date

Afg‘onistonda ayollarga erkak stomatolog xizmatidan foydalanish taqiqlandi

Afg‘onistonda ayollarga erkak stomatolog xizmatidan foydalanish taqiqlandi

Afg‘onistonning Qandahor shahrida “Tolibon” hukumati navbatdagi yangi cheklovni amalga oshirdi. Yangi qoidaga ko‘ra, endilikda ayollar stomatologiya muassasalarida faqatgina ayol shifokorlarga murojaat qilishi mumkin. Erkak stomatologlar xizmatidan foydalanish esa qat’iyan man etildi.

Xorijiy ommaviy axborot vositalari yozishicha, “Tolibon” vakillari bir nechta stomatologiya klinikalariga kirib, erkak shifokorlar tomonidan davolanayotgan ayollarni muassasadan chiqarib yuborgan. Ushbu qaror davlat va xususiy tibbiyot markazlariga ham birdek tatbiq etilgani aytiladi.

Ma’lumki, 2021-yilda “Tolibon” hokimiyatni egallagandan buyon mamlakatda ayollar huquqlari tobora keskin cheklanmoqda. Masalan, qizlarning maktab va oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi man etilgan, ko‘plab davlat idoralarida ishlash imkoniyati yo‘qqa chiqarilgan, shuningdek, ko‘ngilochar maskanlar va jamoat joylariga kirishi taqiqlangan.

Xalqaro tashkilotlar va inson huquqlari himoyachilari mazkur qarorni qattiq tanqid qilmoqda. Mutaxassislar bu cheklov ayollarning sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish huquqini buzishi, tibbiy yordamdan mahrum qolishi va jamiyatda gender tengsizlikni yanada kuchaytirishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

Ekspertlar fikricha, bu kabi cheklovlar nafaqat ayollarning shaxsiy erkinliklariga zarba bermoqda, balki butun mamlakatning ijtimoiy taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘onistonda ayollarga erkak stomatolog xizmatidan foydalanish taqiqlandi