22:14 / 28.01.2025
912

Ukrainaning yangi brigadasi Pokrovsk yaqiniga tashlanganidan keyin parokanda boʻlib ketdi

Ukrainaning yangi brigadasi Pokrovsk yaqiniga tashlanganidan keyin parokanda boʻlib ketdi
Foto: forbes.com
Ukraina qurolli kuchlarining yaqinda tashkil etilgan 157-mexanizatsiyalashgan brigadasi Donesk oblastining Pokrovsk rayoniga joylashtirilganidan koʻp oʻtmay undagi harbiylarning bir qismi oʻz qismini tashlab ketgan, bedarak yoʻqolgan yoki halok boʻlgan. Bu haqda harbiy xizmatchilar bilan suhbatda boʻlgan Hromadske nashri batafsil hikoya qiladi.

157-brigadani 2024 yil bahorida tuzishga kirishishgandi, uning ayrim boʻlinmalari sentyabr oyida harbiy harakatlarga kirishdi, brigadaning oʻzi toʻliq holatda noyabrdan urushda qatnasha boshladi. Uning jangchilari oʻshanda darhol muhim yoʻnalishlardan biri — Donesk oblastining Pokrovsk va Kuraxovo shaharlariga yuboriladi, degan Hromadske nashriga brigadaning 2024 yil 29 dekabrida bedarak yoʻqolgan harbiylaridan birining rafiqasi. Yoʻqolgan harbiyning komandiri ayolga uning turmush oʻrtogʻi qismini tashlab ketgan boʻlishi mumkinligini aytgan. Nashr suhbatdoshi eri Rossiya asirligiga tushganidan umid qilmoqda. 157-brigada jangchilarining qarindoshlari feysbukdagi Ukrainada bedarak yoʻqolgan odamlarni qidirishga bagʻishlangan guruhda yaqinlari yoʻqolgani haqida koʻp yozishgan.

Yan Dobronosov / Global Images Ukraine / Getty Images
Brigada harbiylaridan biri Hromadske bilan suhbatda askarlar ham, ofitserlar ham qismni ruxsatsiz tark etayotgani haqida aytib bergan. «Bir guruhni okoplarga olib borishgan, ular atrofni koʻzdan kechirishgan va mashinaga oʻtirib, ketib yuborishgan. Birdaniga etti kishi», — degan suhbatdosh. Brigadadan jami qancha kishi qochib ketgani aniq emas. Nashr manbalari aytishicha, bu brigadaning kamida uchdan bir qismini tashkil etishi mumkin — ya'ni mingdan ortiq kishi. Shu bilan birga, brigada vakillari hatto anonimlik sharti bilan ham bu miqdorni ochiqlamayapti.

Harbiylardan biri nashrga 157-brigada askarariga jangovar uygʻunlikka erishishga vaqt berilmasdan, «boʻlaklarga ajratib yuborishgan». «Ya'ni boshqa brigadalardan kelishdi va bizning batalyonlarni toʻligʻicha oʻzlariga olishdi. Ikkita batalyonni shunday qilib yoʻqotdik. Holbuki biz jang maydoniga atigi ikki oy oldin kelgandik», — deydi harbiy. Boshqa suhbatdosh yangi chaqirilganlardan 48 nafari Ukraina qurolli kuchlarining 55-brigadasiga olingani, shundan keyin ularning barchasi halok boʻlganini aytgan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabidagilar Hromadske soʻroviga javoban askarlar bir qismdan boshqasiga «milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi inqirozli vaziyat yuzaga kelgani tufayli» oʻtkazilganini bildirgan. «Harbiy qismlarni toʻldirish shaxsiy tarkibning harbiy qismlar oʻrtasida harakatlanishi, shu jumladan harbiy xizmatchilarning roziligini olmasdan amalga oshirilishi mumkin», — deyishgan bosh shtabdagilar.

157-brigada komandiri, polkovnik Petr Chub Hromadske uchun izohida deyarli barcha askarlar individual tayyorgarlikdan oʻtgani, ammo brigadaga kollektiv tayyorgarlik uchun vaqt berilmaganini aytgan. «Va bu [kollektiv tayyorgarlikdan oʻtish] mening komandir sifatidagi istagim yoki qoʻl ostimdagilar talabi emas, mavjud koʻrsatmalar va buyruqlarga koʻra shunday qilinishi kerak edi», — degan komandir. 157-brigada shtabi ofitseri anonimlik sharti bilan shunday degan: «Oʻzingiz tushunasizku, shtabdan „oldinga-oldinga“ buyrugʻi keladigan boʻlsa, unda senda jangovar uygʻunlik uchun vaqt boʻlgan boʻlmagani hech kimning parvoyiga kelmaydi».

Polkovnik Petr Chub askarlar brigadadan qochib ketayotganini tan olgan. Uning fikricha, bu brigada parchalab yuborilayotgani uchun safarbar qilinganlardagi ishtiyoq pastligi tufayli boʻlmoqda. Komandirning soʻzlariga koʻra, brigadadan toʻrt marta askarlarni boshqa harbiy qismlarga, jumladan, desant-shturm qoʻshinlari va dengiz piyodalariga qoʻshish uchun olib ketishgan. Shundan keyin, bir necha kun oldin askarlar oʻzlarini desant-shturm qoʻshiniga oʻtkazishlari haqida xabar topishgach, brigadada harbiy qismni tashlab ketish holatlari koʻpaygan. Shu bilan birga, Petr Chub brigada shaxsiy tarkibining 40 foizini yoʻqotgani haqidagi xabarlarni rad etgan. «Harbiy qism oldinga qoʻyilgan vazifalarni bajarishda davom etmoqda va bundan keyin ham davom etadi. Shaxsiy tarkibni tayyorlash ham», — degan Chub.

Hromadske manbalariga koʻra, 157-brigada faqat safarbar qilingan ukrainlardan tuzilgan, brigadada «jangovar skelet», ya'ni urush tajribasiga ega boʻlgan askarlar yoʻq. «Masalan, urush koʻrgan 30 kishidan iborat rotaga yangi odamlar qoʻshilishi kerak […] Bu erda esa barcha yangi. Ular bir-biriga qarashadi — lup-lup, lup-lup. Bir-biri bilan shunday gaplashadi: „Tamom, boshimizga balo keldi“. Ortga qayrilishadi va ketishadi», — deydi manbalardan biri. Brigada ofitseri har bir rotada hech boʻlmaganda rota komandiri jangovar tajribaga ega boʻlishi kerak, bu erda esa rotaga — «ikki kun oldin hech kimga xalal bermay oʻtirgan» odam komandirlik qilmoqda.

Hromadske nashrining 157-brigadadagi manbalaridan biri Ukraina qurolli kuchlari rahbariyati nima uchun yangi chaqirilganlarni mavjud boʻlinmalarga yoʻnaltirmasdan, ulardan yangi brigadalar tuzayotgani borasida savol qoʻygan. Nashr jurnalistlari bu haqda bosh shtabdan soʻrashgan, u erdagilar esa quyidagicha javob qaytargan:

«Harbiy holat davrida Ukraina qurolli kuchlarida yangi tashkiliy-shtat tuzilmalarini shakllantirish va toʻldirish —yuklatilgan vazifalarni bajarish jarayonida yuzaga keladigan ehtiyojlarga muvofiq va toʻqnashuv chizigʻidagi vaziyatni, dushman kuchlari va vositalarining nisbatini hisobga olgan holda hamda davlat rahbariyati va Ukraina qurolli kuchlarining tegishli qarorlari asosida amalga oshiriladi».

Ukraina qoʻshinlari tarkibini kuzatish bilan shugʻullanuvchi Militaryland guruhi hisoblashicha, Ukraina qurolli kuchlarining 157-brigadasi 150-seriyasidagi boshqa ikki brigada taqdirini takrorlamoqda. «Jangchilari shakllanish jarayonida olib qoʻyiladi, boʻlinmalari shoshilinch tarzda, zarur tayyorgarliksiz frontga yuboriladi va bu katta yoʻqotishlarga olib keladi. 150-seriyadagi brigadalarning holati shunchaki dahshatli va nima uchun bu muammolar oliy qoʻmondonlik e'tiboridan chetda qolayotgani ajablanarli, va umid qilamizki, hali jangga yuborilmagan brigadalar, aynan aytadigan boʻlsak, 156-, 158- va 159-brigadalar bu xatolardan saboq chiqara oladi», — deyishgan Militaryland vakillari.

157-brigada — 2023-2024 yillarda tuzilgan 151-, 153-, 154-, 155-, 156-, 158- va 159-mexanizatsiyalashgan brigadalar qatorida 150-seriyaga kirgan sakkiz brigadadan biridir, deb yozadi Amerikadagi Forbes jurnali muxbiri Devid Aks. Uning soʻzlariga koʻra, bu brigadalar «katta, ammo moʻrt»: komandirlar tajribasizligi, zamonaviy zirhli texnikalar kamchiliklari va ruhiyat past darajada ekani dezertirlikka olib kelmoqda.

Ukraina qurolli kuchlarining 157-brigadasidagi vaziyatni yaqinda tashkil etilgan boshqa bir brigada, 155-brigadadagi vaziyat bilan solishtirishmoqda. Ukrainalik jurnalist Yuriy Butusov 2024 yil dekabrida 155-brigada janglarga kirishga ulgurmasidan, uning saflaridan 1700 harbiy qochib ketgani haqida xabar bergandi, ularning 50 nafardan ortigʻi Fransiyadagi mashgʻulotlar chogʻidayoq harbiy qismni tashlab ketgan. Fransiya mudofaa vazirligi mashgʻulotlar chogʻida 55 harbiy dezertirlik qilganini tasdiqlagan. Ukraina qurolli kuchlari quruqlik qoʻshinlari qoʻmondoni Mixaylo Drapatiy yangi brigada «juda qisqa muddatda — atigi bir necha oy ichida» shakllantirilgani, bu esa «javobgar shaxslar tomonidan rasmiyatchilikka olib kelgani» haqida gapirgan. Brigada komandiri Dmitro Ryumshin 2024 yil dekabrida «jangchilarning ishtiyoqsizligi va boʻlinmalarni boshqarishdagi muvaffaqiyatsizlik» uchun lavozimidan boʻshatildi, 2025 yil yanvarida esa askarlarning yoppasiga dezertirligi uchun hibsga olindi.

Jurnalist Yuriy Butusov 12 yanvar kuni bergan xabarga koʻra, 155-brigadadagi dezertirlik fonida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yangi brigadalar tuzishni toʻxtatib, yangi safarbar qilinganlarni mavjud jangovar boʻlinmalarga yuborishga qaror qilgan.

Istochnik: Meduza.io

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo