Xitoy sudi Bitcoinʻni mulk deb tan oldi: 107 BTC oʻgʻirlagan shaxs qamaldi

Xitoyning Sindao shahri sudi jabrlanuvchining hamyoniga tegishli 12 ta soʻzdan iborat maxfiy kodni yodlab qolib, 107 Bitcoin oʻgʻirlagan shaxsni 10 yil-u 9 oyga ozodlikdan mahrum qildi. Lisang tumani xalq sudi ayblanuvchi Chjangga nisbatan qamoq jazosidan tashqari 100 000 yuan (taxminan 14 700 dollar) miqdorida jarima ham tayinladi. Oliy xalq prokuraturasining rasmiy maʼlumotlariga koʻra, jinoyatchi oʻgʻirlangan mablagʻlarning bir qismini naqdlashtirib, 97 000 dollardan ortiq foyda koʻrgan. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Voqea 2023-yilning iyul oyida yuz bergan. Jabrlanuvchi Feng tanishi Chjangdan 117 Bitcoin aktivini naqdlashtirishda yordam soʻragan. Hamyonni sozlash jarayonida Feng 12 ta soʻzdan iborat tiklash kodini qogʻozga yozib olgan, biroq Chjang ushbu soʻzlarning 11 tasini yodlab qolishga ulgurgan. Keyinchalik u oxirgi soʻzni tanlash yoʻli bilan topib, hamyondagi 107 Bitcoin mablagʻini oʻz hisobiga oʻtkazib yuborgan.
Xitoyda kriptovalyuta mayningi va savdosiga nisbatan qatʼiy taqiqlar mavjud boʻlishiga qaramay, prokuratura Bitcoin huquqiy jihatdan "mulk" taʼrifiga mos kelishini va jinoiy qonunchilikka koʻra oʻgʻirlik obyekti boʻlishi mumkinligini isbotladi. Tergov davomida Chjang aktivlarni "himoya qilish" maqsadida oʻtkazganini va narxlar tushishi natijasida zarar koʻrganini daʼvo qilgan boʻlsa-da, elektron dalillar uning mablagʻlarni konvertatsiya qilganini koʻrsatdi.
Bitget Wallet operatsion direktori Alvin Kan ushbu holat kripto-hamyonlar xavfsizligi koʻpincha texnik emas, balki inson omiliga bogʻliqligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, 12 soʻzli kodlar kiberhujumlardan himoyalangan boʻlsa-da, inson omili va ijtimoiy muhandislik xavflari saqlanib qolmoqda. Mutaxassislar foydalanuvchilarga 24 soʻzli kodlardan foydalanishni va hamyonni sozlashda begona shaxslarning ishtirokiga yoʻl qoʻymaslikni tavsiya qilmoqda.

























Izohlar 0
…