Misr piramidasida yashirin matematik kod bormi?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Tadqiqotchi Sayfi Levi Xeops piramidasi o‘lchamlarida Oy, yulduzlar va sayyoralar bilan bog‘liq yashirin matematik tizim bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
- Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, piramida o‘lchamlaridagi 27,5 va 70 kabi raqamlar Oyning perigey davri va Sirius yulduzining ko‘rinmay qoladigan davri bilan mos keladi.
Misrdagi mashhur Xeops piramidasi, ya’ni Giza buyuk piramidasi ortida Oy, yulduzlar va sayyoralar bilan bog‘liq yashirin matematik tizim bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchi Sayfi Levi tomonidan ilgari surilgan yangi nazariyada inshootning o‘lchamlarida qadimgi misrliklarning matematika va astronomiya bo‘yicha bilimlariga ishora qiluvchi sonli namuna va qonuniyatlar borligi taxmin qilingan.
Britaniya gazetasi xabariga ko‘ra, Levi piramida balandligi, asosi va qiya tomonlari kabi asosiy o‘lchamlarni o‘rgangan. U qadimgi Misr matematikasida qo‘llangan kasrlar asosida hisob-kitoblar olib borgan va ayrim natijalar astronomik sikllar hamda matematik doimiylarga o‘xshashini qayd etgan.
Tadqiqot SSRN platformasida e’lon qilingan maqolaga asoslangan. Ammo ushbu ish hozircha mutaxassislarning rasmiy taqriz jarayonidan, ya’ni peer review'dan o‘tmagan.
Piramida o‘lchamlarida astronomik ishoralar bormi?
Levining hisob-kitoblaridan biri 27,5 raqamini bergan. Tadqiqotchi bu ko‘rsatkichni Oyning Yerga eng yaqin keladigan nuqtalari — ikki ketma-ket perigey oralig‘ining taxminan 27,55 kun ekani bilan bog‘laydi.
Yana bir hisob-kitob 70 raqamini ko‘rsatgan. Levi bu natijani yulduz Sirius Quyoshning kuchli yorug‘ligi tufayli ko‘rinmay qoladigan taxminan 70 kunlik davr bilan bog‘lagan.
Uning ta’kidlashicha, ayrim hisob-kitoblar Yupiter, Saturn, Venera va Mars kabi sayyoralarning harakatlari bilan ham mos kelishi mumkin. Nazariyada, shuningdek, π (pi) va Oltin nisbat kabi matematik doimiylar bilan ehtimoliy bog‘liqliklar ham tilga olingan.
Bu qonuniyatlar tasodifiy paydo bo‘lgan-bo‘lmaganini tekshirish uchun Levi 100 mingta kompyuterda yaratilgan piramida modeli o‘lchamlari bilan taqqoslash o‘tkazgan. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, modellarning taxminan 2,4 foizida shunga o‘xshash natijalar kuzatilgan.
Tadqiqotchining fikricha, bu holat Giza piramidasining o‘lchamlari ma’lum tartib asosida ataylab tanlangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Biroq Levining o‘zi ham bu natija qadimgi misrliklar inshootni maxsus matematik yoki astronomik kod sifatida qurganini isbotlamasligini tan oladi.
Piramida aslida qanday maqsadda qurilgan?
Giza buyuk piramidasi taxminan 4 500 yil avval, fir’avn Xufu hukmronligi davrida barpo etilgan. U an’anaga ko‘ra, Xufuning dafn majmuasi tarkibi sifatida qaraladi.
Biroq Sayfi Levi bunga boshqacha izoh taklif qilmoqda. Uning nazariyasiga ko‘ra, piramida faqat maqbara emas, balki qadimgi bilimlarni saqlab qolishga xizmat qilgan ulkan inshoot ham bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchi, shuningdek, piramidaning qadimgi Misr mifologiyasida yaratilish boshlanishi bilan bog‘liq muqaddas ibtidoiy tepalik — “Benben” bilan ehtimoliy aloqasi bo‘lishi mumkinligini ham ilgari surgan.
Hozircha bu g‘oyalar nazariya darajasida qolmoqda va ularni tasdiqlash uchun mustaqil mutaxassislar tomonidan qo‘shimcha tadqiqotlar talab etiladi.






























Izohlar 0
…