NASA o‘zining keyingi katta maqsadi – insonlarni yana Oyga qaytarish rejasi bilan butun insoniyat e’tiborini tortmoqda. Agentlik ma’lum qilishicha, 2026-yil fevral oyida “Artemis II” missiyasi amalga oshiriladi. Bu dastlab aprel oyiga belgilangan edi, ammo sinov va texnik tayyorgarlik jarayonlari tufayli muddat ikki oyga oldinga surildi.
“Artemis” dasturi AQSHning insonzotni Oyga olib chiqish va kelgusi kosmik sayyoralarga yo‘l ochish bo‘yicha tarixiy loyihasi sifatida baholanmoqda. Uning umumiy qiymati milliardlab dollarga teng bo‘lib, bu harakat Xitoyning 2030-yilgacha Oyga qadam qo‘yish rejasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob sifatida ko‘rilmoqda.
"Artemis II" — dastur doirasidagi ilk odamlar ishtirokidagi parvozdir. Astronavtlar 10 kun davomida Oy atrofida harakat qiladi, ammo bu safar qo‘nish rejalashtirilmagan. Shu bilan birga, bu missiya 1972-yildan buyon ilk bor Yer orbitasidan ancha uzoqqa chiqadigan odamli parvoz sifatida tarixga kirishi kutilmoqda.
Missiyada astronavtlar NASAning 98 metrli Space Launch System (SLS) raketa tizimi va zamonaviy “Orion” kapsulasida parvoz qiladilar. Uchish Floridadagi mashhur Kennedi kosmik markazidan amalga oshiriladi. Eng muhim jihati – bu SLS va “Orion”ning insonlar bilan dastlabki parvozi bo‘ladi.
"Artemis II" missiyasi keng qamrovli “Artemis III” uchun muhim sinov bosqichi hisoblanadi. NASAning rejasiga ko‘ra, 2027-yilda “Artemis III” doirasida astronavtlar Oy yuziga qo‘nishlari kutilmoqda. Bu bosqichda SpaceX kompaniyasining maxsus ishlab chiqilgan Starship raketa tizimi qo‘llaniladi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, agar missiya muvaffaqiyatli o‘tsa, bu kelajakda Marsga ham odam yuborish yo‘lini ochadi. Insonzot tarixida yangi davr boshlanishi mumkin, va “Artemis II” ana shu yo‘ldagi eng katta qadamlardan biri sifatida ko‘rilayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!