Samolyotda pauerbank yonib ketdi: KLM reysi Amsterdamga qaytishga majbur bo‘ldi

2026 yil 17 sentyabr kuni Amsterdamdan Kyurasao tomon uchayotgan KLM aviakompaniyasining samolyotida pauerbank yonib ketdi. Hodisa biznes-klassda, parvoz boshlanganidan taxminan 5,5 soat o‘tgach sodir bo‘lgan.
RTL Nieuws ma’lumotlariga ko‘ra, pauerbank Niderlandiyaning sobiq transport vaziri va sobiq KLM rahbari Kamiel Erlingsga tegishli bo‘lgan. Hodisa vaqtida qurilma quvvat olayotgani haqida samolyotdagi yo‘lovchilardan biri xabar bergan. Erlings hodisa oqibatida yengil tan jarohati olgani aytilmoqda. KLM esa yo‘lovchining shaxsiy ma’lumotlarini tasdiqlamasligini bildirgan.
Yo‘lovchilardan birining aytishicha, dastlab kuchli portlashga o‘xshash ovoz eshitilgan, shundan keyin o‘rindiq yaqinida alanga paydo bo‘lgan. Bort ekipaji yong‘inni tezda nazoratga olgan va yo‘lovchilarni tinchlantirgan.
Hodisa sabab samolyot kapitani Atlantika okeani ustidan parvozni to‘xtatib, Amsterdamdagi Sxipxol aeroportiga qaytishga qaror qilgan. Reysda 322 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ular KLM hisobidan mehmonxonaga joylashtirilgan va ertasi kuni boshqa samolyotda Kyurasao tomon yo‘l olgan.
KLM qoidalariga ko‘ra, yo‘lovchilar pauerbank olib kirishi mumkin, biroq parvoz vaqtida undan foydalanish yoki uni quvvatlash taqiqlangan. Kompaniya hodisa yuzasidan surishtiruv olib bormoqda.
Kamiel Erlings 2007–2010 yillarda Niderlandiyaning transport vaziri bo‘lgan. Keyinchalik u Air France-KLM rahbariyatida ishlagan va 2013–2014 yillarda KLM prezidenti va bosh direktori lavozimini egallagan.






























Izohlar 0
…