“O‘lmas meduza” haqiqatan ham mavjudmi? Olimlar hayratlanarli jonzot sirini o‘rgandi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Turritopsis dohrnii nomli meduza, o‘zining noyob qobiliyati tufayli «o‘lmas meduza» deb nomlanadi, chunki u stress holatlarida rivojlanish siklini teskari yo‘nalishda, ya’ni voyaga yetgan holatdan polip bosqichiga qaytara oladi.
- Olimlar bu jarayonda hujayralarning transdifferensiatsiya orqali qayta ixtisoslashishi muhim rol o‘ynashini aniqlaganlar va bu jarayon bir necha bor takrorlanishi mumkin.
Tabiatda qarish jarayonini go‘yoki ortga qaytara oladigan noyob jonzot mavjud. Uning nomi — Turritopsis dohrnii. Shu g‘ayrioddiy qobiliyati sababli u ilmiy adabiyotlarda va ommaviy axborot vositalarida «o‘lmas meduza» nomi bilan mashhur.
Mazkur meduza voyaga yetganidan so‘ng jarohatlanish, noqulay sharoit yoki qarish kabi kuchli stress holatlariga duch kelganda rivojlanish siklini teskari yo‘nalishda davom ettira oladi. Ya’ni u voyaga yetgan meduza holatidan yana polip deb ataladigan yoshroq rivojlanish bosqichiga qaytadi.
Bu jarayonda uning tanasi avval oraliq, sistaga o‘xshash bosqichga o‘tadi. Keyinchalik hujayralar va to‘qimalar qayta tashkil topib, polip shakliga keladi. Olimlar bu jarayonda hujayralarning bir turdan boshqa turga qayta ixtisoslashishi — transdifferensiatsiya muhim rol o‘ynashini aniqlagan.
Eng qiziq jihati shundaki, bu jarayon faqat bir marta sodir bo‘lishi bilan cheklanmaydi. Tadqiqotlarda Turritopsis dohrnii hayot siklini bir necha bor qaytarishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Shu sababli u qarish, regeneratsiya va hujayralarning qayta dasturlanishini o‘rganayotgan olimlar uchun qiziqarli organizm hisoblanadi.

Ammo «o‘lmas meduza» deganda u hech qachon o‘lmaydi, deb tushunmaslik kerak. U hayot siklini biologik jihatdan qayta boshlash qobiliyatiga ega bo‘lsa-da, tashqi ta’sirlar, masalan, yirtqichlar yoki boshqa xavflar sabab nobud bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib, Turritopsis dohrnii haqiqatan ham mavjud va uning hayot siklini «orqaga qaytarish» qobiliyati ilmiy jihatdan tasdiqlangan. Biroq «o‘lmas» degan nom uning mutlaq ma’nodagi abadiy hayotini emas, balki qarish va rivojlanish siklini qayta boshlashdagi noyob qobiliyatini anglatadi.






























Izohlar 0
…