Sun’iy intellekt yordamida chiqindilarni o‘chirgan amaldor ishdan bo‘shatildi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida sun’iy intellekt texnologiyalaridan noo‘rin foydalangan davlat xizmatchisi ishidan mahrum qilindi. U chiqindilar bilan to‘lib yotgan hudud aks etgan fotosuratni SI yordamida tahrirlab, muammo bartaraf etilgandek ko‘rsatishga uringan.
Ma’lum bo‘lishicha, may oyi o‘rtalarida Threads ijtimoiy tarmog‘idagi foydalanuvchilardan biri Bo‘stonliq tumanidagi hovlilardan birida chiqindilar uzoq vaqtdan beri yig‘ilib yotganini ko‘rsatuvchi suratlarni e’lon qilgan.
Ushbu murojaatga javoban tuman hokimligi kommunal xizmatlar tomonidan hudud tozalanganini ma’lum qilib, fotosuratlarni ham taqdim etgan. Biroq ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi tasvirlarda sun’iy o‘zgartishlar borligiga e’tibor qaratgan. Hatto platformaning o‘zi ham suratlarni “sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontent” sifatida belgilagan.
“Men joylagan chiqindili suratlarni olib, SI orqali chiqindilarni o‘chirib tashlashibdi va shuni tozalash ishlarining natijasi sifatida ko‘rsatishibdi”, deya munosabat bildirgan foydalanuvchi.
9 iyun kuni Olmaota shahar hokimligi matbuot xizmati mazkur holat bo‘yicha rasmiy bayonot berib, postni joylashtirgan davlat xizmatchisi haqiqatdan ham sun’iy intellektdan foydalanganini tan olganini ma’lum qildi.
Hokimlikka ko‘ra, xodim o‘z xatosini tan olgani sababli qo‘shimcha xizmat tekshiruvi o‘tkazishga ehtiyoj qolmagan. Shu bilan birga, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan va davlat organidagi xizmat faoliyati tugatilgan.
Rasmiylar mazkur holat bo‘yicha masala yakunlanganini va qo‘shimcha intizomiy jarayonlarga zarurat yo‘qligini bildirishdi.
Bu voqea sun’iy intellekt imkoniyatlaridan noto‘g‘ri foydalanish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi.





























Izohlar 0
…