Xiaomi 13T uchun Android 16 asosidagi HyperOS 3 yangilanishi chiqdi

Xiaomi 13T uchun Android 16 asosidagi HyperOS 3 yangilanishi chiqdi

Xiaomi kompaniyasi oʻzining ommabop Xiaomi 13T smartfoni uchun barqaror HyperOS 3 yangilanishini tarqatishni boshladi. Mazkur proshivka eng soʻnggi Android 16 operatsion tizimiga asoslangan boʻlib, dastlab Indoneziya mintaqasida ishga tushirildi. Yaqin kunlar ichida yangilanishning geografiyasi kengayishi va boshqa hududlar, jumladan, Oʻzbekiston foydalanuvchilari uchun ham taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Yangi dasturiy taʼminot paketining hajmi taxminan 6,5 GB ni tashkil etadi, shu sababli foydalanuvchilarga uni barqaror Wi-Fi tarmogʻi orqali yuklab olish tavsiya etiladi. Oʻrnatishdan soʻng tizim interfeysi butunlay yangilanadi, vizual effektlar qayta ishlanadi hamda bildirishnomalar va faol ilovalar bilan ishlashning yangi konsepsiyasi joriy etiladi.

Asosiy yangiliklardan biri HyperIsland funksiyasi boʻldi — bu ekranning yuqori qismidagi interaktiv panel boʻlib, u ilovalardagi jonli voqealarni kuzatish va boshqarish imkonini beradi. Shuningdek, tizimga matnlar bilan ishlash, nutqni aniqlash, qidiruv va tarjima uchun yangi AI-instrumentlar, dinamik fon rasmlari hamda bloklash ekrani uchun yaxshilangan animatsiyalar qoʻshilgan.

Yangilanishda boshqa ekotizim qurilmalari bilan kengaytirilgan moslashuvchanlik ham eʼlon qilingan. Xususan, turli gadjetlar oʻrtasida maʼlumotlarni tezkor almashish funksiyasi takomillashtirildi, bu esa Xiaomi foydalanuvchilariga oʻz qurilmalari oʻrtasida fayllarni uzatishda yanada koʻproq qulaylik yaratadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar