Qirg‘izistonda dunyodagi eng uzun 732 metrlik shisha ko‘prik quriladi

Qirg‘izistonda sayyohlarni hayratga solishi kutilayotgan yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Mamlakatdagi «Ala-Archa» milliy bog‘ida uzunligi 732 metr bo‘lgan osma shisha ko‘prik barpo etish rejalashtirilgan. Ushbu inshoot dunyodagi eng uzun shisha ko‘prik sifatida Ginness rekordlar kitobiga kiritilishi mumkin.
Milliy bog‘ ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, Qirg‘iziston Prezidenti Ish boshqarmasi tomonidan loyihaning dastlabki eskizlari taqdim etilgan. Shuningdek, qurilish ishlarini amalga oshirishga mas’ul Yevropa kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilgan.
Rejaga muvofiq, qurilish ishlari joriy yil noyabr oyida boshlanadi. Loyihani to‘liq yakunlash va ko‘prikni sayyohlar uchun ochish 2027 yilning oxiriga mo‘ljallangan.
Yangi inshoot yirik sayyohlik majmuasining muhim qismiga aylanishi kutilmoqda. Ko‘prik yaqinida Tepshi platosidan Teke-Too tog‘i va mahalliy sharsharagacha olib boruvchi ekologik sayyohlik yo‘lagi ham tashkil etiladi.
Qayd etish joizki, «Ala-Archa» milliy bog‘ida sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish ishlari ham davom etmoqda. Bu yerda osma dor yo‘li ishga tushirilgan, dam olish maskanlari qurilgan. Shuningdek, besh yulduzli mehmonxona barpo etish ishlari yakunlanish arafasida.
Ma’lumot uchun, «Ala-Archa» davlat tabiat bog‘i Bishkek shahridan 30–40 kilometr janubda, Qirg‘iziston tizmasining shimoliy yonbag‘rida joylashgan. 1976 yilda tashkil etilgan mazkur maskan baland tog‘lari, betakror manzaralari va tabiiy go‘zalligi bilan sayyohlar hamda alpinistlarni o‘ziga jalb qilib keladi.
732 metrlik shisha ko‘prik qurib bitkazilsa, Qirg‘izistonning eng diqqatga sazovor turistik obyektlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…