date

Turkmanistonda ish haqi va pensiya oshirishdan voz kechish taklif qilindi

Turkmanistonda ish haqi va pensiya oshirishdan voz kechish taklif qilindi

Turkmanistonda aholi turmush darajasiga oid muhim masala muhokama qilindi. Xalq maslahati yig‘ilishida mamlakatning ijtimoiy siyosat yo‘nalishida katta ahamiyatga ega bo‘lgan takliflardan biri ko‘tarildi. Gurbanguli Berdimuhamedov raisligida o‘tgan yig‘ilishda faxriy oqsoqol Yozmurod Otamurodov so‘zga chiqib, davlat tomonidan ish haqlari, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarni har yili oshirish amaliyotidan voz kechish lozimligini ta’kidladi.

Uning fikricha, bugungi kunda aholining ijtimoiy-maishiy sharoiti yetarlicha yuqori darajada. Shu bois, to‘lovlarni muntazam oshirish talab etilmaydi. Otamurodov o‘z nutqida, “dunyoning biror mamlakatining fuqarolariga bu kabi uzluksiz imtiyozlar berilib kelinmagan”, deya qo‘shimcha qildi.

Faxriy oqsoqolning ta’kidlashicha, agar ushbu tashabbus amalga oshirilsa, tejaladigan mablag‘larni mamlakat taraqqiyoti va boshqa muhim sohalarga yo‘naltirish imkoniyati paydo bo‘ladi. U Prezidentdan bu taklifni qo‘llab-quvvatlashni iltimos qildi. Prezident Berdimuhamedov esa minbardan nutq bilan chiqish qilgan Otamurodovga o‘z minnatdorligini bildirdi hamda uning fikrlariga ijobiy munosabat bildirdi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari yozganidek, mazkur tashabbus turkman jamoatchiligi ichida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim fuqarolar bu fikrga rozilik bildirsa, boshqalar bu kabi o‘zgarishlar ularning kundalik hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytishmoqda. Shu bilan birga, davlatga qarashli “Turkmenportal” nashri bu xabar ostidagi izohlarni yopib qo‘ydi, bu esa jamoatchilikda yanada ko‘proq savollar uyg‘otdi.

Ayni paytda Turkmanistonda eng kam pensiya 550 manatni tashkil etadi. Bu taxminan 27,5 AQSH dollariga to‘g‘ri keladi. Nafaqalar esa o‘rtacha 520 manat, ya’ni 26 dollar atrofida. Hozircha rasmiylar to‘lovlarni indeksatsiya qilish amaliyotidan voz kechish taklifi yuzasidan izoh berishmagan.

Mamlakatdagi bu voqea nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy jihatdan ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Chunki turkman jamiyatida ko‘plab odamlar davlat yordamiga suyangan holda kun kechirishadi. Shuning uchun ham mazkur qaror, agar amalga oshirilsa, minglab oilalar hayotida jiddiy o‘zgarishlar olib kelishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkmanistonda ish haqi va pensiya oshirishdan voz kechish taklif qilindi