Dunyoda qayerda yashash qiyin, qayerda esa xotirjam? Yangi reyting e’lon qilindi

Dunyoning qaysi shaharlarida yashash kundalik hayotda ko‘proq stress keltirib chiqaradi, qayerda esa odamlar nisbatan xotirjam hayot kechiradi? «Remitly» kompaniyasi 170 ta shaharni o‘rganib, eng stressli va eng tinch shaharlar reytingini tuzdi.
Tadqiqot davomida shaharlarning kundalik hayotga ta’sir qiluvchi beshta muhim jihati baholangan. Bular — yo‘l tirbandliklari, yashash xarajatlari, tibbiy xizmat sifati, jinoyatchilik darajasi va havo ifloslanishi. Har bir shaharga 10 ballik tizim asosida baho berilgan. Ball qancha yuqori bo‘lsa, shahardagi turmush sharoitlari shuncha stressli deb hisoblangan.
Eng stressli shaharlar
Reytingning birinchi pog‘onasidan AQSHning Nyu-York shahri joy oldi. U 7,56 ball to‘plab, dunyoning eng stressli shahri deb topildi. Ikkinchi o‘rinni 7,55 ball bilan Irlandiya poytaxti Dublin egallagan. Kuchli uchlikka esa Mexiko shahri kirdi.
Shuningdek, Manila, London, Milan, Turin, Afina va Kalkutta ham stress darajasi yuqori bo‘lgan shaharlar qatoridan joy oldi.
Tadqiqotda Dublindagi yo‘l tirbandliklari alohida muammo sifatida qayd etilgan. Masalan, shaharda avtomobilda 10 kilometr masofani bosib o‘tish o‘rtacha 32 daqiqa vaqt oladi. Taqqoslash uchun, o‘rganilgan barcha shaharlar bo‘yicha bu ko‘rsatkich o‘rtacha 21 daqiqani tashkil etgan.
Eng tinch shaharlar
Reytingning qarama-qarshi tomonida esa Niderlandiyaning Eyndxoven shahri turibdi. U 2,34 ball bilan dunyoning eng tinch shahri deb e’tirof etilgan. Keyingi o‘rinlarni Niderlandiyaning Utrext shahri va Avstraliya poytaxti Kanberra egallagan.
Eng tinch shaharlar o‘ntaligida Niderlandiyaning jami to‘rtta shahri — Eyndxoven, Utrext, Groningen va Rotterdam bor. Norvegiyaning Tronxeym va Bergen, shuningdek, Avstraliyaning Kanberra va Brisben shaharlari ham ushbu ro‘yxatga kiritilgan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…