Polshalik mashhur alpinist Anjey Bargiyel tarixda ilk bor Everest cho‘qqisiga hech qanday qo‘shimcha kislorodsiz ko‘tarilib, chang‘ida pastga tushishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
“Cho‘qqiga chiqish o‘zi ham nihoyatda mushkul bo‘ldi. Men ilgari bunday balandlikda bunchalik uzoq vaqt qolmaganman”, — deydi Bargiyel. “Qo‘shimcha kislorodsiz Everestdan chang‘ida tushish orzusi yillar davomida menda pishib kelgandi”.
Alpinistga 8000 metr balandlikdan yuqorida joylashgan “o‘lim zonasi”ni bosib o‘tish uchun qariyb 16 soat kerak bo‘ldi. Bu hududda havo shu qadar siyrakki, odamlar dengiz sathidagiga nisbatan atigi uchdan bir qism kislorod oladi. Natijada miya zararlanishi, o‘pkaga suyuqlik yig‘ilishi yoki o‘lim holatlari kuzatilishi mumkin.
Bargiyel avval 2019 va 2022 yillarda Everestni zabt etishga urinib ko‘rgan, biroq muvaffaqiyatsiz tugagan. Shuningdek, u 2018 yilda dunyodagi ikkinchi eng baland tog‘ — Pokistondagi K2 cho‘qqisidan chang‘ida tushgan birinchi odam sifatida ham tarixga kirgan edi.
Himolay ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, shu paytgacha 6000 dan ortiq odam dunyoning eng baland cho‘qqisiga chiqqan. Shulardan atigi 200 ga yaqin kishi qo‘shimcha kislorodsiz yuksalishga erishgan. Ayrimlar chang‘ida uchishga harakat qilgan, biroq bunday yuksak balandlikda kislorodsiz to‘liq tushish hech kimga nasib etmagan edi. Bargiyel esa buning uddasidan chiqdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!