date
views 614

«O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi: Rossiya qanday javob beradi?

«O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi: Rossiya qanday javob beradi?
Ukraina Rossiya harbiy aerodromlari bo‘ylab «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi o‘tkazganiga uch kun bo‘ldi. Bu vaqtga kelib dronlarni Rossiya hududiga olib kirgan yuk mashinasi qanday harakatni boshlagani-yu, samolyotlari yonib kul bo‘lgan aerdromlarning koinotdan olingan suratlarigacha tarqalib bo‘ldi. Rossiya bu sensatsion operatsiyaga qanday javob berishi oxirgi kunlarning asosiy muhokama mavzusi bo‘lmoqda.

Putin jim

Rossiyaliklar Ukraina frontda, umuman, urushda qandaydir muvaffaqiyatli yurish qilsa, doimgidek Vladimir Putinning reaksiyasini kutishadi. Lekin biz ancha yillardan buyon Vladimir Vladimirovichning harakatlarini kuzatuvchilar uning qaror qabul qilishiga qandaydir tashqi omil deyarli ta’sir qilmasligini bilamiz.

Putin ruslar orzu qilayotganidek Ukraina bo‘ylab yadroviy zarbaga buyruq berishi ham mumkin, lekin bunga uni Kiyevning hech qaysi harakati majbur qilolmaydi. Putin Ukraina nimadir qilgani uchun biror chora ko‘rishni ular bilan hisoblashish deb biladi. Zelenskiy boshchilik ukrainlar bilan hisoblashishni esa Rossiya prezidenti o‘ziga ep ko‘rmaydi.

Ukraina «o‘yinchoq dronlar» bilan Rossiya strategik bombardimonchilarini yo‘q qilganiga Putin hozircha munosabat bildirgani yo‘q. Masalan, Rossiya prezidenti o‘shandan keyin Nikol Pashinyanni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi, Boyqo‘ng‘ir kosmodromi ochilganining 70 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi, Rossiya bolalar huquqlari bo‘yicha vakil bilan, keyin Rossiya tabiat resurslari vaziri bilan muloqot qildi. Xususan, o‘rmon xo‘jaliklarining iqlim o‘zgarishiga moslashishi, kommunal chiqindilar bilan ishlash kabi mavzularni gaplashdi.

Putin Ukraina hujum qilishi bilanoq televizorga chiqib «Endi mana bunday qilamiz», «Endi falon raketani otamiz», deyishini kutganlarga shunchaki Putinni yaxshi bilmaydigan odamlar deb ta’rif bera qolamiz. Putin hech qachon bunday qilmaydi, u siz o‘ylaganingizdan ancha sovuqqon va mulohazali inson. Putin uchun eng katta tabu dushman uni g‘azablantirganini tan olishdir. Axir Rossiya prezidenti o‘z tug‘ilgan kunida Qrim ko‘prigi portlatilganida ham xotirjamlikni saqlab qolgandi.

«Yadroviy zarba berish kerak»

Rossiya jamiyatida «Pautina» operatsiyasini og‘riqli qabul qilishdi. Bu ko‘proq ruhiy hujum bo‘ldi. Chunki Ukraina arzongarov dronlar bilan Rossiya aviatsiyasiga 7 milliard dollar zarar yetkazgach, Rossiyada non, go‘sht, tuxum, grechka yoki aroq qimmatlab ketgani yo‘q. Rossiyaliklar maoshini ham vaqtida olmoqda. Shaharlar hamon xavfsiz, Ukraina shaharlari bilan taqqoslaganda, albatta.

Umuman, Ukraina bu operatsiya bilan ruslar hayotini o‘zgartirib yuborgani yo‘q. Lekin mana shu sokin hayot kechirayotgan odamlar televizordagi gaplarni yillar davomida eshitaverib urush boshlangach, ukrainlarni «millat emas», Ukrainani «soxta davlat» deyishga odatlanishdi. Ular urushga qarshi do‘stlariga «Rossiyaga qarshi NATO va Amerika urushyapti, Ukrainaning qo‘lidan hech narsa kelmaydi», deb tortishib qo‘ygan. Lekin mana, Tramp kelgach yarim yildan buyon Ukraina gigant qo‘shnisi bilan yolg‘iz urushmoqda. Yetmaganiga arzongarov «o‘yinchoq dronlar» bilan Rossiya strategik samolyotlarini yo‘q qildi.

Ha, ana shu «soxta davlat»ning Rossiya oliy minbarlarida kamsitiladigan vakillari Rossiya jamiyatiga juda kuchli ruhiy zarba berdi.

Oqibatda rossiyaliklar endi «verxovniy»dan yadroviy zarba talab qilmoqda. Ha, bunday talablar mash’um 24 fevraldan boshlab yuzlab marta yangragan, lekin bu gal ayniqsa balandroq talab qilishyapti. Putin yaqindagina Pavel Zarubin bilan intervyuda Rossiya yadro quroli ishlatishiga ehtiyoj bo‘lmaganini aytib, «Endi ham bo‘lmasa kerak», degandi. Lekin u vaqtda Rossiya yetarlicha ustun pozitsiyada edi. «Pautina» operatsiyasi xuddi Xersonning yarmi qaytib olinishi yoki Xarkivdagi qarshi hujum davrida bo‘lgani kabi raqibidan harbiy jihatdan ming chandon kuchsiz bo‘lgan Ukrainani muzokaralarda ruhiy ustun pozitsiyaga olib chiqdi. Vaqtincha bo‘lsa ham.

Futbolchasiga aytganda, maydonda uch kishi kam bo‘lib qolgan, darvozasida ham himoyachi turgan, butkul holdan toygan Ukraina juda kuchli, hali bardam Rossiyaga qarshi o‘yinda burchak zarbasidan hisobni tenglashtirdi. Ha, qolgan daqiqalarda katta ehtimol Ukraina hisobni ushlab qololmaydi, lekin aynan hozir tabloda hisob teng, ruhiy ustunlik Kiyevda. Taxminan shunaqa vaziyat hozir urushda...

Javob bo‘ladimi?

Rossiya sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev o‘z kanalida post qoldirdi. «Qasos olinishini kutayotgan barchaga», deb boshladi murojaatini sobiq prezident. «Portlashi kerak bo‘lgan hamma narsa, albatta, portlatiladi. Yo‘q qilinishi kerak bo‘lganlar yo‘q bo‘ladi», dedi Medvedev.

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, hatto Medvedev «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasiga nisbatan xotirjam munosabat bildirdi.

Hujumdan bir kun o‘tib Rossiya Ukrainaga urush boshlanganidan buyon ilk marta «Kinjal» raketasini tashladi. Bu Rossiya arsenalidagi eng qo‘rqinchli raketalardan biri bo‘lib aynan strategik samolyotlar olib uchadigan qurol. Bu zarba bilan Rossiya «Mana, strategik aviatsiya bilan hammasi joyida», demoqchi bo‘ldi go‘yo.

Lekin urush tarafdorlarining bu «Kinjal» bilan hovuri bosilmadi. Shu sabab katta ehtimol Kiyevga javob zarbasi beriladi. Hech bo‘lmasa ultrapatriotlar hovurini bosish uchun. Balki yana biror yerga ruslar yaxshi ko‘radigan «Oreshnik» raketasi tashlanar. Lekin yadroviy zarba berilmasligi aniq. Chunki Putin shundog‘am muzokaralar yordamida o‘z foydasiga hal qilish ehtimoli yuqori bo‘lgan urushni murakkablashtirib yuborishni istamaydi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi: Rossiya qanday javob beradi?