
Ginnesning rekordlar kitobi yana bir ajoyib natija bilan yangilandi: Avstraliyalik 34 yoshli Oliviya Vinson 24 soat ichida turnikda tortilish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatib, dunyoga o‘zining g‘aroyib irodasini namoyish qildi.
Bu haqda UPI nashri xabar tarqatdi. Ma’lum bo‘lishicha, rekordni yangilash g‘oyasini unga eri va shaxsiy murabbiyi bildirgan ekan. Dastlab bu taklif Oliviyaga shunchalik mumkin emasdek tuyulganki, u bu gapni eshitib kulgan. 2021 yilda Polshadan bo‘lgan sportchi Paula Gorlo 4081 marta tortilib, bu sohada o‘z nomi bilan tarixda qolgan edi. Ana shu rekordni ortda qoldirishning imkoniyatini ko‘rsatgan hisob-kitoblardan keyin Vinson o‘zida bu vazifani bajarishga kuch topgan.
Biroq birinchi urinish uning uchun juda og‘ir kechdi. 2024 yil sentyabrida u qat’iy mashg‘ulotlardan so‘ng rekordni yangilashga urinish qildi, lekin mashg‘ulot jarayonida olgan jarohati sababli, ya’ni bilak mushaklari payining cho‘zilishi oqibatida rekordni yangilash maqsadidan voz kechishga majbur bo‘ldi.
Lekin bu omadsizlik ham uning irodasini sinab ko‘rishiga to‘sqinlik qilolmadi. Ikki oy mobaynida Vinson sog‘ligini qayta tikladi va yana ko‘plab mashg‘ulotlardan so‘ng, qaytadan rekordni yangilashga kirishdi. Bu safar avstraliyalik ayol o‘zi istagan natijaga erishishga muvaffaq bo‘ldi.
Rekord kuni Vinson 24 soat ichida ajoyib natija ko‘rsatib, jami 7079 marta tortilishni uddaladi. Bu degani, har bir daqiqada o‘rtacha besh marta tortilishni anglatadi. Ushbu davomli mashq jarayonida Oliviya 19-soatga kelib, qattiq ko‘ngil aynishini his qila boshlaganini aytadi:
“Men o‘z tanamni bunday chegaralargacha yetkazishim mumkinligiga ishonmagan edim. Mashq jarayonida haddan tashqari charchoq hissi paydo bo‘ldi, lekin ruhiy chidamim meni maqsadimdan qaytara olmadi. Bu yerda hamma narsa aslida inson irodasining qanchalik kuchli ekanligini namoyon etdi”, — deydi u.
Vinsonning bu natijasi nafaqat uning shaxsiy hayoti, balki sport olami uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. U o‘z misoli bilan inson imkoniyatlarining cheksizligi, o‘z oldiga yuqori marralarni qo‘ygan har qanday inson ularni zabt eta olishini ko‘rsatdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Yaponiyada yashovchi 108 yoshli Shitsui Xakoisi eng keksa faol sartarosh sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgan edi. Shu oyda sirk artisti Leyla Nun esa o‘zining sochlaridan osilib turish bo‘yicha ham rekord natijani yangiladi. U jami 25 daqiqa 11,3 soniya sochidan osilib turgan holda rekordga erishgan edi.
Dunyo Ginnes rekordlari kitobi yana bir bor inson irodasining cheksizligini ko‘rsatdi va bu galgi qahramon Oliviya Vinson bo‘ldi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar