aniqlangan HMPV bir zanjirli RNK virusi boʻlib, nafas olish tomchilari yoki ifloslangan yuzalar bilan aloqa orqali tarqaladi. Bu infektsiyalar ilgari ham Buyuk Britaniya kabi turli mamlakatlarda qayd etilgan.
COVID bilan oʻxshash jihatlari
1. Ikkala virus ham barcha yoshdagi odamlarda nafas olish a'zolari kasalliklarini keltirib chiqaradi. Kichik yoshdagi bolalar, katta yoshdagilar va immun tizimi zaiflashgan odamlar xavf ostida boʻlishi mumkin.
2. Simptomlar ham oʻxshash. Koʻpincha HMPV bilan bogʻliq boʻlgan alomatlarga yoʻtal, isitma, burun bitishi va nafas qisilishi kiradi. Bular ham COVID-19 virusi bilan kasallangan odamlardagi alomatlardir.
3. Ikkala virus ham yuqtirgan odamdan boshqalarga yoʻtal, aksirish va yaqin shaxsiy aloqa orqali yuqishi mumkin.Ular viruslar mavjud boʻlgan buyumlar yoki yuzalarga teginib, soʻngra ogʻiz, burun yoki koʻzlarga qoʻl tekkazish orqali ham tarqaladi.
4. COVID-19 haroratga sezgir va shuning uchun mavsumiy. Xuddi shunday, HMPV turli yillik fasllarda aylanib yuradi.
Kasallikdan himoyalanish
HMPV tarqalishining oldini olish uchun vaktsina yoʻq. Ammo bemorlar quyidagi qadamlarga amal qilish orqali HMPV va boshqa respirator viruslar tarqalishining oldini olishi mumkin:
- Qoʻllarni kamida 20 soniya davomida sovun va suv bilan tez-tez yuvib turing;
- Yuvilmagan qoʻllar bilan koʻz, burun yoki ogʻizga tegmang;
- Kasal odamlar bilan yaqin aloqada boʻlmang;
- Shamollashga oʻxshash alomatlari boʻlgan bemorlar yoʻtalganda va aksirganda ogʻiz va burunni yopishi kerak;
- Birovlarning idish-tovoqlaridan foydalanmang, shaxsiy gigiyenaga rioya qiling.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
2024 yilning eng yaxshi 10 ta filmi
Qishda terini qanday parvarish qilish kerak?
Endi yuridik shaxslar "svet"ga mobil aloqa orqali toʻlov qilishi mumkin
Kelgusi hafta boshida kutilayotgan ob-havo ma'lum qilindi
Koʻp qavatli uylar oldi va mahallalarning ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari etishtiriladi
2025 yil barcha muchal vakillariga nimalarni bashorat qilmoqda?
Makron: Ukrainaning taslim boʻlishi na AQSh, na Evropa Ittifoqi uchun foydali emas
Ispaniya 2025 yil aprel oyidan «oltin vizalar»ni bekor qiladi