
Xitoyda ishlayotgan arxeologlar kutilmagan topilmaga duch keldi — ular tog‘ dovonlaridan birida taxminan 2800 yil avval qurilgan qadimiy mudofaa devorini aniqladi.
Bu noyob inshoot Xitoyda birinchi imperator hukmronligidan ham oldinroq barpo etilgan. U Shandun provinsiyasi sharqidagi tor tog‘ yo‘lagidan o‘tadi.
Olimlar topgan devorning kengligi dastlab taxminan 10 metr bo‘lgan, biroq Urishayotgan podshohliklar davrida (miloddan avvalgi 475-221 yillar) u sezilarli darajada mustahkamlanib, qurib bitkazilgandan so‘ng, uning kengligi 30 metrga yetgan. Devor bo‘laklaridan tashqari, tadqiqotchilar uy-joy, yo‘l va xandaqlar qoldig‘ini, shuningdek, hayvon suyaklari hamda o‘simlik qoldiqlarini topdi. Ushbu topilmalar mudofaa inshootining yoshini aniqlash imkonini berdi.
Ba’zi ommaviy axborot vositalari mazkur kashfiyotni Buyuk Xitoy devori ilgari taxmin qilinganidan 300 yil oldin qurila boshlaganiga dalil deb baholamoqda. Biroq mutaxassislar bu fikrga mutlaqo qo‘shilmaydi. Quddusdagi Yahudiylar universitetining Osiyo tadqiqotlari bo‘yicha professori Gideon Shelax-Lavining tushuntirishicha, topilgan istehkomlar Buyuk Xitoy devorining bir qismi emas, balki alohida obyektdir. U Xitoy hududi ko‘plab mustaqil davlatlarga bo‘lingan davrda qurilgan: bu davlatlar doimiy ravishda o‘zaro urushlar olib borgan.
Shunday mudofaa inshootlaridan biri Buyuk Si devori (yoki Uzun devor) hisoblanadi. U Shandun provinsiyasi orqali g‘arbdan sharqqa, Pinin okrugidan Tinch okeani qirg‘oqlarigacha cho‘ziladi. Ushbu obyektning uzunligi 322 kilometrdan oshadi. Biroq yangi istehkom Si devorining bir qismi emas, chunki u ancha oldin, miloddan avvalgi 800 yilda qurilgan, Buyuk Si devori esa miloddan avvalgi 441 yilda qurilgan.
Yahudiy universiteti professori Yuriy Payns olimlarning yangi topilmasini “juda muhim” deb atadi va u Si davlatiga bostirib kirish uchun ishlatilgan strategik ahamiyatga ega tog‘ yo‘lagida joylashganini ta’kidladi. Ehtimol, u yerda doimiy askar garnizoni joylashgan, ular o‘tish joyini himoya qilish maqsadida ushbu devorni qurgan bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, bu mudofaa inshootlari Uzun devorning bir qismi bo‘lmagan, balki tor yo‘lak bilan chegaralangan mahalliy himoya chizig‘i vazifasini bajargan.
Buyuk Xitoy devori tarixi boy va rang-barang. Xitoyning birinchi imperatori Sin Shixuan (miloddan avvalgi 221-210 yillar) davrida qurilishi boshlangan devor alohida davlatlar tomonidan qurilgan oldingi devorlarning bir qismini, shu jumladan, Si devorini o‘z ichiga olgan. Keyinchalik, Min sulolasi davrida (1368−1644) inshoot sezilarli darajada modernizatsiya qilindi va mustahkamlandi.
Yangi arxeologik kashfiyot Xitoyda murakkab mudofaa inshootlari tizimi mamlakat yagona imperiyaga birlashishidan ancha ilgari qurilganini yana bir bor tasdiqlaydi. Shubhasiz, qadimgi Xitoyda mustahkam devorlar barpo etish dushmanlardan himoyalanishning an’anaviy usuli bo‘lgan.
Foto: Jinan Daily

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar