Singapur bo‘g‘ozida yuk kemasi baliqchi kema bilan to‘qnashdi

17 sentyabr kuni Singapur bo‘g‘ozida Panama bayrog‘i ostida suzayotgan First Margaux yuk kemasi Xitoyning Luqing Yuanyu 108 baliqchi kemasi bilan to‘qnashdi. Hodisa kemalar Malakka bo‘g‘ozi tomon g‘arbga qarab harakatlanayotgan vaqtda yuz bergan. Bu haqda Baird Maritime xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 229 metr uzunlikdagi First Margaux baliqchi kemasidan tezroq harakatlangan va uni quvib o‘tish jarayonida Luqing Yuanyu 108 kemasining o‘ng orqa qismiga urilgan. To‘qnashuv oqibatida kichik kema yon tomonga surilib, ancha qiyshaygan, uning pastki qismiga suv kirgan.
Shunga qaramay, Luqing Yuanyu 108 suvda qolgan va to‘qnashuvdan keyin mustaqil ravishda harakatlanib, yaqin portga yetib borgan. Hozircha ikki kema ekipajlari orasida halok bo‘lganlar yoki jarohatlanganlar haqida xabar berilmagan.
Hodisa yuzasidan tarqalgan videoda to‘qnashuv vaqtida baliqchi kema ekipaji a’zolari xavotir bilan harakat qilgani va kemaning pastki qismiga suv kirgani ko‘rinadi.
To‘qnashuvning aniq sababi hamda tomonlarning javobgarligi hozircha rasman aniqlanmagan.






























Izohlar 0
…