Foto: Reuters
Donald Tramp Gʻazo sektorini nazoratga olish va u erda «Yaqin Sharq Riviyerasi»ni qurish niyatini bildirib, bu rejasini Binyamin Netanyahu bilan qoʻshma matbuot anjumanida e'lon qildi. Biroz avvalroq u 2 million falastinlikni boshqa davlatlarga koʻchirish va hududni tozalash taklifi bilan chiqqandi.
Yaqin Sharq xaritasini butunlay qaytadan chizish istagini Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan oʻtkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qildi. Isroil bosh vaziri nostandart fikrlashi uchun Trampni olqishlab, uning gʻoyasi tarixiy oʻzgarishlarga sabab boʻlishi mumkinligini ta'kidladi. «Menimcha, bu tarixni oʻzgartirishi mumkin boʻlgan narsa», — dedi Netanyahu.
«Trampning izohlaridagi xavfli jihat — Tramp nima qilishi emas, Netanyahu endi oʻziga nimalar qilish uchun ruxsat tegayotgani bilishida, — deydi Londondagi Arab-Britaniya oʻzaro anglashuv kengashi direktori Kris Doyl. — Endi yana Gʻazoni vayron qilishni boshlashi mumkin. Gʻarbiy sohilni anneksiya qilish uchun toʻsqinlik qiluvchi hech narsa yoʻqligini bildi. AQSh Gʻazoni egallashi oʻrniga, Isroilning oʻzi bunda yordam beradi».
Netanyahuni qoʻllovchi ultraoʻng siyosatchilar anchadan buyon Gʻazoni qayta ishgʻol qilib, u erga yahudiy muhojirlarni koʻchirish va Gʻarbiy sohilni Isroilga qoʻshib olishni talab qilib kelishadi. Ammo bu rejalar shu paytgacha AQSh ma'muriyati tomonidan qoʻllab-quvvatlanmagandi.
Donald Tramp Gʻazo sektoridan qanday qilib ertakona kurort yasamoqchi ekanini hozircha aytgani yoʻq. Biroq u bu maqsadda Amerika harbiylaridan foydalanish ehtimolini ham istisno qilmadi.
Britaniyadagi RUSI tahlil markazining Yaqin Sharqdagi xavfsizlik masalalari boʻyicha ekspertlaridan H.A.Helliyer bu gʻoyani reallikdan yiroq deb baholadi. «Arab dunyosida hech bir davlat falastinliklarni zoʻravonlik bilan koʻchirishda sherik boʻlishni istamaydi», — dedi u.
Fuqarolarni majburiy koʻchirish xalqaro qonunlarga zid hisoblanadi va inson huquqlari himoyachilari bunday harakatlarni etnik tozalash deb baholashmoqda.
Bundan tashqari, AQSh harbiylarini xorijdagi mojarolarga jalb qilish Trampning saylovoldi va'dalariga ham zid. U avval Amerika armiyasini xalqaro mojarolardan uzoqlashtirishga va'da bergan edi.
AQSh Kongressi a'zosi, kelib chiqishi falastinlik boʻlgan Rashida Tlayb esa Trampning bu tashabbusini keskin tanqid qildi. «Falastinliklar hech qayerga ketmaydi. Prezident Kongressdan moliyalashtirishni qoʻlga kiritmoqchi boʻlib, genotsid va etnik tozalashdek mutaasib gʻoyalarni olgʻa surmoqda. Ikki davlatli echimni qoʻllab-quvvatlovchi hamkasblarim, bu haqda ochiq gapirish vaqti keldi», — dedi u.
Tinchlikparvardan bosqinchilikkacha
«Tramp Gʻazo sektori haqida ogʻiz ochar ekan, tarix uning uchun ahamiyatga ega emas. Oʻtmish jarohatlari, urushlar ketma-ketligi, shu joyga bogʻlanib qolganlik, ajdodlarning uzun izi, tiriklarning haq-huquqi: bularning barchasi vayronalar ostida qolib ketadigandek. Chunki siyosatchiga aylangan developer vayron boʻlgan Falastin hududlarini faqat qurilish maydoni sifatida koʻrmoqda. Insonparvarlik nuqtayi nazaridan aholidan ozod qilinishi kerak boʻlgan ulkan «Snos maydoni» sifatida. Gʻazoliklarni esa mintaqaning boshqa hududlariga tarqatib yuborsa boʻladi, deb oʻylaydi», — deb yozgan Le Monde sharhlovchisi.
Tramp Gʻazodni «snos qilinishi kerak boʻlgan vayronalar uyumi», deb atadi. Foto: Reuters
Trampning stili va yondashuvini hali u Oq uyga qaytmasdan turib ekspertlar tomonidan oldindan taxmin qilib boʻlmas, xaotik va shaxsiy manfaatlarga asoslangan, deya baholanayotgan edi.
Biroq umumiy toʻxtamga koʻra, Yaqin Sharq siyosati masalasida Tramp boshni elkadan chopmasligi taxmin qilingandi. Hozircha esa uning bayonotlari va keskin harakatlari bu taxminlarni inkor etmoqda.
Tramp allaqachon Iordaniya va Misrni gʻazoliklarni qabul qilishga chaqirgan, lekin evaziga e'tiroz va gʻazabdan boshqa narsa ololganicha yoʻq.
Tramp oʻz inauguratsiya nutqining bir qismini ekspansionizmga va Amerika hududlarini kengaytirish da'volariga bagʻishladi. Ilon Maskning raketalari Marsga uchish-uchmasligi hozircha aniqmas, lekin muayyan hududi da'volarni Tramp sanab oʻtdi — u Panama kanalini AQSh nazoratiga qaytarish, Grenlandiya va Kanadani qoʻshib olishini ta'kidladi.
Endi esa gap aylanib Gʻazo sektorigacha bordi. Hozircha Trampning gaplari nechogʻlik jiddiy ekani va u oʻz niyatiga qanday qilib etishi noma'lum.
Ayrim tahlilchilarga koʻra, bunday takliflar — muzokara gambitining bir qismi, ikkinchi tomondan taklif kutayotgan Tramp qoʻlidagi koʻzir qarta.
Tramp uchun Yaqin Sharqdagi asosiy masala Avraam kelishuvlarini (Isroil bilan BAA, keyinchalik Bahrayn, Marokash va Sudan bilan diplomatik aloqalarni normallashtirish) kengaytirish, Isroil va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi diplomatik aloqalarni normallashtirish.
Hamas va Isroil oʻrtasidagi tinchlik kelishuvi e'lon qilingach, Tramp fursat etgani va Avraam kelishuvlarini rivojlantirish va kengaytirish kerakligini e'lon qildi.
Ammo bu yoʻlda katta toʻsiqlar mavjud. Xususan, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ochiqchasiga Falastin davlati tuzilishiga qarshi ekanini bildirgan. Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon esa Falastin muammosi hal qilinmay turib, Isroil bilan aloqalar normallashmasligini ta'kidlamoqda.
«Oʻlik tugʻilgan gʻoya»
«Agar bu chindan ham muzokara jarayonidagi taktika boʻlsa, u oʻlik tugʻilgan gʻoya hisoblanadi»,— deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq tadqiqotlari instituti strategik aloqalar boʻlimi rahbari Firas Maqsad.
«Gʻazodagi falastinliklarni insonparvarlik nuqtayi nazardidan ommaviy koʻchirish gʻoyasi – Trampning muzokaralardagi taktikasi, lekin u muvaffaqiyatsizlikka mahkum. Bunday bayonotlar bilan u Yaqin Sharqdagi oʻz asosiy maqsadi — Avraam kelishuvlarini kengaytirishdan uzoqlashmoqda. Saudiya Arabistoni bu borada mutlaqo murosasiz va Gʻazo aholisini majburiy koʻchirishga hech qanaqasiga yoʻl qoʻymaydi», — deydi Maqsad.
Gʻazoni tiklash uchun uni odamlardan tozalash gʻoyasini ilk marta Tramp ikki haftacha avval e'lon qildi. U Misr va Iordaniyani qochqinlarni qabul qilishga chorladi. Ular keskin ohangda rad javobini berishdi. Foto: Reuters
AQShning arab ittifoqchilari ham, boshqa arab davlatlari ham bir ovozdan falastinliklarning Gʻazodan koʻchirilishiga qarshi chiqib, xalqaro reja asosida ikki davlat printsipini saqlab qolish zarurligini ta'kidlashdi.
Tramp avvalgi prezidentligi davrida ham ikki davlat kontseptsiyasi haqida aniq pozitsiya bildirmagandi. Ammo hozirgi bayonotlari uning falastin-isroil mojarosi borasida Amerika an'anaviy echim yondashuvidan uzoqlashayotganini koʻrsatadi.
Trampning bu gʻoyasi nafaqat mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishi, balki Gʻazodagi nozik tinchlik jarayoniga ham jiddiy ta'sir koʻrsatishi mumkin.
Qatar vositachiligida kelishilgan tinchlik rejasi uch bosqichdan iborat boʻlib, qolgan 94 garovga olingan fuqaroni (34 jasad bilan birga) bir necha yuz falastinlik mahbusga almashish, Isroil qoʻshinlarini Gʻazoning asosiy hududlaridan olib chiqish va Gʻazoni xalqaro hamkorlik asosida tiklashni koʻzda tutadi.
Biroq, ikkinchi bosqich tafsilotlari hanuz aniq emas. Gʻarblik ayrim diplomatlar va tahlilchilar urush qayta avj olishi mumkinligidan xavotirda. Isroil Hamasni toʻliq yoʻq qilishni yakuniy maqsadi deyishdan charchamayapti, holbuki kelishuvning keyingi bosqichiga koʻra isroil harbiylari eksklavni toʻliq tark etishi kerak. Netanyahu ham, Isroil mudofaa vaziri ham bunga qarshi.
Qatarda imzolangan kelishuv shartlariga koʻra, taraflar tinchlikning ikkinchi bosqichini dastlabki bosqichning 16-kunda muhokama qilishni boshlashi kerak edi. Bu sana 3 fevral — Binyamin Netanyahu Vashingtonga tashrif buyurgan kunga toʻgʻri keldi.
Koʻrinib turibdiki, bu voqea sodir boʻlmaydi.
Tinchlik boʻladimi-yoʻqmi oʻzi?
Donald Trampning Gʻazo ustidan nazorat oʻrnatish toʻgʻrisidagi bayonotidan soʻng, sulhning kelajagi shubha ostida qolishi mumkin, deyishmoqda ekspertlar.
15 yanvar kuni Hamas va Isroil 15 oylik urushdan soʻng sulh kelishuviga erishgandi. Foto: Reuters.
«Aytish joizki, oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga sodiqlik yanada kuchli shubha ostiga qoʻyildi. Sulhning ikkinchi bosqichi Isroil qoʻshinlari toʻliq chiqarilishini, uchinchi bosqich esa Gʻazoni qayta tiklashni koʻzda tutadi. Biroq, Trampning bayonotlari shuni anglatadiki, Vashington Gʻazo boʻyicha rejalarda Isroilni himoya qilib kelmoqda. Bu rejalar nafaqat mustaqil Falastin davlati tashkil etilishini nazarda tutmaydi, balki falastinliklarning mintaqaga muqim joylashishiga ham qarshi», — deydi Helliyer.
Evropa xalqaro munosabatlar kengashining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika boʻyicha katta ilmiy xodimi Hyu Lovattning fikricha, bunday qarama-qarshi bayonotlar mahalliy aholi orasida radikal guruhlar ta'siri kuchayishiga sabab boʻlishi mumkin.
«Trampning Gʻazo haqidagi avantyuristik rejalari amalga oshmaydi. Ammo bu vaziyat mahalliy aholini Hamasni qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirishi mumkin. Chunki, ular amerikaliklarning falastinliklarni etnik tozalashidan qoʻriqlay oladigan yagona kuch sifatida koʻrilyapti. Bu Gʻarbiy sohilga ham tegishli, chunki u erdagi falastinliklar ham oʻzlarini navbatdagi qurbon sifatida his qilmoqda», — deydi Lovatt.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar