23 yil qo‘lsiz yashadi: Feliksning hayotini o‘zgartirgan noyob operatsiya

Islandiyalik Feliks Gretarsson 1998 yil 12 yanvar kuni yuqori kuchlanishli elektr liniyasida ishlayotganida tok urishi oqibatida ikki qo‘lidan ayrilgan. O‘sha paytda u 26 yoshda edi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Oradan 23 yil o‘tib, 2021 yil 13 yanvar kuni Fransiyaning Lion shahridagi Eduard Errio shifoxonasida Gretarssonga dunyoda ilk bor ikki qo‘l va yelkani birgalikda ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi amalga oshirildi. Murakkab jarrohlik amaliyoti qariyb 15 soat davom etgan va unda 50 ga yaqin tibbiyot xodimi, jumladan 15 nafar jarroh ishtirok etgan.
Operatsiyadan so‘ng Gretarsson uzoq davom etadigan reabilitatsiya jarayonini boshladi. Dastlab yangi qo‘llarida sezgilar paydo bo‘la boshlagan, keyinchalik esa harakatlarni tiklash ustida muntazam fizioterapiya mashg‘ulotlari olib borilgan.
U vaqt o‘tishi bilan yangi qo‘llaridan foydalanishni bosqichma-bosqich o‘rgandi. Keyingi yillarda u kundalik ishlarni bajarish, mashina haydash va tishlarini yuvish kabi faoliyatlarni yangi qo‘llari yordamida amalga oshira olgani haqida ma’lum qilgan.
Gretarssonning operatsiyasi transplantologiya tarixidagi muhim tibbiy yutuqlardan biri sifatida qayd etilgan. U ikki qo‘l va yelkasi birgalikda transplantatsiya qilingan dunyodagi ilk bemor hisoblanadi.






























Izohlar 0
…