00:24 / 21.01.2025
0

Tramp 2.0 oʻzgargan Yaqin Sharqqa nimalar va'da qilmoqda?

Tramp 2.0 oʻzgargan Yaqin Sharqqa nimalar va'da qilmoqda?
Foto: AFP
Koʻp yillik urushlarni yakunlash, yangilarini boshlamaslik va Amerika manfaatlari yoʻlida dushmanlarni yarashtirish — Donald Trampning AQSh prezidenti sifatidagi ikkinchi muddatdagi rejasi. Ammo, Yaqin Sharq hududida uni qanday muammolar kutib turibdi? U tinchlikparvar prezident boʻla oladimi yoki uning davrida bu mintaqada yangi mojaro avj oladimi?

Soʻnggi toʻrt yil ichida Yaqin Sharqda vaziyat keskin oʻzgardi. Eronning «Qarshilik oʻqi» zaiflashdi; Bashar Asad endi Suriya etakchisi emas; Saudiya Arabistoni Eron bilan avvalgidek keskin qarama-qarshilikda emas; Isroil Eronning yadroviy ob'ektlariga zarba berish bilan tahdid qilmoqda. Shu bilan birga, arab-isroil mojarosi yana kuchaydi, falastinliklar masalasi esa hali ham hal etilmagan.

Tramp oʻzini tinchlik uchun Nobel mukofotiga munosib, deb hisoblaydi. U Bayden muvaffaq boʻlmagan ish — Yaqin Sharq va Evropadagi urushlarni tugatishni istaydi. Evropa haqida gapirar ekan, u Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga ham e'tibor qaratgan.

«Buni tugataylik, tinchlikka qaytaylik va odamlarni oʻldirishni toʻxtataylik», — degandi Tramp oʻtgan yil bahorida Gʻazo mojarosi borasida intervyu berganida. Biroq, bunday maqsadga qanday etishmoqchi ekani haqida aniq ma'lumot bermagan.

Ekspertlar Trampning yondashuvini taxmin qilib boʻlmaydigan, betartib va shaxsiy manfaatlarga asoslangan, deb baholashadi. Uning uslubi va munosabati oʻzgarishi mumkin, biroq Yaqin Sharq boʻyicha siyosatining umumiy yoʻnalishi asosan avvalgidek qoladi. Bayden Trampning siyosatiga keskin qarshi chiqmagani kabi, Tramp ham Baydenning ba'zi tashabbuslarini davom ettirishi ehtimoldan xoli emas.

Biroq, bu yoʻlda jiddiy burilish nuqtalari bor. Ana shu asosiy muammolarga Tramp qanday munosabatda boʻlishi uning ikkinchi prezidentlik muddati oxirida Yaqin Sharq qanday boʻlishiga ta'sir koʻrsatadi, deb yozadi BBC.

Foto: EPA
Donald Tramp ilk prezidentlik muddatida qator arab davlatlarini Isroilni tan olishga ishontirishga va Saudiya Arabistonini Isroil bilan muzokaralar oʻtkazishga chaqirishga muvaffaq boʻlgan edi. U ikkinchi muddatda ham shu yoʻlni davom ettirib, Avraam kelishuvlarini yanada kengaytirishni maqsad qilgan.

Trampning Yaqin Sharq boʻyicha siyosatining boshqa ikki asosiy tamoyili – Isroilni toʻliq qoʻllab-quvvatlash hamda Eronning yadroviy dasturiga keskin qarshi turish.

Biroq, ushbu maqsadlarni amalga oshirish oson boʻlmaydi. Chunki Yaqin Sharqda Trampning birinchi muddati davridan beri vaziyat jiddiy oʻzgargan. Eronning mintaqaviy ta'siri zaiflashgan boʻlsa-da, arab-isroil mojarosi yana kuchaydi va Falastin masalasi toʻliq hal etilmaganicha qolmoqda.

Saudiya marvaridi

Donald Tramp oʻzining birinchi prezidentlik muddatdagi eng muhim yutuqlaridan biri sifatida Avraam kelishuvlarini koʻrsatgandi. Bu kelishuvlar Isroilning Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Marokash va Sudan bilan diplomatik aloqalarni normallashtirishini ta'minladi.

Avraam kelishuvlari 2.0 uchun markaziy vazifa Saudiya Arabistoni va Isroil oʻrtasidagi munosabatlarni normallashtirish boʻlishi mumkin. Tramp ushbu maqsadni oʻzining yangi muddatdagi eng ustuvor vazifasi deb atadi. Hamas va Isroil oʻrtasidagi tinchlik kelishuvi e'lon qilinganidan keyin, u shunday dedi: «Biz kelishuvlarni rivojlantiramiz va kengaytirishga kirishamiz».

Bu orzuni amalga oshirishga Jo Bayden ham intilib kelgan edi. Hamasning Isroilga hujumigacha Saudiya Arabistoni va Isroil oʻrtasidagi munosabatlarni normallashtirish masalasi faol muhokama qilingandi.

Ammo bu jarayonga Isroil va Hamas oʻrtasidagi urush va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning Falastin davlatchiligi boʻyicha murosasiz pozitsiyasi toʻsqinlik qildi.

Netanyahu oʻz fikrini hozirgacha oʻzgartirmagan. Uning hukumatidagi ayrim oʻta oʻng qarashdagi millatchi siyosatchilar esa «ikki xalq uchun ikki davlat» formulasi haqida eshitishni ham istamaydi.

Tramp Isroil bosh vazirini fikrini oʻzgartirishga koʻndirishni xohlaydimi va buni amalga oshira oladimi — hozircha ochiq savol boʻlib qolmoqda. Saudiya bilan Isroil oʻrtasidagi munosabatlarni normallashtirish esa Yaqin Sharqdagi vaziyatni jiddiy oʻzgartirishi mumkin.

Saudiya Arabistonida musulmonlarning ikki muqaddas ziyoratgohi Makka va Madina joylashgan. Al-Haram masjidi ichida joylashgan Ka'ba haj va umra vaqtida butun dunyodan ziyoratchilar yigʻiladi. Foto: Getty Images
2020 yilda imzolangan ilk Avraam kelishuvlari Falastin muammosini ancha chetlab oʻtgan edi. Ammo bugun Saudiya Arabistoni bilan muzokaralarda falastinliklarning kelajagi masalasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Saudiyaning de-fakto hukmdori shahzoda Muhammad ibn Salmon bu masalada qat'iy va Falastin muammosini hal qilmasdan turib normallashuv mumkin emasligini ta'kidlamoqda.

Shahzodaning yaqinda bergan bayonotlari ushbu masala boʻyicha kelishuv hozircha amalga oshishdan yiroq ekanini koʻrsatadi. U Gʻazoda yuz berayotgan voqealarni genotsid deb atagan va Falastin davlati barpo etilmasdan turib Isroil bilan diplomatik aloqalar oʻrnatilmasligini yana bir bor aniq aytgan.

«Qirollik Falastinning Sharqiy Quddus poytaxti boʻlgan mustaqil davlatini yaratishga qaratilgan sa'y-harakatlarini davom ettiradi. Qirollik bu sharoitlarsiz Isroil bilan diplomatik aloqalar oʻrnatmaydi», — deya ta'kidlagan shahzoda sentyabr oyida.

Trampning 1.0 versiyasi Isroilning Sharqiy Quddus va Joʻlan tepaliklari ustidan suverenitetini tan olgan, shuningdek, AQSh elchixonasini Quddusga koʻchirgan edi. U oʻzini Isroilning eng yaxshi doʻsti deb atagan va 2020 yilda Falastin muammosi boʻyicha oʻz rejasini taqdim etgandi.

Ushbu reja Isroilning Yaqin Sharqdagi barcha harakatlarini, jumladan, Oʻrdun daryosining Gʻarbiy sohilidagi anneksiyani qonuniylashtirish va Quddusni Isroilning poytaxti deya e'lon qilishga qaratilgandi.

Bu reja Isroil tarafidan qoʻllab-quvvatlandi, ammo falastinliklar uni qat'iy rad etdi. Ushbu tashabbus Avraam kelishuvlari bilan almashtirildi, ammo Isroil anneksiya rejalaridan voz kechmadi.

2022 yildan beri Isroilda tarixdagi eng oʻta oʻng hukumat hukmronlik qilmoqda. Hukumat a'zolari Gʻarbiy sohilning toʻliq anneksiyasi va Gʻazoni qayta bosib olish zarurligini ochiq aytmoqda. Tramp ushbu siyosiy intilishlarni qoʻllab-quvvatlaydimi yoki yoʻqmi — bu savol ham hozircha ochiq qolmoqda.

Trampning yaqindagi tayinlovlari orasida AQShning Isroildagi boʻlajak elchisi Mayk Hakabi bor. U oʻz bayonotida Isroil suverenitetini Falastin hududlarigacha kengaytirishga qarshi emasligini aytib oʻtgan. Bu esa yangi ma'muriyatning Yaqin Sharqdagi siyosatini qanday amalga oshirishini yanada noaniq qiladi.

Ilgari oʻzining «Aslida, «falastinlik» degan tushuncha mavjud emas», degan gapi bilan tanilgan Hakabi, tayinlanganidan soʻng, shunday dedi: «Albatta, Trampning ikkinchi ma'muriyati davrida Yahudiya va Samariya anneksiya qilinishi mumkin».

Ayrim ekspertlar va diplomatlar Tramp Gʻarbiy sohilda Isroil ekspansiyasiga qarshi boʻlmasligi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Shu bilan birga, u falastinliklarga 2020 yildagi tinchlik rejasiga qaytishni taklif qilishi mumkin.

«Trampning Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan munosabatlari va uning yangi tayinlovlarining siyosiy pozitsiyalarini hisobga olgan holda — ular orasida AQShning Isroildagi elchisi Mayk Hakabi va uning mudofaa vaziri Pit Hegset bor — AQSh Isroilning Gʻarbiy sohilni anneksiya qilishga yoki, kamida, uning katta qismini oʻzlashtirishga yoʻl ochib berishidan xavotir kuchaymoqda», — deb yozadi Britaniyaning Chatham House tahlil markazi ilmiy xodimi, Yaqin Sharq boʻyicha ekspert Nil Kuilliam.

Trampning ikkinchi muddatidagi markaziy masalalardan biri Gʻarbiy sohildagi yahudiy manzilgohlari boʻladi. Foto: BBC
Yangrayotgan ayrim taxminlarga koʻra, Tramp falastinliklarga Puerto-Riko modeliga oʻxshash avtonomiya taklif qilishi mumkin (Puerto-Riko — Karib dengizi mintaqasidagi AQShning korporatsiyalashmagan hududi). Trampning sobiq maslahatchisi Mayk Evans yaqinda bergan intervyusida ta'kidlashicha, «tinchlik evaziga tinchlik» tamoyili asos qilib olinadi, «zamin evaziga tinchlik» emas. Bu kabi yondashuv haqida AQShning Isroildagi sobiq elchisi Devid Fridman ham oʻz kitobida yozgan. Bunday taklifga falastinliklar qanday munosabatda boʻlishini taxmin qilish qiyin emas.

Davlat departamenti rahbari boʻlishi kutilayotgan Marko Rubio esa Bayden ma'muriyati davrida Gʻarbiy sohildagi falastinliklarga hujum qilishda ayblangan isroillik koʻchkindilarga nisbatan joriy etilgan sanktsiyalarni bekor qilishga va'da bergan. Shuningdek, u Tramp ma'muriyatini «Amerikaning eng Isroil tarafdori ma'muriyati» boʻlishini ta'kidladi. Ilgarigi Bayden ma'muriyati ham oʻzini Isroil tarafdori deb bilgan: Bayden Isroilni qat'iy qoʻllab-quvvatlagan va oʻzini sionist deb atagan. Gʻazo urushi boshidan beri AQSh Isroilga 18 mlrd dollarlik qurol etkazib bergan.

Trampga Isroilni qoʻllab-quvvatlash va Netanyahuning ulkan intilishlari hamda oʻzining asosiy maqsadi — Saudiya Arabistoni bilan kelishuvga erishish oʻrtasida muvozanatni saqlashga toʻgʻri keladigan koʻrinadi.

Siyosiy tahlilchi Nil Kuilliamning fikricha, Saudiya Arabistonining pozitsiyasi Isroilning Gʻarbiy sohilni anneksiya qilishidan tiyilishini ta'minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin, ayniqsa, agar Tramp uchun normallashuv eng katta mukofot boʻlsa.

«Tramp har qanday sharoitda kelishuv imkoniyatini koʻradi. Agar u muayyan turdagi Falastin davlatini tashkil qilish evaziga normallashuvga erishishi mumkin, deb hisoblasa, u bunga rozi boʻladi», — deydi Fransiya Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi etakchi ilmiy xodimi Alen Diyekoff.

Trampga Netanyahudan sovgʻa

Donald Tramp Oq uyga qaytishidan oldin Isroil va Hamas oʻrtasida oʻt ochishni toʻxtatish va asirlarni almashinuvi boʻyicha kelishuvga erishildi. Ham amaldagi prezident Jo Bayden, ham yangi prezident Donald Tramp ushbu jarayonni oʻz yutugʻi sifatida baholashdi.

Netanyahu va Trampning munosabatlari iliq. Asosiy masala — mintaqadagi muammolarni echishda Tramp bunday qay tarzda foydalanishida. Foto: youm7.com
Otashkesim qancha davom etishi haqida hech kim aniq ayta olmayapti, ammo Gʻarb diplomatlari va ekspertlari birinchi bosqich — 42 kunlik kelishuv muddatidan keyin urush yangilanishi mumkinligidan xavotirda.

Bu kelishuv Bayden tomonidan may oyida taklif qilingan rejani aynan takrorlaydi. Aslida, ushbu rejani avvalroq Isroil ham ilgari surgandi. Biroq shu paytgacha kelishuv faqat qogʻozda qolib kelgan. Ekspertlar fikricha, kelishuvga erishishda «Tramp effekti» hal qiluvchi omil boʻlgan.

«Bu kelishuvdan koʻrinib turibdiki, Trampning yangi ma'muriyati — Isroilni zarur muvozanatlarga erishishga majbur qilish uchun etarli ta'sir kuchiga ega yagona tomon», — deydi Evropa Xalqaro munosabatlar kengashi katta ilmiy xodimi Hyu Lovatt.

Tramp va Netanyahu oʻrtasida iliq munosabatlar mavjud, va koʻplab tahlilchilar fikricha, Isroil bosh vaziri aynan Tramp qaytishini kutgan, soʻngra oʻt ochishni toʻxtatish haqida e'lon qilgan.

«Netanyahu Trampga sovgʻa tayyorlamoqchi boʻlgani uchun Bayden prezidentligi davrida hech qanday qarorga kelmagan», — deydi frantsiyalik tarixchi Vensan Lemir.

Tramp, oʻz navbatida, oʻt ochishni toʻxtatish va asirlarni almashish boʻyicha kelishuv uning lavozimga kirishishidan oldin imzolanishi shartligini bir necha bor ta'kidlagan.

Kelishuvning koʻplab noaniq tomonlari mavjud. Gʻazo kim tomonidan boshqarilishi, Hamas va Falastin ma'muriyatining kelgusi roli qanday boʻlishi noma'lum. Binyamin Netanyahu avvallari Gʻazo ustidan nazoratni Falastin milliy ma'muriyatiga topshirishga qarshi chiqqan, boshqa isroillik siyosatchilar Gʻazo ustidan toʻliq nazoratni Isroilga berishni talab qilishgan.

Frankfurtdagi Tinchlik muammolarini oʻrganish instituti (PRIF) ilmiy xodimi Eldad Ben Aaron Isroil va Hamas oʻrtasidagi kelishuv haqida «Trampni shartnomaning mazmuni emas, uning borligi qiziqtiradi. U oʻz merosi va Nobel tinchlik mukofoti haqida oʻylaydi», — deya izoh berdi.

Kelishuvning uch bosqichi ham amalga oshadimi, urush yangidan avj oladimi va yangi ma'muriyat bu vaziyatda qanday yoʻl tutadi — hozircha noma'lum.

«Bugungi kelishuv Gʻazodagi urushni yakunlamaydi. Bu faqat 2-bosqich doirasida amalga oshishi mumkin. Ammo 2-bosqichga oʻtilsa-oʻtiladimi, bu koʻp jihatdan Tramp ma'muriyatining qat'iyatiga bogʻliq. Ular Isroilni ushbu bosqichga majburlashadi yoki urushni yangidan boshlashga ruxsat berishadi», — deydi Kaliforniya universitetining isroilshunoslik boʻyicha professori Dov Vaksman.

Buyuk Britaniyaning RUSI tahlil markazi Yaqin Sharq xavfsizligi boʻyicha eksperti H.A.Hellyer yanada pessimistik fikr bildirdi.

«Birinchisi amalga oshish arafasida. Agar amalga oshmasa, ajablanaman. Ammo 2- va 3-bosqichlar faqat Tramp ma'muriyati isroilliklarga kuchli bosim oʻtkazgandagina amalga oshadi. Ammo bunday boʻlish ehtimoli juda oz», — deydi u.

Hellyerning fikricha, bu kelishuv urushni toʻxtatish uchun emas, balki faqat asirlar almashuvini ta'minlash uchun yaroqli.

«Kelishuvni urushni toʻxtatish shartnomasiga aylantirish mumkin, lekin bunga erishish uchun Isroil Gʻazo sektoridagi urushni toʻxtatishi va oʻz harbiylarini chiqarishi kerak. Hozircha bunday ehtimol juda kam», — deya izohladi ekspert.

Isroilning Haaretz gazetasi yangi ma'muriyat uchun haqiqiy sinov kelishuvning 2-bosqichi amalga oshish muddati yaqinlashganda kelishi haqida yozdi.

«Netanyahu va uning tarafdorlari ikkinchi bosqichni buzish va urushni toʻxtatish majburiyatidan qochish niyatida ekanliklarini ochiq aytdi. Yangi AQSh prezidenti kelishuv bajarilishini ta'minlab, asirlarning ozod qilinishi va urushni toʻxtatish kafolatlarini ta'minlashi lozim boʻladi», — deya xulosa qiladi nashr.

Eron: bosim yoki boʻshashish va yana Saudiya Arabistoni

Trampning birinchi prezidentligi davrida Eron bilan yaqinlashuv oʻrniga maksimal bosim siyosati amalga oshirildi. U AQShni Eronning yadroviy dasturi boʻyicha kelishuvdan chiqardi va Eronga qarshi qattiq sanktsiyalar joriy etdi. Yaqin Sharq siyosatidagi yangi tayinlangan shaxslar, jumladan, Davlat kotibi Marko Rubio va Milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Mayk Uols, Eronga qarshi qattiq ritorikalari bilan tanilgan.

Foto: Hasan Sarbakhshian / AP
Isroil, oʻz navbatida, AQShdan Eronning yadroviy ob'ektlariga zarba berishga ruxsat soʻramoqda. 4 oktyabrda Tramp Baydenning Isroilga Eron tomonidan raketa hujumiga javob berish boʻyicha bayonotiga munosabat bildirib, shunday degan edi: «Avvalo, yadroviy ob'ektlarni yoʻq qilish kerak, qolgani haqida keyin oʻylash mumkin».

Isroil harbiylari yangi zarba rejalarini ishlab chiqmoqda va Trampning Baydendan farqli ravishda bunday operatsiyaga qarshi chiqmasligiga umid qilmoqda.

Tahlilchilar Trampning Eronga nisbatan maksimal bosim siyosatiga qaytishni istashi haqida gapirmoqda. Tramp Eronning yadroviy qurol yaratishining oldini olishni oʻzining asosiy maqsadi deb koʻp bor ta'kidlagan.

Soʻnggi yil davomida Eronning mintaqaviy ta'siri sezilarli darajada kamaydi. «Hizbulloh» etakchilari yoʻq qilindi, Suriyadagi asosiy ittifoqchi Bashar Asad agʻdarildi. Biroq, Eron Iroqdagi siyosatga hamon ta'sir oʻtkaza oladi va mintaqada ta'sir richaglariga ega, shuningdek, Yamandagi husiychi ittifoqchilari orqali Isroilga raketa hujumlari amalga oshirmoqda va Qizil dengizda savdo kemalariga hujum qilmoqda.

Tramp ma'muriyati, ehtimol, Eron rejimiga bosim oʻtkazib, yangi muzokaralarga majbur qilishga harakat qiladi. Biroq, bunday yondashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad rejimni oʻzgartirish emas, balki Isroil xavfsizligini ta'minlash va Eronning yadroviy qurolga ega boʻlishining oldini olish boʻlishi mumkin.

Biroq, Tramp shu bilan birga, Eron bilan yangi kelishuvga erishish ehtimoli haqida ham koʻp bora ishora qilgan.

«Biz kelishuvga erishishimiz kerak. Aks holda bu juda ogʻir oqibatlarga olib keladi», — degan edi Tramp sentyabr oyida Eronning yadroviy dasturi haqida.

Siyosatchilar va tahlilchilar Trampning Eron siyosatidagi ikkinchi bosqichida ushbu ziddiyatli yondashuv qanday amalga oshishini kuzatishmoqda. Unga qaramay, Trampning Eron siyosati bir tomondan bosim, ikkinchi tomondan muzokara imkoniyatlarini oʻzida mujassamlashtirishi kutiladi.

2024 yil noyabrda Donald Tramp tomonidan hukumatning samaradorlik departamenti rahbari etib tayinlangan Ilon Mask Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoni bilan uchrashdi. New York Times gazetasi ma'lumotlariga koʻra, uchrashuvda Eron va AQSh oʻrtasidagi munosabatlarni yumshatish yoʻllari muhokama qilingan.

Eronning oliy rahbari oyatulloh Xominaiy avgust oyida AQSh bilan muzokaralar boshlash ehtimolini tilga olgandi. Parij siyosiy fanlar instituti (Sciences Po) professori Kevan Gʻafoitiy shunday deb yozadi: «Har qanday imkoniyatni koʻrib chiqish zarur — mojarolardan to muzokaralarga yoki yangi Eron-AQSh kelishuvigacha».

Ekspertlar fikricha, Trampning Yaqin Sharqdagi siyosati oʻzining 2017–2021 yillar davomidagi tamoyillarini davom ettirishi mumkin: mintaqaga yangi urushlarning oldini olish va asosiy raqib — Xitoyga e'tibor qaratish.

Trampning birinchi prezidentligi davrida Fors koʻrfazidagi davlatlar, ayniqsa Saudiya Arabistoni, Eronga nisbatan qattiq bosim va maksimal sanktsiyalar siyosatida AQShni qoʻllab-quvvatlagan. Ular Eronni asosiy dushman va mintaqaviy xavf deb hisoblashgan. 2020 yilda Tramp buyrugʻi bilan Eron generali Qosim Sulaymoniy oʻldirilishi ham ushbu davlatlar tomonidan quvvatlandi.

Tramp oʻzining birinchi muddatida MBS bilan yaxshi munosabatlarga erishgan. Bu safar qanday boʻladi? Foto: Getty Images.
Bundan farqli ravishda, 2023 yilda Xitoy vositachiligida Saudiya Arabistoni Eron bilan diplomatik aloqalarni qayta tiklash boʻyicha kelishuvga erishdi. Shuningdek, Bahrayn ham Eron bilan diplomatik aloqalarni qayta tiklash ehtimoli haqida bayonot berdi.

Hozirgi vaziyatda Saudiya Arabistoni avvalgiday Eronga qarshi keskin siyosatni qoʻllab-quvvatlamasligi mumkin, deb hisoblaydi ekspertlar. Shu bois, Tramp ma'muriyatining Eronga nisbatan yanada bosim oʻtkazish siyosati oʻtmishdagidek qoʻllab-quvvatlanishi ikkilanadigan masala boʻlib qolmoqda.

Saudiya Arabistonining de-fakto etakchisi Muhammad ibn Salmon (Gʻarbda MBS qisqartmasi bilan mashhur) mamlakatning «2030-yil nigohi» megaloyihasi orqali Saudiya kelajagini qayta qurishga intilayotgan davrda mintaqaviy beqarorlik uning rejalarini qiyinlashtirmoqda. Ushbu dastur neftga boʻlgan qaramlikni kamaytirish, turizm va sportni rivojlantirish kabi ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarni oʻz ichiga oladi.

Texas universiteti xalqaro munosabatlar boʻlimi professori Gregori Gauze oʻz tahliliy maqolasida «Eranning yakuniy maqsadlariga hali ham shubha bilan qarayotgan ibn Salmon hozirda Tehronga nisbatan «maksimal bosim» siyosatidan butunlay farqli siyosat yuritmoqda», deb yozgan.

2019 yilda Saudiya neft ob'ektlariga qilingan hujumlarda Saudiya Arabistoni Tehronni aybladi. Hujumlar uchun mas'uliyatni husiychilar zimmasiga olgan boʻlsa-da, Saudiya ushbu hodisada Eronning bevosita ishtirokini koʻrsatgan. Donald Tramp oʻshanda bu hujumlarga qarshi qoʻshma harbiy choralar koʻrishdan bosh tortgan va Eronga qarshi shundoq ham qat'iy sanktsiyalarni kuchaytirish bilan cheklangan.

Oʻshandan beri Fors koʻrfazidagi davlatlar mintaqaviy xavfsizlik va aloqalarni mustaqil tarzda yoʻlga qoʻyish zaruratini tushunib etishdi.

Trampning jamoasi duch kelishi mumkin boʻlgan muammolardan yana biri — agar Tramp oʻz saylovoldi va'dalarini bajarib, AQShda neft qazib olishni sezilarli darajada koʻpaytirsa, Fors koʻrfazidagi ishlab chiqaruvchilarga ishlab chiqarish hajmlarini oshirish imkoniyati cheklanadi. Bu esa narxlar pasayishiga olib kelishi mumkin.

Trampning diplomatik urinishlari arab monarxiyalari tomonidan tushunilishi mumkin boʻlsa-da, uning iqtisodiy siyosati Saudiya va boshqa koʻrfaz davlatlari uchun qoʻshimcha muammolarni keltirib chiqarishi ehtimoli yuqori.

Yangi Suriya

Donald Trampga Asadlar sulolasi ortiq humronlik qilmaydigan yangi Suriya meros qoldi. Ilk prezidentlik muddatida Tramp Suriyadan Amerika qoʻshinlarini olib chiqishni e'lon qilgan boʻlsa-da, bu mamlakat shimoli-sharqida hamon AQShning taxminan 2 mingga yaqin harbiylari qolmoqda. Shu bilan birga, Suriya hanuz Amerika sanktsiyalari ostida va Bashar Asadni agʻdargan «Hay'at Tahrir ash-Shom» harakati hamon AQShning terrorchi tashkilotlar roʻyxatida turibdi.

Asadlar sulolasining yarim asrlik hukmronligiga barham berildi. Foto: Getty Images.
Yangi ma'muriyat uchun Suriyadagi eng katta boshogʻriq — «Iroq va Shom islom davlati» qayta tiklanishining oldini olish. 2019 yilda AQSh qoʻshinlari qurollangan kurdlar bilan birgalikda uni enggan boʻlsa-da, hali ham mintaqa murakkabliklardan xoli emas.

AQSh hozir asosan kurdlardan iborat Suriya demokratik kuchlarini qoʻllab-quvvatlaydi, ular mamlakatdagi neft hududlarini nazorat qilishmoqda. Turkiya esa Suriya milliy armiyasini qoʻllab-quvvatlab, kurdlarga qarshi kurash olib bormoqda.

Qolaversa, Suriya hududida AQShning ikki ittifoqchisi Isroil va Turkiya ham ziddiyatga borishi mumkin.

Tramp bu ziddiyatlar haqida gapirib, AQSh hukumatiga mojarolarga aralashmaslikni maslahat bergan: «Bu bizning jangovar kurashimiz emas. Ular oʻz qoidalari boʻyicha oʻynashsin».

Biroq ekspertlar Suriyadagi vaziyatni chetlab oʻtishning iloji yoʻqligini ta'kidlashmoqda. Agar AQSh mintaqani tark etsa, Rossiya va Eron qaytib kelib, oʻz ta'sirlarini tiklashga urinishadi. Qolaversa, kurdlarning holati yomonlashishi va IShIDning tiklanishi ehtimoli mavjud.

Yaqin Sharq instituti rahbari Pol Salem bu borada shunday yozdi: «Agar AQSh Suriyani e'tiborsiz qoldirsa, bu mintaqadagi barqarorlikka jiddiy xavf tugʻdiradi».

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo