date
views 140

Xitoyda kimyo zavodida dahshatli portlash sodir bo‘ldi!

Xitoyda kimyo zavodida dahshatli portlash sodir bo‘ldi!
Xitoyning Shandun provinsiyasida 27 may kuni tush vaqtida mudhish portlash yuz berdi. Portlash sababli osmonni o‘rab olgan ulkan olovli shar paydo bo‘lib, uning ortidan qora tutundan iborat ustunlar ko‘kka ko‘tarildi. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar bermoqda.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, voqea Gaomi shahar u’ezdida joylashgan Shandong Youdao Chemical kimyoviy korxonasida yuz bergan. Zavod 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, pestitsidlar, turli farmatsevtik vositalar va boshqa kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Hozirgi vaqtda mazkur korxonada 300 dan ortiq mutaxassis ishlayotgani ma’lum qilingan. E’tiborlisi, Shandong Youdao Chemical xlorpirifos pestitsidini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik zavodlardan biri hisoblanadi.

Portlashning kuchli bo‘lganligi shundan ma’lumki, atrofdagi bir nechta uylarning derazalari singan. Mahalliy aholi voqea joyida bo‘lgan qo‘rqinchli holat va portlashdan so‘ng hosil bo‘lgan kuchli tebranishni aytib bermoqda. Aholi va guvohlarning ta’kidlashicha, portlash kuchidan ba’zi binolarda devorlarga zarar yetgan, ko‘plab uylarning oynalari singan va yaqin atrofdagi insonlar kuchli qo‘rquvga tushgan.

Xitoy markaziy televideniyesi (CCTV) ham voqeani tasdiqlab, hozirgi vaqtda hududda favqulodda holat e’lon qilinganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, portlash oqibatida jarohat olganlar soni haqida aniq ma’lumotlar hali e’lon qilinmagan va xodisa sabablari ham hozircha noma’lum bo‘lib turibdi. Ayni paytda, favqulodda vaziyatlar va tibbiy yordam xizmatlari voqea joyida tezkor tarzda ish olib bormoqda.

Mahalliy hukumat va korxona rahbariyati portlash oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha kuch va vositalar safarbar etilganini ta’kidlamoqda. Voqeaning sababini aniqlash maqsadida maxsus komissiya tuzilgan va tekshiruv ishlari boshlab yuborilgan.

Portlash sodir bo‘lgan korxonaning ishlab chiqarish quvvati yuqori darajada ekanligi sababli, atrof-muhitga qanday zarar yetgani ham keng jamoatchilikning qiziqishini orttirmoqda. Chunki mazkur zavodda ishlab chiqariladigan kimyoviy moddalar inson salomatligi va ekologik barqarorlik uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.

Ekspertlar fikricha, bunday kuchli portlash zavodning xavfsizlik talablariga qanchalik rioya qilib kelganini ham savol ostida qoldirmoqda. Endilikda bu hodisa Xitoydagi boshqa kimyo sanoati korxonalarini ham xavfsizlik choralarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilishi ehtimoli yuqori.

Shandun provinsiyasi Xitoyning eng yirik sanoat markazlaridan biri bo‘lib, kimyo sanoati sohasida ham muhim o‘rin tutadi. Bu yerda yuz bergan portlash kelgusi kunlarda butun mamlakat bo‘ylab sanoat xavfsizligi masalasini yanada kuchli muhokama qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Hozirda mahalliy aholi voqeaning sabablari va oqibatlari haqida tezroq ma’lumot olishga intiq bo‘lib turibdi. Hukumat vakillari esa tez orada bu haqda rasmiy bayonot berishlarini ma’lum qilganlar.

Umid qilamizki, sodir bo‘lgan voqea sababli zarar ko‘rganlar soni minimal darajada bo‘lib, favqulodda vaziyat tez orada bartaraf etiladi va bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyda kimyo zavodida dahshatli portlash sodir bo‘ldi!