Indoneziyada 243 kishi bo‘lgan kema halokatga uchradi: 140 kishi qidirilmoqda

Indoneziyada 243 kishi bo‘lgan kema halokatga uchradi: 140 kishi qidirilmoqda

Indoneziyaning Yava dengizida 243 kishi bo‘lgan Virgo Transport 8 yo‘lovchi kemasi halokatga uchradi. Kema 13 sentyabr kuni Surabayadan Bandjarmasin tomon ketayotgan vaqtda noqulay ob-havo sharoitiga duch kelgan va mahalliy vaqt bilan taxminan soat 02:00 da u bilan aloqa uzilgan. Bu haqda Antara xabar berdi.

Dastlabki ma’lumotlarda qutqaruvchilar 103 kishini evakuatsiya qilgani, ulardan biri halok bo‘lgani xabar qilingan edi. Keyingi ma’lumotlarga ko‘ra, evakuatsiya qilinganlar orasida halok bo‘lganlar soni 6 nafarga yetgan, 140 kishi esa hanuz qidirilmoqda.

Virgo Transport 8 kemasi 12 sentyabr kuni Surabayadan yo‘lga chiqqan va Janubiy Kalimantan provinsiyasidagi Bandjarmasinga borishi kerak bo‘lgan. Kema tarkibida 30 nafar ekipaj a’zosi, 27 nafar xodim, 60 nafar yo‘lovchi hamda 126 nafar haydovchi va ularning yordamchilari bo‘lgan. Shuningdek, kema 89 ta transport vositasini ham olib ketgan.

Hodisa oldidan kapitan ob-havo yomonlashgani sababli kema qiyshayib qolganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng aloqa uzilgan va Indoneziyaning qidiruv-qutqaruv xizmati keng ko‘lamli amaliyotni boshlagan. Qutqaruv ishlariga kemalar va vertolyot ham jalb etilgan.

Hozircha halokatning aniq sababi rasman ma’lum qilinmagan. Qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar