Ralf Rangnick Milan taklifini rad etib, Avstriya bilan shartnomani uzaytirdi

Ralf Rangnick oʻz kelajagi borasidagi barcha mish-mishlarga nuqta qoʻyib, Avstriya terma jamoasi bilan yangi shartnoma imzoladi. Italiyaning Milan klubi tomonidan bildirilgan jiddiy qiziqishga qaramay, tajribali mutaxassis 2026-yilgi Jahon chempionatidan keyin ham terma jamoani boshqarishga qaror qildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Avstriya futbol federatsiyasi (ÖFB) uchun ushbu kelashuv kutilmagan va muhim yangilik boʻldi. Yangi bitimga koʻra, Rangnick kamida 2027-yil yakuniga qadar oʻz lavozimida qoladi. Agar Avstriya Yevro-2028 turniriga yoʻllanmani qoʻlga kiritsa, shartnoma avtomatik tarzda musobaqa yakuniga qadar uzaytiriladi. Bu qaror San Siroda yangi loyihani boshlashni rejalashtirgan Milan rahbariyati uchun kutilmagan zarba boʻldi.
Manchester Yunayted sobiq murabbiyi may oyi oxirida Vena shahrida Milan rasmiylari bilan uchrashgan edi. Biroq, Rangnick A Seriyaga qaytishdan koʻra, terma jamoadagi barqarorlikni afzal koʻrdi. Muzokaralar davomida murabbiy nafaqat maosh, balki professional ish muhitini yaxshilash va maxsus texnik shtab shakllantirish shartlarini ham qoʻygan va federatsiya buni qabul qilgan.
Rangnick 2022-yilda jamoani qabul qilib olganidan beri Avstriya futbolini tubdan oʻzgartirdi. Yevro-2024 turnirida Turkiyaga magʻlub boʻlganiga qaramay, uning statistikasi hayratlanarli: 45 oʻyinda 27 gʻalaba va 8 durang. Uning har bir oʻyinda oʻrtacha 1.98 ochko toʻplashi 1945-yildan beri Avstriya murabbiylari orasidagi eng yaxshi koʻrsatkichdir.
Hozirda Avstriya terma jamoasi oʻz maydonida ketma-ket 14 oʻyindan beri magʻlubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Bu milliy rekord hisoblanadi va jamoaning Shimoliy Amerikadagi Jahon chempionati oldidan ruhiy holati yuqori ekanligidan dalolat beradi.































Izohlar 0
…