
Foto: Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA
24 aprelga o‘tar kechasi Rossiya harbiy kuchlari Ukraina poytaxti Kiyevga ballistik raketalar va dronlar orqali keng qamrovli zarbalar berdi. Eng katta zarar Svyatoshinskiy tumanida kuzatilgan bo‘lib, bu yerda ko‘p qavatli uy raketa zarbasiga uchradi. Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko ma’lum qilishicha, dron parchalari poytaxtning Goloseyev, Podolsk va Shevchenko tumanlariga ham tushgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, sakkiz nafar kishi halok bo‘lgan. Avvaliga qurbonlar soni 10 nafar deb xabar qilingan edi, ammo keyinchalik rasmiylar bu raqamga aniqlik kiritdi. Yana 77 kishi tibbiy yordamga murojaat qilgan bo‘lib, ularning 31 nafari kasalxonaga joylashtirilgan. Jabrlanganlar orasida besh nafar bola ham bor. Hozirgi vaqtda voqea joyida qutqaruv va qidiruv ishlari davom etmoqda. Qutqaruvchilar Svyatoshinskiy tumanida vayron bo‘lgan bino qoldiqlarini olib tashlamoqda.
Hujum natijasida Kiyevda umumiy hisobda 12 ta binoga zarar yetgan. Kiyevlik Lyudmila ismli ayolning «Suspilne» nashriga ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar orasida uning 84 yoshli onasi ham bor. «U keksa, ammo baquvvat edi. Hali yashashni rejalashtirayotgan edi», — deydi Lyudmila.

Politsiyachilar Rossiya zarbasidan shikastlangan uy aholisini evakuatsiya qilmoqda
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Janubiy Afrika Respublikasiga safari doirasidagi bir qator uchrashuvlarni bekor qilib, darhol Ukrainaga qaytishini ma’lum qildi. «Ukraina AQSHning taklifiga muvofiq 44 kun avval o‘t ochish va hujumlarni to‘xtatishga rozi bo‘lgandi. Lekin Rossiya ushbu vaqt mobaynida tinch aholini o‘ldirishni davom ettirmoqda va hech qanday jazoga tortilmayapti», — deb yozdi Zelenskiy.

Rossiya zarbasi oqibatida yaralangan kiyevlik kishi, 2025 yil 24 aprel
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo qo‘shinlari ma’lumotiga ko‘ra, kechasi mamlakat osmonida Rossiya tomonidan uchirilgan kamida 70 ta raketa yo‘q qilingan. Hujumlarda jami 37 ta X-101, 11 ta «Iskander-M»/KN-23 ballistik raketa, 12 ta «Kalibr», 6 ta «Iskander-K», 4 ta X-59/X-69 aviatsiya raketalari va 145 ta zarbdor dron qo‘llangan.
«Agentstvo» nashrining ta’kidlashicha, bu Kiyev uchun 2024 yil iyuldan buyon eng yirik qurbonli hujum bo‘lgan. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 8 iyul kuni Rossiyaning raketa zarbasi «Oxmatdet» bolalar shifoxonasiga urilgan va o‘shanda 33 kishi halok bo‘lgan edi, shifoxonada yana bir bola hayotdan ko‘z yumgandi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar