Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda AQSH davlat kotibi Marko Rubio 24-sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida muhim uchrashuv o‘tkazdi. Muhokamalar bir soatga ham yetmagan qisqa davom etdi, ammo ularning mazmuni xalqaro jamoatchilik diqqatini o‘ziga tortdi, deb yozadi Meduza.
AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Rubio uchrashuvda prezident Donald Trampning “qotilliklarni to‘xtatish va Moskva Rossiya-Ukraina urushiga barqaror yechim topish uchun zarur qadamlar tashlashi kerak” degan chaqiriqlarini yana bir bor takrorlagan. Uning fikricha, Vashington mojaroni faqat diplomatik yo‘l bilan hal qilishni ustuvor vazifa deb hisoblaydi.
Rossiya TIV esa o‘z bayonotida ikki tomon Ukrainadagi vaziyatni bartaraf etish borasida fikr almashganini bildirdi. Lavrov, xususan, Moskva AQSH bilan “inqirozning ildiz omillarini bartaraf etish uchun qo‘shma harakatlarni muvofiqlashtirishga tayyor” ekanini ta’kidladi. Shu bilan birga, u “mavjud mojaroni cho‘zishga xizmat qiladigan sun’iy sxemalar Rossiya uchun mutlaqo maqbul emas”ligini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Sergey Lavrov va Marko Rubio bundan avval 10-iyul kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda ham uchrashgan edilar. O‘sha paytda ham asosiy mavzulardan biri Ukraina bo‘yicha global kelishuvlar masalasi bo‘lgan edi.
Shu tariqa, Nyu-Yorkdagi so‘nggi muzokaralar ikki yirik davlat o‘rtasida Ukraina masalasida yondashuvlar keskin farq qilayotganini yana bir bor ko‘rsatib berdi. Shu bilan birga, dialogning o‘ziyoq urushni to‘xtatish yo‘lida diplomatiya hali ham muhim o‘rin tutayotganidan darak bermoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!