date

Xitoy yosh mutaxassislar uchun yangi «K» toifasidagi vizani joriy etadi

Xitoy yosh mutaxassislar uchun yangi «K» toifasidagi vizani joriy etadi

1-oktyabrdan boshlab Xitoyda ilm-fan va texnologiya sohasida faoliyat yuritayotgan yosh xorijiy kadrlar uchun maxsus «K» toifasidagi yangi viza amaliyotga kiritiladi. Bu qaror avgust oyida Xitoy Davlat kengashi tomonidan qabul qilingani qayd etildi.

Yangi tizimning asosiy maqsadi xalqaro aloqalarni mustahkamlash, ilmiy va tadqiqot hamkorligini kengaytirish hamda yosh avlod uchun katta imkoniyatlar yaratishdan iborat. Viza egalariga avval mavjud bo‘lgan 12 turdagi vizalarga nisbatan ko‘proq imtiyozlar taqdim etiladi. Ularning orasida mamlakatga kirish soni cheklanmagan holda ko‘paytirilishi, amal qilish muddati uzaytirilishi va uzoqroq vaqt davomida qolish huquqi kabi afzalliklar bor.

«K» vizasi egalari ta’lim dasturlari, madaniy tadbirlar hamda ilmiy-texnik almashinuv loyihalarida ishtirok etishlari mumkin. Shuningdek, ular Xitoy hududida tadbirkorlik, ishbilarmonlik yoki startap loyihalarini amalga oshirish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.

Eng muhim yangiliklardan biri — ariza topshirish jarayonida xitoylik ish beruvchi yoki tashkilotdan taklifnoma talab qilinmasligi. Bu esa yosh mutaxassislar uchun hujjat topshirish jarayonini ancha yengillashtiradi va ortiqcha to‘siqlarni yo‘qotadi.

Migratsiya masalalari bo‘yicha mutaxassislar fikricha, yangi viza toifasining joriy etilishi Xitoyning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshiradi. Shu bilan birga, mamlakat yuqori texnologiyali yo‘nalishlarda dunyo bo‘ylab iqtidorli kadrlarni jalb etish markaziga aylanishi mumkin.

E’tiborli jihati, bu qaror AQSHda xorijiy mutaxassislarga tegishli H-1B viza dasturiga kiritilgan o‘zgarishlardan keyin amalga oshirilmoqda. Donald Trampning farmoniga ko‘ra, endi kompaniyalar har bir nomzod uchun 100 ming dollarlik yillik to‘lov amalga oshirishi shart.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy yosh mutaxassislar uchun yangi «K» toifasidagi vizani joriy etadi